Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Uydan quvilgan er 500 kilometrni oyoqyalang bosib o‘tdi

Uydan quvilgan er 500 kilometrni oyoqyalang bosib o‘tdi

Foto: KhaoSod

Xotini bilan janjallashib uyidan haydalgan tailandlik er 500 kilometrni oyoqyalang bosib o‘tdi, deb xabar berdi The Thaiger.

Shifoxonaga tushib qolgan bemor haqida hamshira politsiyaga xabar yetkazdi. Uning aytishicha, erkak Buriram viloyatidan o‘zi tug‘ilib o‘sgan Nongkxay viloyatidagi uyigacha yayov kelgan. Oyoqyalang yuzlab chaqirim yo‘l yurgani uchun oyoqlari shishib ketgan.

Pxon ismli bu odamning hikoya qilishicha, rafiqasi bilan 13 yildan ortiq birga yashagan. O‘tgan yilning dekabri o‘rtalarida xotinining oldingi turmushidan tug‘ilgan o‘g‘li ularnikiga Bangkokdan ko‘chib kelgach, oiladan nizo arimay qolgan. Oxirgi janjalda o‘g‘il o‘gay otani ko‘chaga haydagan, ona o‘g‘lining yonini olgan.

28-dekabr kuni ko‘chada qolgan Pxonning na tuzukroq ust-boshi, na puli bor edi. U 13 kun sandiraqlab yurdi, yoshligida avtomobil avariyasida oyog‘idan olgan jarohati qo‘zg‘ab, ancha azob tortdi. Oxir-oqibat uni bir o‘tkinchining rahmi kelib, mashinasida Chayvangacha tashlab qo‘ygan va unga tibbiy ko‘mak ko‘rsatilgan.

62 yoshli Pxon xotinini eslashni ham xohlamaydi. Nevarasinikida bir muddat turib, so‘ngra tarki dunyo qilmoqchi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring