Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentlikka nomzodlar tomonidan qanday iqtisodiy tashabbuslar ilgari surilmoqda?

Prezidentlikka nomzodlar tomonidan qanday iqtisodiy tashabbuslar ilgari surilmoqda?

Joriy yilning 25 iyun va 2 iyul kunlari beshta siyosiy partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan 4 nafar nomzod vakillari o‘rtasidagi teledebat efirga berildi. Ta’kidlash joizki, nomzodlarning vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mazkur teledebat keng jamoatchilik orasida, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Albatta, bunday ko‘rsatuvlarning tashkil etilishi birinchi navbatda saylovchilarning nomzodlar to‘g‘risida kengroq ma’lumotlarga ega bo‘lishiga olib kelsa, ikkinchidan, nomzodlar jamiyatning muammolarini qanchalik ichiga kira olganligi hamda mazkur muammolarni yechishga bo‘lgan tashabbuslari bilan yaqindan tanishishga imkoniyat yaratadi. Bu esa nomzodlar o‘rtasida raqobatga hamda saylovchilarning kimga ovoz berish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishiga yordam beradi.

Shu nuqtai nazardan, 25 iyundagi teledebat «O‘zbekistonda iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish» masalalariga bag‘ishlangan bo‘lsa, 2 iyul kungi teledebatda «Davlat va jamiyat qurilishini demokratlashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini isloh qilish» sohasidagi muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslar borasida muhokamalar bo‘lib o‘tgani muhim. Mazkur muhokamalarda barchani qiziqtirgan asosiy masalalardan biri — ijtimoiy-iqtisodiy masalalardir.

Biz mazkur teledebatlarda siyosiy partiyalardan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarning dasturlaridagi muhim iqtisodiy tashabbuslar, ilgari surilayotgan takliflarning ayrim jihatlarini quyidagi mulohazalarimizda imkon qadar ochib berishga harakat qilamiz.

Xususan, Xalq demokratik partiyasi (XDP) tomonidan ko‘rsatilgan nomzodning dasturida iqtisodiy masalalar ko‘proq ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik tamoyillarini ilgari surish orqali hal etishga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Aholining muammolarini yechishda ijtimoiy himoya tizimini joriy etish, fuqarolarning bandligini ta’minlash hamda ularni ishsizlikdan himoya qilishga ustuvorlik berilgan.

Nomzodning dasturida jamiyatdagi iqtisodiy muammolarni yechishda «Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti» mehanizmlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur partiya mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda xorijiy investorlar bilan birga mahalliy investorlarga ham katta e’tibor berish tashabbusini ilgari surmoqda. Shu bilan birga «Iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish» g‘oyasi tarafdori ekanligini ko‘rishimiz mumkin.   

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning vakillari o‘tkazilgan teledebatda mamlakatning iqtisodiy muammolarini hal etish uchun yalpi ichki mahsulotni (YaIM) 2030 yilga borib ikki barobarga oshirish yoki 160 mlrd. AQSh dollariga yetkazish maqsad etib belgilanganiga e’tibor qaratildi. Buning uchun kelgusi yetti yil ichida iqtisodiyotga 250 mlrd. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Mamlakatning iqtisodiy qudratini yanada oshirishda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish nomzodning saylovoldi dasturidagi asosiy tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etildi.

Tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga ustuvorlik berilishi hamda har bir tumanda kamida 1000 tadan yangi ish o‘rni yaratish ham O‘zLiDeP partiyasining asosiy takliflaridan biridir. Yana bir muhim jihati mazkur partiya ham kelgusida O‘zbekistonni ijtimoiy davlatga aylantirish bosh maqsadi ekanligini mazkur teledebatlarda yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi («Adolat» SDP) tomonidan ham jamiyatdagi iqtisodiy masalalarni yechishda bir qator aniq masalalar ilgari surildi. Partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturida fuqarolik jamiyatini qurishning sotsial-demokratik modeli tavsiya etilmoqda. Mazkur modelni joriy etish asosida barcha sohalarda ijtimoiy adolatni qaror toptirish tamoyilini amaliyotga joriy etish asosiy tashabbuslardan biri sifatida taqdim etildi.

Shu bilan birga iqtisodiy muammolarni hal etishda soliq yuki va ma’murchiligini takomillashtirish, yashirin iqtisodiyotni keskin qisqartirish kabi takliflar ilgari surildi. Yana bir muhim tashabbus: raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarni daromadlariga progressiv soliq tizimini joriy etish hamda hududlarni rivojlantirishga ustuvorlik berish asosiy vazifalardan biri sifatida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasining (Ekologik partiya) dasturida iqtisodiy muammolarning ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tilgan. Debatlarda partiya tomonidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodning vakili jamiyatdagi iqtisodiy muammolarni hal etishda birinchi navbatda «Yashil taraqqiyot uchun» tamoyilini amaliyotga tezroq joriy etishni taklif etdi.

Buning uchun «Yashil iqtisodiyot»ga o‘tishni yanada jadallashtirish orqali farovon jamiyatni barpo etish muhim ekanligini alohida ta’kidlandi. Ekologik partiya tomonidan ilgari surilgan tashabbuslardan eng muhimlari – qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda energetika xavfsizligini ta’kinlash bo‘yicha berilgan takliflardir, nazarimizda.

Xulosa qilib aytganda, XDP, O‘zLiDeP hamda «Adolat» SDP tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlaridagi ijtimoiy davlat tamoyillarini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar mazmunan bir-biriga o‘xshaydi. Ayrim masalalarda esa jiddiy farqlar ham mavjud.

Shu nuqtai nazardan, teledebatlarda jamiyatda mavjud muammolarni hal etishdagi aniq mexanizmlar va ularni ishlashi bilan bog‘liq masalalarga izoh berish,  aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan masalalar, xususan, ijtimoiy va iqtisodiy hayotda muhim o‘zgarishlarga olib keladigan tashabbuslarning ahamiyati, ularga xolis baho berish imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim, deb o‘ylaymiz. Shundagina teledebatlar orqali saylovchilar iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning eng muhim muammolari bilan bog‘liq savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Nodirbek Rasulov,
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring