Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Bugun, 26-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Parlament palatalari kengashlarining qo‘shma yig‘ilishida Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya (Ombudsman boshchiligida 14 nafar deputatlar, senatorlar, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillaridan iborat)ning axboroti tinglandi.
Qayd etilishicha, komissiya, Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarning kelib chiqish sabablari, xronologiyasi va oqibatlari, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishda davlat idoralari va huquq-tartibot organlarining harakatlariga baho berdi, voqealar ishtirokchilariga nisbatan sud majlislarini kuzatdi, 30 nafar sudlanuvchi komissiya iltimosiga ko‘ra sud zalidan ozod etildi, sudlanuvchilar saqlanayotgan tergov hibsxonalariga monitoring tashriflarini amalga oshirdi, shuningdek voqealardan keyin Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni kuzatib bordi.
Komissiya faoliyati davomida fuqarolardan kelib tushgan jami 600 dan ortiq murojaat ijobiy hal etdi. 50 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlarga tashrifi davomida 590 nafar xodim, 334 nafar qamoq jazosini o‘tab chiqqan shaxslar bilan suhbatlashdi.
Jinoyat ishi doirasida sudgacha qamoqqa olingan jami 168 nafar shaxsning 107 nafari (2 nafar ayol) Komissiya iltimosnomasiga ko‘ra oilasiga qaytarildi.
Komissiya BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va boshqa xalqaro tashkilotlar hamkorlik qildi, shuningdek xalqaro nohukumat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda bo‘lib turdi.
Mavzuga doir: Nukus voqeasining «bosh aybdor»i sud ustidan shikoyat qildi
Komissiya tomonidan uning faoliyati Internetning «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi «Independent Commission_uz» rasmiy sahifasida (o‘zbek, qoraqalpoq, rus tillarida) to‘liq e’lon qilib borildi.
Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarning ishtirokchilaridan 943 nafari huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun ogohlantirilgan, 6 135 nafariga ma’muriy jarima, 2 639 nafariga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan, 61 nafari jinoyatlar sodir etganligi aniqlanganligi qayd etildi.
Tartibsizliklar natijasida fuqarolar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining og‘ir tan jarohati olishi va halok bo‘lishi, shuningdek, fuqarolar va davlat idoralarining mol-mulkiga katta miqdorda (6,8 mlrd so‘m) moddiy zarar yetganligi ma’lum bo‘ldi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ommaviy tartibsizliklarni ma’muriy binolardan uzoqlashtirish, va tarqatib yuborish, ma’muriy bino va strategik ob’yektlarni egallashga urinishlarni bartaraf etish maqsadida xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan vositalar (suv va rangli suyuqlik purkovchi texnika, ko‘zdan yosh oqizuvchi maxsus granatalar)dan foydalanilgan.
Ommaviy tartibsizliklar davomida 21 nafar fuqaro, shu jumladan 2 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari vafot etgan va 413 nafari jarohatlangan (shundan 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari).
Mavzuga doir: 39 nafar sudlanuvchiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi
Tergov va sud jarayonida ishtirok etgan gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari (advokat, tibbiy yordam, telefonda so‘zlashish va h.k.) to‘liq ta’minlangan, sud qarorlari ustidan shikoyat kiritish imkoniyati berilgan. Barcha sud jarayonlari ochiq va shaffof o‘tkazilganligi qayd etildi.
Shu bilan birga, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish jarayonlarida inson huquqlari va ularning qonuniy manfaatlarini buzishga yo‘l qo‘ygan ichki ishlar organlari xodimlarining 3 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat organlariga komissiya quyidagi tavsiyalarni bildirdi:
- kelgusida davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim qarorlarni qabul qilish jarayonida umumxalq muhokamasi bosqichida mazmun-mohiyatini, unda ishtirok etish mexanizmlarini fuqarolarga to‘laqonli tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- barcha darajadagi davlat hokimiyati organlariga muhim siyosiy va boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ehtimoliy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, chalg‘ituvchi va noxolis ma’lumotlar tarqalishi (dezinformatsiya) holatlariga o‘z vaqtida ta’sirchan munosabat bildirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
- fuqarolarga o‘z ijtimoiy faolliklarini amalga oshirish jarayonida o‘zga shaxslarning huquqlarini poymol qilishga yo‘l qo‘ymaslik va jamoat tartibiga rioya qilishning muhimligini izchil tushuntirib borish;
- aholi ko‘p to‘planadigan va ko‘ngilochar joylarda bo‘luvchi fuqarolarning jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi salbiy xatti-harakatlarini yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan doimiy profilaktik va tushuntirish kabi ta’sirchan chora-tadbirlarini amalga oshirib borish;
- ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan foydalaniladigan maxsus vositalarni qo‘llash va tartibbuzarlarni tarqatish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni muntazam yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib borish.
Komissiyaning axborotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Oliy Majlis palatalari kengashlarining tegishli qarori qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter