Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudya prezident Trampning farmoni ijrosini to‘xtatib qo‘ydi

Sudya prezident Trampning farmoni ijrosini to‘xtatib qo‘ydi

Tramp prezidentligining ilk soatida bahsli hujjatlarga imzo chekkan.

AQShning Sietl shahrida faoliyat yurituvchi federal sudya Jon Kofenur prezident Donald Trampning fuqarolikka doir farmoni ijrosini to‘xtatib qo‘ydi.

Tramp 20 yanvar kuni lavozimga kirishganining ilk soatlarida imzolagan farmonda AQShda tug‘ilgan bolalarga avtomatik ravishda fuqarolik berish ko‘zda tutilgan konstitutsiyaviy norma doirasini cheklash nazarda tutilgan. Yangi ma’muriyat fikricha, bu normani AQSh hududida noqonuniy yashayotgan hamda qonuniy, ammo cheklangan muddatda yashayotgan xorijliklarning farzandlariga tatbiq etmaslik lozim. 

Ushbu tashabbusga qarshi chiqqan inson huquqlari tashkilotlari Trampning farmoni 1868 yilda qabul qilingan va bir asrdan ziyod vaqt mobaynida amal qilib kelayotgan konstitutsiyaviy me’yorga zid ekanini ta’kidlamoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari bilan birga, 22 ta shtat hamda bir qancha shaharlar hokimiyatlari federal sudlarga ushbu farmon ustidan da’vo arizasi kiritgan.

Sudya Jon Kofenur Vashington, Arizona, Illinoys va Oregon shtatlari tomonidan kiritilgan da’vo arizasini ko‘rib chiqqan va farmon ijrosini to‘xtatish haqida ajrim chiqargan.

Xabarlarga ko‘ra, sud majlisi atigi 25 daqiqa davom etgan. Adliya vazirligi  vakili Oq uyning pozitsiyasini tushuntirayotganida sudya «Bu farmon Konstitutsiyaga muvofiq keladimi?» deb so‘ragan. Adliya vakili javob qaytarishga tutinganida sudya bu farmon Asosiy qonunga butkul zid ekanini ta’kidlagan.

Prezident farmoni 19 fevraldan kuchga kirishi lozim edi. Sudya esa farmon ijrosini keyingi sud majlisiga qadar, 14 kunga to‘xtatgan. Federal sudyaning ajrimi butun mamlakat bo‘ylab majburiy kuchga ega.

Oq uy ajrim ustidan yuqori instansiyalarga, Oliy sudga qadar apellyasiya arizasi kiritishi mumkin. Tramp bu imkoniyatdan foydalanishini ma’lum qilgan.

Tramp 20 yanvar kuni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan hujjatlar qatori bahsli farmonlarga ham imzo chekkan. Jumladan, u Bayden G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik harakatlarini sodir etayotgan yahudiy kelgindilariga nisbatan 2024 yil  fevralda joriy etgan sanksiyani bekor qilgan.

Shuningdek, u AQShning barcha tashqi yordam dasturlarini vaqtincha to‘xtatishni ma’qul deb topgan. Trampga ko‘ra, «tashqi yordam sanoati va byurokratiyasi Amerika manfaatlariga mos kelmaydi va ko‘p hollarda uning qadriyatlariga ziddir».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring