Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdushukur Hamzayev mamlakatda benzinda yuradigan avtomobillarni sotishni taqiqlash tashabbusini ilgari surdi

Abdushukur Hamzayev mamlakatda benzinda yuradigan avtomobillarni sotishni taqiqlash tashabbusini ilgari surdi

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Ekologik partiyaning IV s’yezdida partiya yetakchisi Abdushukur Hamzayevni prezidentlikka nomzod etib tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Yig‘ilishda, shuningdek, nomzodning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘yicha dasturi tasdiqlandi.

Nomzodning saylovoldi dasturida mamlakatda iqtisodiyotni isloh qilishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, pestitsidlardan foydalanishdan voz kechishga yo‘naltirilgan «Yashil O‘zbekiston — 2030» dasturini, tarmoqlar va hududlarning «yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi»ni ishlab chiqish, «Yashil viza» dasturini joriy etish, yuk tashishni yirik mashinalardan temiryo‘llarga o‘zgartirishga qaratilgan choralarni amalga oshirish ko‘zlanmoqda.

Ijtimoiy sohada davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish kabilar rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bir martalik ishlatiladigan plastik va polietilen tarkibli idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish, elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirishni taqiqlash, 2030 yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillarni sotishni hamda chetda olib kirishni taqiqlash kabi tashabbuslar ilgari surilgan.

Dasturda, shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini isloh qilishda ekologik qonunchilikni kodifikatsiya qilish orqali Ekologiya, Suv, O‘rmon kodekslarini qabul qilish, ekologik sug‘urtalash tizimini rivojlantirish, ekolog-huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish kabilar ham taklif etilgan.

Davlat va jamiyat qurilishi sohasida esa ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan «Barqaror ekologik rivojlanish strategiyasi»ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan «Yashil energetika strategiyasi»ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan milliy dasturni ishlab chiqish, qator xalqaro hujjatlarga a’zo bo‘lish kabi takliflar ham belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring