«Tilni zo‘r biladi, lekin badiiy kitob o‘qimaydi» yoxud tarjimonlik shunchaki oddiy ish emasligi xususida
![«Tilni zo‘r biladi, lekin badiiy kitob o‘qimaydi» yoxud tarjimonlik shunchaki oddiy ish emasligi xususida](https://static.xabaruz.com/crop/8/0/920__95_806926990.jpg)
Ketma-ket tarjima qilinayotgan asarlarning, tarjimonlarning ko‘payib borayotganini ko‘rib ayrim mulohazalar tug‘ildi. Tarjimonning ko‘paygani yaxshi, chunki kitob ko‘payadi, turli xalqlar madaniyati, tarixini yanada kengroq va chuqurroq o‘rganamiz. Ammo masalaning ikkinchi tomoni bor. Bu saviya masalasi, asar tarjimasiga, tarjimonning o‘z o‘ziga qo‘ygan talab masalasi... Tarjimonlik – qora mehnat deb bejiz aytishmagan. Avvalo, tarjimon bo‘lish uchun insondan sabr talab qilinadi. Shuningdek, u yaxshigina kitobxon, tafakkuri boy, dunyoqarashi keng bo‘lishi lozim, o‘zi ham qalam tebratib turadigan ijodkor bo‘lsa yana yaxshi. Bizda bu borada ustoz-shogirdlik an’anasida uzilish seziladi. Katta tarjimon darg‘alarimiz va yoshlar o‘rtasida ko‘prik yo‘q. Yoshlar badiiy tarjimonlik san’atini qayerda o‘rganishlari mumkin? Bu savol javobsiz, nazarimda. Menga ko‘plab yosh tarjimonlar murojaat qiladi, ular ilk bora qilgan tarjimalarini kimga ko‘rsatishni, qayerga yuborishni bilmaydilar. Ko‘pchiligining til bilish darajasi zo‘r, sertifikatlari borligini aytishadi. Oddiy matnlarni tarjima qilib berishadiyu, lekin badiiy parchalarni bersam, uddalay olishmaydi. «Nima uchun qilolmayapman, deb so‘rashadi. Axir hamma so‘zlarning o‘zbekchasini bilaman, lekin o‘shani o‘zbekcha kelishtirib bera olmayman», deyishadi. «Qanday o‘rgansam bo‘ladi, menga o‘rgating, deb aytishadi». Tarjimonlik o‘rgatib qo‘yadigan narsa emas, chunki tarjimonlikka ham iste’dod kerak, xuddi yozuvchi yoki shoirga beriladigan iqtidordek. Tarjimonga ham shunday xususiyat zarur. Keyin so‘rayman, qanday badiiy kitoblar o‘qigansiz? Klassik asarlar o‘qiysizmi, desam, yo‘q, degan javobni olaman, ya’ni ko‘pchilik kitob o‘qimaydi. Ular faqat tilga e’tibor beradi, «Tilni zo‘r bilsam, zo‘r tarjimon bo‘laman», deb o‘ylashadi. Lekin yosh tarjimonlarning aksariyati badiiy asar o‘qimagani yoki kam mutolaa qilgani uchun zo‘r asarni ham «aynitib» tarjima qiladi. Masalan, men ham o‘n sakkiz yildan beri tarjimonlik qilaman, lekin o‘zim istagan darajaga yetib bora olganim yo‘q.
Hali o‘zbekchaga o‘girilmagan qancha yaxshi asarlar bor. Har bir o‘zini hurmat qilgan tarjimon o‘ziga savol beradi: «Ushbu kitobni tarjima qilishga ma’naviy haqqim bormi?»
Menga ham ko‘p takliflar keladi, katta-katta buyuk yozuvchilarning asarlarini tarjima qilishimni so‘rashadi. Men esa hali bunga tayyor emasman, deyman. Chunki rostdan ham uni maromiga yetkazib tarjima qilib berish juda qiyin masala. Agar siz uni yengil yoki o‘zingiz xohlaganingizdek tarjima qilib qo‘ysangiz, bu yozuvchi uchun ham, o‘zbek kitobxonlari uchun ham muallif darajasini tushiradi va sizga bo‘lgan hurmat kamayadi. Telegramdan falon kitobni rasmini jo‘natishadi. «Shu zo‘r, klassik asarni tarjima qilishni boshlayapman, nima maslahat berasiz?», deb so‘rashadi. Surishtirsangiz, ular hech bo‘lmasa bitta jurnalda kichik tarjimasi chiqmagan havaskorlar bo‘ladi. Men esa ko‘pincha ularni bu ishdan qaytaraman: «Hali o‘sishing kerak, ko‘proq o‘qi, tilni mukammal bilarsan, ammo bu yetarli emas, avval kichik hikoyalarni tarjima qilib ko‘r, katta asarga hali mavridi keladi». Ammo ayrim uchar nashriyotlar arzon-garovga shunday havaskor tarjimonlarni ishlatib, kitoblarni bosib, sotib yotishibdi. Varaqlab ko‘rsangiz, falon buyuk adib shunaqa g‘aliz asar yozgan ekanmi, deb o‘ylaysiz. Axir hamma ham asliyatda o‘qiy olmaydi. Tarjima mukammal bo‘lsa, adibga ham, mutarjimga ham hurmat yog‘iladi.
Xulosa qilib aytsak, bo‘lajak tarjimonlar: avvalo o‘zbek tilini o‘rganing, o‘zbek tiliga tarjima qilingan sara asarlarni ziyrak nigoh bilan o‘qing. Keyin chet tillarini o‘zlashtiring, asliyatda asarlar o‘qing, solishtiring. Tajriba uchun mashqlar qiling, ularni shu sohadagi tajribali insonlarga o‘qitib ko‘ring, maslahatlarini oling, tanqiddan cho‘chimang, o‘z ustingizda ishlang...
Nodira Ibrohimova, tarjimon
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter