Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Murod Rajabovning sahnadagi birinchi muhabbati (video)

Aktyor Murod Rajabovni xotirlab...

Oq buloqni izladim, qora buloq duch keldi!...
Qora buloq suvidan ichdim yoronlar, oq buloqqa yetguncha!...

Azim Suyun

Shoir she’rida tasvirlagan bu hayot bayoti asrlar osha turfa taqdirlarda yashab keladi. Umr yo‘lida har kimning o‘zi ko‘zlagan oq bulog‘i bor. Bunda oq buloqqa yetguncha ichilgan qora buloq suvlari ham insoniylikni, inson bo‘lib yashashni, inson bo‘lib qolishni o‘rgatganligi bilan qadrlidir! Zero, qora buloq suviga chidash berganlargina, oq buloqqa yetganlar! Xalqimizning shu bayotga munosib yashab o‘tgan odamlari bisyor. Ulardan biri – O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabovdir.   

Aktyorning vafoti O‘zbekiston xalqini, qolaversa, uning muxlislari-yu, hamkasblarini bir qalqitmasdan, yig‘latmasdan qo‘ymadi. Chunki, Murod Rajabovning samimiy, mutoyibaga boy ijrolari, hech kimnikiga o‘xshamas gapirish ohangi, tabassumigacha chin ma’noda xalqniki bo‘lib ketgandi. Aktyor ham xalq bilan shu qadar yakdil bo‘lib ketganligidan, uni «Temir xotin» filmidagi qahramoni ismi bilan «Qo‘chqor aka!» deb ataguvchilarga ham labbayi topilardi.

Ayniqsa, aktyor qatnashgan filmlarni o‘ziga xos bir rishta bog‘lab turadiki, bundan hayratlanasiz. Siz Murod Rajabov suratga tushgan filmlarda uning qahramonlari raqsini hech kuzatganmisiz? So‘z ojizlik qilgan joyda, aktyor raqsga ixtiyor berarkan, bu raqslarning o‘zi alohida voqea, alohida film! Gohida qarg‘alar uchgan chog‘ Marg‘ilon yo‘liga ko‘z tikib, orzulangan yosh sho‘xchan yigit, gohida esa «G‘ayra-g‘ayra»ni xirgoyi qilib, yoshligini qo‘msagan dilgir kishi va yana turli holatlarni ifodalagan aktyorning raqslarini bir yerga jamlasangiz, bir inson umrini anglaysiz! Axir, o‘sha inson oq bulog‘ini izlagan AKTYoRning o‘zi!

Aktyorning sahnadagi ilk partnyori, yelkadosh, hamkasb do‘sti, O‘zbekitson xalq artisti Malika Ibrohimova Murod Rajabovni xotirladi.       

– Sevimli aktyorimiz Murod Rajabovning vafoti ko‘p odamlarni larzaga soldi, deb  o‘ylayman... Shu kunlar jamoat avtoulovida ketayotganimda, yo‘lovchilar orasida Murod to‘g‘risida gap ochildi. Birin-ketin u qatnashgan filmlar va rollarini eslab ketishdi... Xalq uni qo‘msayotgandi... Beixtiyor ko‘zimga yosh keldi... Insonga berilgan umrda kimdir o‘zidan nimadir qoldirishga ulguradi, yana kimdir esa yo‘q. Murod insonlarni, o‘z xalqi qalbida qolgan ekan, demak, u bu hayotda behuda yashamagan, beiz ketmadi!...

Murod bilan biz «Yosh gvardiya» (hozirgi O‘zbek Davlat drama teatri)da tanishganmiz va u bilan bog‘liq eng ko‘p esdaliklarim ham mana shu teatr bilan bog‘liq.

Abduqahhor Ibrohimovning «Muhabbat arafasida» hikoyasi asosida rejissyor Ergash Masofayev tomonidan sahnalashtirilgan «Birinchi bo‘sa»(1971) spektaklidagi Rohat va Shokir obrazlari bizning Murod bilan ilk rolimiz. «Birinchi bo‘sa» spektakli bu – bizning san’atdagi birinchi qadamimiz, birinchi ustozimiz, birinchi rolimiz, birinchi tomoshabinimizning olqishlari sadosi, sahnadagi ilk hayajonimiz sifatida qalbimizga muhrlangan. Endi bularning bari xotira bo‘lib qoldi.

Ikkimizning ustozimiz ham bir inson edi – o‘ta talabchan, o‘ta qattiqqo‘l rejissyor Ergash Masofayev. Murod bu rejissyorning spektakllarida juda ko‘p bosh rollarni ijro qilgan. Keyinchalik, bu haqida Murodning o‘zi shunday degandi: «Ergash akadan olgan saboq, tajribalarim bir umrga yetdi! Ergash akadek rejissyor qo‘lida ishlagan aktyor har qanday rejissyorda ishlab keta oladi. Hatto, aktyorda  o‘ziga o‘zi rejissyor ko‘zi bilan qaray olish qobiliyati ham shakllanadi».

Murod o‘ta mehnatkash edi. Sahnada 16 soatlab ishlasak, 16 soat Murod sahnadan tushmasdi. Repetitsiyadan bo‘shagan vaqtlari teatr hovlisda Murodni qahramoni so‘zlarini takrorlab, talaffuzi ustida alohida ishlayotganligini ko‘rardim.

Murodni ko‘p tomoshabin kinodagi rollari orqali taniydi, eslaydi. Men esa Murodni bo‘sag‘ada turgan sodda bir bola, hali hech qanday mashhurlik ko‘chasidan hatlamagan paytidanoq qilingan mehnatlari, o‘ziga bo‘lgan yuksak talablari bilan eslayman. Masalan, men avvaliga sahnaning ko‘pgina mashaqqatlariga bardosh berolmay qolardim. Bir kuni «Fidoyi» spektaklini repetitsiya qilayotgandik. Dekoratsiya ancha baland qurilgandi. Biz Murod ikkimiz o‘sha balandlikda turibmiz. Oxiri, men chidolmadim-da, asablarim dosh berolmay, birdan yig‘lab yubordim va sekin yerga yiqila boshladim.

Shunda Murodning asta pichirlab, «Mali, Mali, tur, chida, yana ozgina chidagin!» degan daldasi hech yodimdan chiqmaydi. Chunki, bu sinov ikkimiz bilan o‘tayotgan edi. Murodni bardoshiga doim qoyil qolar edim. O‘shanda Ergash aka meni to‘xtatmadi. Yig‘lagan, ovozim bo‘g‘ilgan, hiqillagan alfozda rolimni tugallab bo‘lganimdan keyingina, Masofayev bizga dam olishga ruxsat berdi. Hovliga chiqdim-da, Ergash akaga qarab, yonidan «Bag‘ritosh!» deya noroziligimni ochiqchasiga bildirgancha o‘tib ketdim. So‘ng ustozimning endi sahna changini ko‘rayotgan mendek g‘o‘r, qaysar qizginaga xotirjamlik bilan aytgan bir gapi butun umrga yetgulik saboq bo‘ldi: «Malika, boya yig‘layotganingda, men senga yordamga kelishimni, suv berishimni, yupatishimni kutding. Shunday qilishim ham mumkin edi. Shunda sen mendan xursand bo‘larding,  norozi  bo‘lmasding. Seni ko‘zingga men mehribon inson bo‘lib ko‘rinardim. Lekin hayot senga hech qachon suv olib kelib bermaydi! Shuni esingdan chiqarma! Aktyorning hayotidan juda ko‘p voqealar o‘tishi mumkin. Ana shunda sen mushkulotlaringni yengishing kerak. Agar yengolmasang, sendan aktyor chiqmaydi!».

Murod bilan men qanchalik darajada aktyor bo‘lib yetishgan bo‘lsak, bunda ustozimizning hissasi benihoya. Murodni teatrda olgan bardosh, chidamlari kelgusidagi hayotida, shuningdek, sohaning boshqa jabhalarida asqotdi, yo‘lini yoritib turdi, deb o‘ylayman. 

«Birinchi bo‘sa» taqdimotiga kelgan Shukur Burhonov spektakldan so‘ng, Murodga alohida e’tibor berib, «Bu yigitdan katta aktyor chiqadi!» deb ketganlar. Afsuski, Murod teatrdan erta ketib qoldi. Murodni teatrdagi rollari ekran orqali yetib kelmagan, juda ham kuchli rollarini ijodining ilk yillari  teatrda o‘ynagan. Do‘stim kinoda ham bir-biridan betakror, yaxshi rollar ijro qildi. Albatta, kino tasmaga muhrlanib qolganligi bilan qadrli va shu orqali tarixda qoladi. Lekin tasmaga muhrlanmagan, faqat tomoshabin hamda hamkasblarining xotirasida muhrlanib qolgan rollarini ko‘rganlargina Murodning haqiqiy iste’dodini ko‘rganlar, deb o‘ylayman. Biz ikkimiz u bilan deyarli barcha spektakllarda partnyor edik.

Muhabbat go‘zal tuyg‘u. Birinchi muhabbat va unga insonning munosabati, o‘z o‘rnida ilk tuyg‘uning inson hayotiga ta’siri esa bo‘lak nozik mavzu. Rejissyorni mana shu narsa qiziqtirdiki, spektakl fikr-niyati ayni mavzuni yoritishga qaratilgandi. Birinchi muhabbat agarda loyga chaplangan, xotirangda yaxshi asrab qolinmagan bo‘lsa, bunday odamlar – baxtsiz odamlar, deb o‘ylayman. Biz ijro etgan Shokir va Rohat juftligi ham birinchi muhabbatida qoqiladi. Ana shu qoqilish ularning hayotida, ichki olamida chuqur iz qoldiradi. Inson birinchi muhabbati bilan umr bog‘lamasligi ham mumkindir, lekin birinchi muhabbati xotirasida yorug‘lik ila qolmog‘i lozim. Axir, birinchi muhabbat – inson qalbini ochilishiga turtki berib, dunyoni qabul qilishga, borliqni his etishga, ya’ni, inson bo‘lishga o‘rgatadi! Rejissyor birinchi muhabbatni ramziy ma’noda birinchi bo‘sa orqali ifodalaydi. Ya’ni, birinchi bo‘sa, yigit va qizning ilk uchrashuvi – yo taqdir, yo o‘kinch bo‘lishi mumkin. Sof muhabbat uni tanib olmaganlardan yo uni ermak qilganlardan o‘ch olmay qo‘ymaydi. 

Spektakl katta muvaffaqiyatga erishgan. Murod birinchi muhabbatini yo‘qotgan sahnasini shu qadar ta’sirchan o‘ynardiki, buni ko‘rgan tomoshabinlar beixtiyor bu ayriliq 16-17 yashar yigit uchun  olamshumul fojia ekanligini his qilishardi, shunga ishonishardi. Oddiy hol emas bu!... Birinchi muhabbatiga aldanaganini his qilmoq Murodning ijrosida ana shunday o‘ziga xos talqinini topgan.

Murod hayotsevar, go‘zalliksevar yigit edi. Rasm chizishni yaxshi ko‘rardi. Rubob chalardi. Hayotga oshufta aktyor edi. Hayotdagi har bir narsani yuqoridan qarab, kulguga aylantirardi. Murod bor joyda hamma kulardi, hammani kuldirardi. Unda yumor juda kuchli edi. Kuldirib, kuldirib, oxiri yig‘latib ketdi...

Murod hammamizning yodimizda, joyi jannatdan bo‘lsin!...

Ordan 52 yil o‘tib, Malika Ibrohimovadan «Birinchi bo‘sa»dagi Rohat monologidan parcha ijro qilib berishini iltimos qildik. Aktrisa chuqur o‘yga toldi-da, bir lahzada 16 yashar Rohatoyga aylandi va bu galgi ijrosini do‘sti xotirasiga bag‘ishladi!

Rohatoy monologidan parchani xabar.uzning yutub sahifasida tomosha qiling.

Lobar Qobilova yozib oldi. 

Jurnalist Yulduz Fayziyning «Uyga qaytib» ko‘rsatuvidan foydalanildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring