Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Men tugatgan kitob: «Uchdan keyin kech»

Men tugatgan kitob: «Uchdan keyin kech»

foto: xabar.uz

Dunyoda 7 milliardga yaqin odam ichida jinoyatchilar, axloqi buzuqlar, turli xil salbiy xarakterli kimsalar son-sanoqsiz. Sizningcha, ular onasining qornidan shunday tug‘ilishganmi? Yo‘q, albatta. «Hech bir bola o‘tkir zehnli yoki nodon bo‘lib tug‘ilmaydi... Yangi tug‘ilgan chaqaloqning miyasi toza qog‘oz kabidir...»

Agar farzandingizga vaqt ajratmay, unga noto‘g‘ri tarbiya beradigan bo‘lsangiz, uni o‘z holiga tashlab qo‘yib, haddan ortiq erkalatib o‘stirsangiz, qarovsiz qoldirsangiz ertaga buning oqibatlarini nafaqat o‘z oilangizda, balki ko‘cha-ko‘yda, jamiyat ichida ham ko‘rishga majbur bo‘lasiz.

Barcha bolalar to 3 yoshga yetgunicha tashqi dunyoni o‘rganishga, unga ma’sul odamlarning yo‘l-yo‘riqlari bilan yashashga harakat qiladi. Ammo ana shu dastlabki 3 yilning qanday o‘tishi uning keyingi hatti-harakatlarini belgilab berar ekan.

Yaponiyalik Masaru Ibuka aynan shu fikrni «Uchdan keyin kech» kitobida ilgari surib, chaqaloqlarni to 3 yoshga qadam qo‘ygunicha qanday tarbiyalash lozimligi haqida tavsiyalar beradi.

Mazkur kitob aslida 1971-yilda yozilgan. O‘zbek tiliga esa 2019-yilda tarjima qilinib, nashr etildi. Ammo oradan 50 yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, muallifning fikrlari eskirmaganini ko‘ramiz.

Ibukaning fikricha:

«....tarbiyaga oid tayyor formulalar yo‘q. Har bir bola individualdir».

«Aqllimisan yoki yo‘qmi, bu naslga bog‘liq emas. Barcha narsa o‘z hatti harakatingga bog‘liq»

«Uch yoshgacha asosan miyaning orqa qismi shakllanadi». Aynan shu davrda uning miyasidagi oppoq qog‘ozga to‘g‘ri yozish muhim.

Go‘daklar gapira olmagani uchun ko‘pincha ota-onalar ularning tilini tushinishmaydi yoki anglashga harakat qilishmaydi. Aslida esa chaqaloqlar ikki oydan keyin hamma narsani his qilib, seza boshlaydi:

«Bola tug‘ilgach bir necha oydan keyin onasining tovushini, to‘rt oydan keyin esa o‘z ismini taniy boshlaydi»

Ular hatto ota-onasining salbiy kayfiyatini ham sezishar ekan. Ibukaning kitobida:

«Ota-onaning asabiyligi yuqumlidir. Chaqaloq ota-ona o‘rtasidagi janjalni his qiladi va unga salbiy ta’sir qiladi» degan fikr ham bor.

U bolalarga uch yoshgacha qattiqqo‘l bo‘lib, uch yoshdan keyin xuddi katta odamlardek munosabatda bo‘lishni tavsiya qiladi. Chunki:

«Ikki uch yoshda bolada shaxsiy g‘urur hissi shakllanadi va u o‘z menini himoya qilishga tayyor bo‘ladi. U o‘z ota-onasini eshitmaydi. Uni qanchalik ko‘p koyishsa va jazolashsa, shunchalik ko‘p itoatsiz va injiq bo‘lib boradi… »

«Bola hali yoshiga yetmagan davrda qattiqqo‘llikni qattiqqo‘llik deb his qilmaydi»

Bolalar yurishni va gapirishni o‘rgana boshlaganidan so‘ng ularning tashqi dunyoga bo‘lgan qiziqishi ortadi. Va ular har bir rangli narsaga, qimirlayotgan narsaga intila boshlaydi.

Uning asosiy buyumlari o‘yinchoqlar bo‘ladi.

Ammo Ibukaning fikricha:

«O‘yinchoqlarning haddan ziyod ko‘pligi bolada parishonxotirlikni paydo qiladi». Bolada o‘yinchoqlar kam bo‘lsa, unda diqqat-e’tibor o‘tkirlashib, yaratuvchanlik qobiliyatlari paydo bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.

Olimning fikricha bolalarga go‘dakligidayoq klassik musiqa eshittirish, 3 yoshga to‘lganida she’r yodlatish, oq qog‘ozga turli rasmlar chizdirish foydalidir. Bu ularning tasavvurlarni kengaytirib, ijodkorlik qobiliyatlarini shakllantirar ekan.

Albatta bolani hech nimaga majburlash kerak emas:

«Majburlash – o‘qitishning eng yomon usuli».

Buning uchun bolaning nimaga qiziqishini sinab ko‘rish kerak.

«Go‘daklardagi taassurotlar bolaning kelajakdagi fikrlash va harakatlanish tarzini belgilaydi».

Kamdan kam hollarda bolalardagi daholik qobiliyati bolalikdanoq namoyon bo‘ladi. Masalan:

«Da Vinchi yoshligida shiftda uchayotgan alvastilar va u yerdagi yoriqlar, dog‘lar orasida qimirlayotgan maxluqlarni ko‘rgan».

«Motsart 6 yoshida birinchi konsertini bergan».

«Navoiy 5 yoshida Attorning «Mantiq ut-tayr»  kitobini, Ibn Sino va Beruniylar esa 6 yoshidayoq «Qur’on»ni yod olishganini o‘qiganmiz.

Ammo nega Gitler, Mussolini, Stalin kabi diktatorlar kelajakda butun bir xalqlarga nisbatan genotsid uyushtirishdi. Olimlarning fikricha:

«O‘smirlar tomonidan sodir etilgan tartibbuzarliklar ularning go‘daklik davrlarini baxtsiz oilalarda o‘tkazganligini ko‘rsatadi».

Gitlerning bolaligi qanday bo‘lganini ham bilsangiz kerak. Agar uning rassomlik iste’dodi o‘z vaqtida shakllantirilganida dunyo yana bir buyuk rassomga ega bo‘lardi... Ammo yosh Adolfning kelgusida nafratli insonga aylanishiga ota-onasining zolimligi ham sababchi bo‘lgan.

Otasi Alois Gitler Adolfni tez-tez jazolagan va uning mustaqil shaxs sifatida shakllanishiga to‘siq bo‘lgan. Onasi Klara esa unga mehribon bo‘lsa-da, bolasiga haddan tashqari himoyaviy munosabatda bo‘lgan. Bu Gitlerning shaxsiy xarakteriga ta’sir qilib, u yoshligidanoq yolg‘izlikka moyil bo‘lgan.

Ibukaning kitobida bunday tavsiyalar va misollar juda ko‘p.

«Go‘dakni o‘z xohish irodasiga qarshi qo‘ymang».

«Bolalar bilan bolalar tilida gaplashmang».

«Farzandingizni boshqalar oldida masxara qilmang».

«Bolaga haddan ziyod cheklov qo‘ymang».

«Bolangizni urishdan ko‘ra, rag‘batlantirish foydaliroq».

.... Shu va shu kabi misollarni kitobdan topasiz.

Qiziqchi Xojiboy Tojiboyev aytganiday, bolaga molsan, desangiz, mendan hech narsa chiqmas ekan, deb yuraveradi deganida haq edi.

Napoleonni bolaligida: «Janob, turing! Sizni buyuk ishlar kutmoqda», deb uyg‘otishgani ham to‘qima emas. Bolaga qilingan munosabat ko‘p narsani belgilab beradi.

Xulosa o‘rnida aytishim kerakki, bola tarbiyalash haqida yuzlab kitoblar bor. Ularning har biridan nimadir olish mumkin. Chunki dunyodagi eng mas’uliyatli ish bu – farzandni to‘g‘ri tarbiyalashdir. Unga amal qilish har kimning shaxsiy tanlovidir...

                                                                                                             Temur Tangriberganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring