Xaridor chekni olmasa, tadbirkor jarima to‘laydimi?
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar tomonidan bir turdagi shikoyatlar ko‘paydi, ya’ni ular chekni beradi, ammo xaridor qasddan, ataylab chekni olishdan bosh tortadi va ko‘chaga chiqib, «menga chek bermadi», deb soliqqa xabar qiladi. Boshqacha aytganda tuhmatchilar ko‘paygani, bunaqa yolg‘on xabarlar ortidan tadbirkorlar jarima to‘layotgani aytilmoqda.
Xo‘sh, aslida vaziyat qanday?
Soliq qo‘mitasi qanday hollarda tadbirkor jarimaga tortilishini tushuntiruvchi rolik tayyorlagan. Videodan ko‘rinib turibdiki, agar tadbirkor haqiqatda chek bersa, xaridor o‘sha chekni olgan yoki olishdan bosh tortganidan qat’i nazar, JARIMAGA TORTILMAYDI. Chunki chiqarilgan chek bazada saqlanib qoladi va istalgan payti buni isbotlash mumkin. Pastdagi videoni ko‘rsangiz, jarayon yanada tushunarli bo‘ladi. Bitta tadbirkorni jarima tortish uchun 3 bosqichli qayta-qayta tekshiruv o‘tkaziladi, hech kim o‘zidan-o‘zi bitta yolg‘on qo‘ng‘iroqqa ishonib, tadbirkorni jarimaga tortmaydi, deyiladi DSQ xabarida.
Unutmang: jarima chek chiqarilmagani uchun qo‘llaniladi, xaridor chekni olmagani uchun emas. Bu oddiy mantiq.
Bundan tashqari bugungi kunda deyarli har bir savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida video-kameralar o‘rnatilgan, shu sababli tadbirkor o‘zining haqligini juda oson isbotlab bera oladi.
Demak, xulosa shundaki, tadbirkorlar rostdan qonunlarga bo‘ysunib, chek berib, soliqlardan qochmasdan halol ishlayotgan bo‘lsa, bunaqa yolg‘onchilardan sira qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Mabodo 1-2 ta holatlarda nohaq ayblangan bo‘lsa, unda bemalol tegishli sud tartibida buni bekor qilish mumkin.
TAKLIF: agar ayrim vijdonsiz xaridorlar chekni ataylab olmasdan, yolg‘on xabar berayotgan bo‘lsa, unda videoyozuvlar buni isbotlagan taqdirda, o‘sha xaridorlarni tuhmat qilish moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortish kerak. Toki bu boshqalarga ham dars bo‘lsin. Kaltak faqat tadbirkor boshida emas, yolg‘onchi xaridor boshida ham sinish kerak. O‘yin qoidalari ikki tomonga teng bo‘lsin.
Ammo shu o‘rinda yana boshqa gap. Yurtimizda bunaqa yolg‘on xabar beruvchi vijdonsiz xaridorlar soni chek bermasdan, noqonuniy savdo qiladigan tadbirkorlar sonidan yuz barobar, balki ming barobarga kam. Balki yuz ming barobargadir, kim bilsin. Ya’ni chek bermaslik va soliqdan qochish muammosi aslida juda katta. Lekin bu pul uchun yolg‘on xabar berish, kimgadir tuhmat qilishni oqlamaydi.
Yana bir gap: tadbirkorlarning murojaatlarida onlayn nazorat kassa mashinalarining yaxshi ishlamasligi, tez-tez texnik nosozlik yuzaga kelishi, shu sababli ham ko‘pincha o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatda xaridorga chek bera olishmayotgani, bundan tashqari ushbu onlayn-NKM narxi asl tannarxidan ancha qimmatga sotilishi, kassa mashinalari uchun monopoliya o‘rnatilgani, tadbirkorlar faqat bitta joydan sotib olishga majburligi haqida ham murojaatlar ko‘p. Vaziyat to‘laqonli xolisona o‘rganilishi uchun Soliq qo‘mitasi masalaning shu tomoniga ham izoh berishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter