Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tehronda HAMAS yetakchisi o‘ldirildi: tafsilotlar

Tehronda HAMAS yetakchisi o‘ldirildi: tafsilotlar

HAMAS yetakchilaridan biri Ismoil Haniya 31-iyulga o‘tar kechasi Tehronda o‘ldirildi. Uning o‘limi haqida Falastin harakatining o‘zi, shuningdek, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi xabar berdi.

HAMAS bayonotida aytilishicha, Haniya va uning qo‘riqchisi Isroilning Eron poytaxtidagi qarorgohiga uyushtirgan hujumida halok bo‘lgan.

Al Mayadeen telekanalining da’vo qilishicha, Haniya bo‘lgan uy boshqa davlat hududidan raketa zarbasiga uchragan, biroq uning o‘limi sabablari hali rasman e’lon qilingani yo‘q. HAMASning yuqori martabali vakili Musa Abu Marzuk Haniyaning o‘ldirilishini «qo‘rqoqlik» deb atadi va bu javobsiz qolmasligini aytdi. G‘arbiy Sohilni boshqarayotgan Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos ham Haniyaning o‘ldirilishini qoraladi.

Isroil rasmiylari Haniyaning o‘limi yuzasidan hozircha rasmiy bayonot bergani yo‘q. Bir kun avval Livan poytaxti Bayrutga zarba berib, Hizbulloh harakatining yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri Fuad Shukrni o‘ldirgan Isroil mudofaa kuchlari vakili CNN telekanaliga HAMAS yetakchisining o‘limi haqidagi xabarni izohlashdan bosh tortdi. Haniyaning o‘ldirilishi haqida gapirgan yagona rasmiy Isroilning Quddus ishlari va merosi vaziri Amikay Eliyaxu bo‘lib, u vaziyatni «dunyoni bu ifloslikdan tozalashning to‘g‘ri yo‘li» deb baholadi.

2019-yildan beri Qatar va Turkiyada quvg‘inda yashab kelayotgan Haniya Tehronga yangi saylangan Eron prezidenti Masud Pezeshkianning inauguratsiyasiga kelgan edi. The New York Times gazetasining yozishicha, qotillik arafasida Haniya Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan ham uchrashgan.

62 yoshli Ismoil Haniya G‘azo sektoridagi Al-Shati qochqinlar lagerida tug‘ilgan. G‘azo islom universitetida arab adabiyoti bo‘yicha tahsil olgan va keyin islomiy harakatga qo‘shilgan. 2006-yilda G‘azo sektorida HAMAS hokimiyatga kelganidan so‘ng, Haniya qisqa muddat Falastin milliy ma’muriyati bosh vaziri lavozimida ishlagan. Oradan bir yil o‘tmay, Mahmud Abbos Haniyani ishdan bo‘shatdi, biroq u G‘azo sektoridagi guruh rahbari bo‘lib qoldi. 2017-yilda Haniya HAMAS siyosiy byurosini boshqargan. U bu lavozimga 2021-yilda qayta saylangan.

Isroilda Haniya ikki marta - 1987-yilda norozilik namoyishlarida qatnashgani uchun va yana 1988 yilda  3 yilga hibsga olingan. 1992-yilda ozodlikka chiqqan va Livan janubiga deportatsiya qilingan.

Ismoil Haniyani boshqa HAMAS yetakchilari bilan birga 2023-yil 7-oktyabrda Isroilga qilingan hujum uchun javobgar hisoblashadi. O‘sha hujum natijasida 1200 dan ortiq isroillik halok bo‘lgani va 250 dan ortiq kishi garovga olingani aytiladi. Ulardan ba’zilari hamon G‘azo sektorida HAMAS qo‘li ostida qolyapti. Tutqunlarni ozod qilish borasida Qatar va Misr vositachiligida muzokaralar olib bormoqda. Isroil rasmiylari HAMASning boshqa yetakchilari qatori Haniyani ham o‘z hujumlari nishoni sifatida bir necha bor tilga olgan.

2024-yil aprelida Isroil harbiylarining G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumi natijasida Haniyaning uch o‘g‘li halok bo‘ldi. Qatarning «Al-Jazira» telekanali xabariga ko‘ra, zarba G‘azo yaqinidagi «Ash-Shati” qochqinlar lageriga berilgan. Haniyaning o‘zi o‘g‘illari va bir qancha nevaralarining o‘limini tasdiqladi. U, shuningdek, urush boshlanganidan beri uning oilasining 60 a’zosi halok bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Isroilda Haniya garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardagi asosiy shaxslardan biri sanaladi. Jurnalist Barak Ravid (Isroilning eng tajribali siyosiy jurnalistlaridan biri) Haniyaning o‘limi muzokaralarga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi. Bloomberg ham Haniyaning o‘limi muzokaralarni izdan chiqarishi mumkinligini yozdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring