Mudhish jinoyatga qo‘l urgan kuyov 6 yilga qamaldi
![Mudhish jinoyatga qo‘l urgan kuyov 6 yilga qamaldi](https://static.xabaruz.com/crop/2/7/920__95_2717862900.jpg)
Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudida ko‘rilgan jinoyat ishida aybdor deb topilgan 24 yoshli fuqaro 6 yil muddatga qamaldi.
Bildirilishicha, aybdor F.J. 2020-yilda ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan 1 yilu 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari bilan jazolangan.
Jazo muddatini o‘tab chiqib, oradan bir yilcha vaqt o‘tgach, 2023-yilda qo‘shni mahalladan uylangan F.J. turmush o‘rtog‘i R.J. bilan ham tez-tez kelishmovchilikka borib turgan. Oilaviy janjallar sabab R.J. onasi O.Sh.ning xonadoniga arazlab ketib qoladigan odat chiqargan. Shunday holat oradan bir yil vaqt o‘tib, o‘g‘il farzandli bo‘lishgach ham yuzaga kelgan.
Bu gal onasining uyiga arazlab ketgan R.J.ni qaytarib o‘z xonadoniga olib kelish maqsadi bilan borgan F.J. qaynonasi va qaynotasining qarshiligiga duch kelgan. Ikki o‘rtada haqorat va janjal boshlangan.
Jahllangan kuyov qaynonasi O.Sh.ning ularning oilaviy ishlariga doimiy aralashaverishidan charchaganini do‘q-po‘pisa bilan aytgan. Jahl ustida hovlidagi krovat ustida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan unga tashlangan. Pichoqni avvaliga qaynonasining qorin qismiga, keyin chap bo‘yin sohasi, chap yelka sohasi, so‘ngra o‘ng yelka sohasiga zarb bilan urgan. O.Sh.ning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan harakatini yana davom ettirmoqchi bo‘lganida, qaynotasi va otasi tomonidan ushlab qolingan.
Og‘ir tan jarohati olgan qaynona tuman markaziy shifoxonasida ichki va tashqi qon yo‘qotishi oqibatida vafot etgan.
Sud hukmiga ko‘ra, jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ayblangan F.J. 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter