Yangi yil bayrami kunlaridagi ob-havo e’lon qilindi
Bu yil ham O‘zbekiston aholisi Yangi yilni yog‘ingarchiliksiz (qorsiz) ob-havo bilan kutib oladi.
30 dekabrda respublika hududi bo‘yicha ba’zi joylarda va 31 dekabrga o‘tar kechasi Toshkent viloyatining ayrim joylarida yog‘ingarchilik kuzatiladi, lekin tekislik hududlarda yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi. Faqat tog‘ oldi va tog‘li hududlarda, shuningdek, respublika shimolida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik qor ko‘rinishida bo‘lishi kutilmoqda.
Respublika hududining katta qismida 31 dekabrda kunduz kuni va 1 yanvarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
30-31 dekabr va 1 yanvarda havo harorati asosan kechalari 0-5 daraja iliq, kunduz kunlari 5-10 daraja iliq atrofida, ba’zi joylarda 12 daraja iliqqacha bo‘ladi. Shimolda kechalari 3-8 daraja sovuq, kunduz kunlari 0-5 daraja iliq bo‘ladi.
Yangi yil bayramlari kunlari O‘zbekistonda ob-havo odatda qanday bo‘ladi? Yangi yilni qor bilan qanchalik tez-tez kutib olamiz?
Iqlim ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi hisobiga O‘zbekistonning tekislik hududlarida va hatto tog‘ oldi hududlarida qish faslidagi yog‘ingarchiliklar ko‘pincha yomg‘ir yoki ho‘l qor ko‘rinishida yog‘ishi kuzatilmoqda.
Shunday qilib, so‘nggi 10 yil ichida O‘zbekiston hududining katta qismida yangi yil bayramlari qorsiz o‘tgan.
Ushbu asrda 2007 yilning birinchi kuni eng qorli kun bo‘lgan. 2007 yilning yangi yil kechasi arafasida qor yog‘ishi boshlanib, 1 yanvarda butun kun davomda kuzatilgan.
Shunday yillar kuzatilganki, qor Yangi yil bayramlaridan bir necha kun oldin yog‘gan va yangi yil bayramlarigacha qor qoplami saqlanib turgan. Bu holat 2011−2012 yillarda kuzatilgan. Ushbu yillarning so‘nggi haftasida qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar bir necha bor yog‘ib, yangi yil arafasida mamlakatimizning ko‘plab shahar va qishloqlari, daraxtlar va tomlar qor qoplamalari bilan bezatilgan.
Toshkentda ushbu asrda 2014 yilning yangi yil kechasi eng sovuq bo‘lib, bunda termometr ustuni 9 daraja sovuqqacha pasaygan, barcha kuzatuv yillari uchun 1889 yil yangi yil kechasida esa - 27,5 daraja sovuq qayd etilgan.
Ammo (so‘nggi yillarda tez-tez qayd etilmoqda) yangi yil bayrami kunlari kunduz kunlari havo harorati 16-19 daraja iliqqacha bo‘lgan qish fasliga xos bo‘lmagan iliq kunlar ham kuzatilmoqda. 2024 yilning 1 yanvar kuni ham shunday hodisa kuzatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter