O‘zbekiston JSTga a’zolik yo‘lida yana ikki davlat bilan muzokaralarini yakunladi
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda Pokistonning JSTdagi doimiy vakili va Tailandning JSTdagi vakili Pimchanok Pitfild ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
«Bugun O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha yetakchi muzokarachisi Azizbek O‘runov va men bozorga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng tegishli ravishda O‘zbekiston hukumati va Pokiston hukumati nomidan protokol imzoladik. Protokol qardosh davlatni JST a’zoligiga yanada yaqinlashtiradi», – deb yozadi Ali Sarfraz Husayn.
Mavzuga doir: O‘zbekiston JSTga a’zolik yo‘lida Xitoy bilan ham muzokaralarini yakunladi
Shuningdek, Tailandning JSTdagi vakili Pimchanok Pitfild ham O‘zbekistonning tashkilotga a’zolikka doir Bitim bayonnomasini imzolaganidan mamnun ekanligini aytgan.
«Bugun Tailand nomidan O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi Bitim bayonnomasini imzolashdan mamnunman. Biz O‘zbekistonni tez orada ko‘p tomonlama savdo tizimiga a’zo bo‘lgani bilan qutlaymiz va JST oilasining bir qismi bo‘lish O‘zbekistonga savdo va sarmoyani yanada oshirishiga ishonchimiz komil.
Ikkinchi tomondan esa bu mavjud savdo aloqalarimizni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro majburiyatlarimizdan dalolat beradi», – deydi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter