Shavkat Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Uchrashuvda 2024-yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va ko‘p tomonlama hamkorlikning kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari ko‘rib chiqildi.
Mintaqa ichida savdo va kooperatsiyani, eng avvalo, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni yanada bartaraf etish orqali kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Ko‘p qirrali sheriklikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Muhandislik maktablarini tashkil etish, internet texnologiyalari, katta ma’lumotlar industriyasi, kreativ iqtisodiyot, «yashil» energetika va tinch atom sohasini rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish shular jumlasidan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik hamda umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashda MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter