Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ta’lim, tadbirkorlik va matbuot – Prezidentlikka nomzod muhim masalalarga to‘xtaldi

Ta’lim, tadbirkorlik va matbuot – Prezidentlikka nomzod muhim masalalarga to‘xtaldi

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova parlamentarizm va parlament demokratiyasini yanada rivojlantirish yo‘lida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif etdi:

- tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha xarajatlar yuklaydigan barcha qoidalarni faqat qonunlar orqali qabul qilinishiga erishish;

- qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish, bu borada parlament qo‘mitalari ishini kuchaytirish;

- parlament faoliyatida tadbirkorlik sub’yektlari ishiga aralashmaslik, ularga oid masalalarni ijro organlaridan talab qilish;

- deputatlarning ish vaqtining yarmini o‘z saylovchilari yonida o‘tkazishini belgilovchi tartibni joriy etish.

Prezidentlikka nomzod shu bilan birga ta’lim sohasiga to‘xtalarkan, markazdan uzoq qishloqlarda yashab, a’lo baholar bilan o‘qigan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan, kam ta’minlangan iqtidorli yoshlarning davlat hisobidan oliy ta’lim olishi kafolatlanishini ta’kidlab o‘tdi. «Jamiyatdagi ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar, har bir insonga oliy ma’lumot olish imkoniyatini kengaytirish lozim deb hisoblaymiz», – dedi u.

Shuningdek, Robaxon Mahmudova sud va huquqni muhofaza qiluvchi organdan «qochish» stereotipini tubdan o‘zgartirish kerakligini aytib o‘tdi.

Biz bugungi kunda shunday madaniyat shakllantirishimiz kerakki, toki hech bir inson u yoki bu huquqbuzarlikni guvohi bo‘lsa, uni ko‘rmaganga olmasligi, balki huquqni muhofaza qiluvchi organga xabar qilish sharafli fuqarolik burchi ekanligini anglashi lozim.

Buning uchun huquqbuzarlikka guvoh bo‘lgan odamni sud va tergov organlariga ovora qilib chaqiravermasdan, zamonaviy raqamli texnologiyalardan keng foydalanish va ularni rag‘batlantirish kabi usullardan foydalanish masalalari ham saylovoldi dasturimizdan o‘rin olgan, – dedi Robaxon Mahmudova.

Prezidentlikka nomzod shuningdek o‘z chiqishlari davomida matbuot sohasiga ham alohida e’tibor qaratdi.

OAV mustaqilligi va erkinligi, jurnalistning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni yanada kengaytirish muhim vazifalardan biridir.

Bu borada Dasturimizda mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarning ochiq va oshkoraligini ta’minlashda OAVning faolligini oshirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan, – dedi Robaxon Mahmudova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring