Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yil boshidan nima uchun bu kitobni o‘qishingiz kerak?

Yil boshidan nima uchun bu kitobni o‘qishingiz kerak?

Foto: Shutterstock

Yetakchi ekspertlardan biri Jeyms Klir «Atom odatlar» kitobi haqida shunday deydi: «Inson xulq-atvori doimiy ravishda, har daqiqada bir vaziyatdan boshqasiga o‘tganda o‘zgarib turadi, ushbu kitob esa inson tabiatining o‘zgarmaydigan jihatlariga, xulq-atvorning asoslariga bag‘ishlangan. Yaxshiroq odatlarni shakllantirishda yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘l yo‘q, ammo men kitobda o‘zim biladigan eng yaxshi yo‘lni keltirganman. O‘zgarishlarni qayerdan boshlashingiz yoki nimani o‘zgartirmoqchiligingizdan qat’iy nazar undagi tavsiyalardan foydalanish samara beradi. Kitobda keltirilgan g‘oyalar moddiy ahvolni o‘nglash, ish samaradorligini oshirish, insoniy munosabatlarni yaxshilash yoki yuqoridagilarning barchasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan inson uchun qiziqarli bo‘ladi. Inson xulq-atvori to‘g‘risidagi kitob hamma uchun qimmatli qo‘llanmadir...»

Ushbu kitobni o‘qigan juda ko‘pchilik hayoti yaxshi tomonga o‘zgarganini bot-bot aytishadi. Chunki aynan shu kitobda odatlarni qanday tartibga solish haqida qimmatli maslahatlar beriladi, hayotiy misollar keltiriladi.

«Odatlarimizni o‘zgartirishning natijasini samolyot yo‘nalishini bir necha gradus burishga qiyoslash mumkin... Shu singari kundalik odatlarning biroz o‘zgarishi natijasida hayotimiz butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin. Yaxshi yoki yomon tomonga bir foiz og‘ish dastlab ahamiyatsiz bo‘lib tuyuladi, ammo umrimiz davomida bunday onlar jamlanib kim bo‘lishimiz mumkinligi va aslida qanday odam bo‘lganimiz o‘rtasida ulkan farqqa sabab bo‘ladi. Muvaffaqiyat hayotda bir marta bo‘ladigan hodisa emas, balki kundalik odatlar natijasidir.»

Darhaqiqat, ko‘pchilikning biror sohada muvaffaqiyatga erishishi yoki erishmaganligi uning kundalik odatlariga bog‘liq. Masalan yozuvchining har kuni yozishi, vazn tashlashni xohlagan odam har kuni sport bilan shug‘ullanishi vaqt o‘tibgina o‘z mevasini beradi. Ayniqsa kitobdagi mana bu fikrlar moliyaviy savodxonlikni oshiraman, degan har bir insonni befarq qoldirmaydi: «Agar millioner bo‘la turib, daromadingizdan ko‘ra xarajatingiz ko‘proq bo‘lsa, demak noto‘g‘ri yo‘ldasiz. Pul sarflash odatingizni o‘zgartirmasangiz buning oxiri baxayr bo‘lmaydi. Aksincha hozirda ishlaringiz unchalik yurishmayotgan bo‘lsa ham, har oy oz-ozdan pul jamg‘arib borsangiz, demak to‘g‘ri yo‘ldasiz, garchi orzuingizdagidan sekinroq harakat qilayotgan bo‘lsangiz ham, oxir-oqibat moliyaviy mustaqillikka erishasiz.»

Kitobdagi eng muhim e’tibor qaratadigan jihat odatlarni o‘zgartirish xulq-atvorga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqidagi tahlillar. Muallif xulq-atvordagi o‘zgarishning uch qatlamini sanab o‘tadi: natijalarni o‘zgartirish, jarayonni o‘zgartirish va shaxsiyatni o‘zgartirish. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, inson yomon odatlardan voz kechib, yaxshi odatlarni o‘zlashtirsa uning shaxsiyati rivojlanadi, ya’ni yetuklik sari qadam qo‘yadi. Xo‘sh odatlar shaxsiyatni qanday shakllantiradi?

«Misol uchun chekishni tashlashga harakat qilayotgan ikki kishini tasavvur qiling. Tamaki taklif etilganda ulardan biri: «Yo‘q, raxmat men chekishni tashlamoqchi bo‘lib yuribman», deb javob beradi. Javob maqtovga loyiq, ammo bu odam garchi odatlarini o‘zgartirishga urinayotgan bo‘lsa ham, o‘zini hali ham kashanda deb hisoblaydi. U qarashlarini o‘zgartirmagan holda xulq-atvoriga o‘zgartirish kiritmoqchi. Ikkinchi odam esa yuqoridagi taklifga «yo‘q raxmat, men chekmayman», deb javob qaytaradi. Ikkala javob o‘rtasida farq unchalik katta emas, ammo ikkinchi insonning gapida shaxsiyat o‘zgargani bilinib turadi. Tamaki chekish qachonlardir ushbu odam shaxsiyatining bir qismi bo‘lgan, ammo ortiq bunday emas, endi u o‘zini kashanda deb hisoblamaydi...

Xullas «Xulq-atvorni o‘zgartirishning asl usuli o‘zlikni o‘zgartirishdir. Biror narsadan motivatsiya olib qandaydir odatni boshlashingiz mumkin, biroq ushbu odat shaxsiyatingizning bir bo‘lagiga aylangandagina ularga sodiq qolasiz. Har qanday odam o‘zini bir-ikki marta sport zaliga tashrif buyurish yoki sog‘lom ovqatlanishga majburlashi mumkin. Biroq toki xulq- atvor ortidagi qarashlar o‘zgarmas ekan, boshlangan ishni uzoq davom ettirish qiyin kechadi. Toki o‘zlingizga singib ketmas ekansiz, barcha o‘zgarishlar vaqtinchalik bo‘ladi, ya’ni maqsad kitob o‘qish emas –kitobsevarga aylanish, maqsad marafonda qatnashish emas, balki yaxshi yuguradigan sportchiga aylanish, maqsad biror bir musiqa asbobini o‘rganish emas, balki musiqachi bo‘lishdir...»

Nima uchun ushbu kitobni o‘qishni shu kunlarda boshlash kerak? Sababi yangi yil boshlandi, yangi rejalar tuzayotgandirsiz, aynan ushbu kitob rejalaringizni amalga oshirishga, maqsadlaringiz yo‘lida sobitqadam bo‘lishga mayoq bo‘lishi shubhasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring