Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Milliy gvardiyaga yangi vakolat berilmoqda

Milliy gvardiyaga yangi vakolat berilmoqda

25 yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

2024 yil fevraldan ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazilgan. Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar 44 ming 450 ta holatda «Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik» (MJtK 47-moddasi) huquqbuzarligi aniqlanib, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlagan. Shuningdek, ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari bo‘yicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.

Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan yilda maktablardagi davomat ko‘rsatkichi 50 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 90-95 foizni tashkil qilmoqda.

Biroq inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarning ota-onalariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash uchun tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi – inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab bo‘lmoqda.

Shu sababli qonun bilan Milliy gvardiya va IIV vakolatlariga doir Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248 hamda 248-1 moddalariga o‘zgartirish kiritilmoqda. Xususan, Milliy gvardiya organlari, shu jumladan uning voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga MJtKning 4 moddasi bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rish vakolati berilmoqda:

  • Bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish borasida majburiyatlarini bajarmaslik (47-modda);
  • Jamoat joylarida sigaret chekish (56-1-modda)
  • Jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish (187-modda 1-qismi);
  • Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish (188-modda) nazarda tutilgan ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish va jazo qo‘llash vakolati berilmoqda.

Shuningdek, bu vakolatlar IIV ning voyaga yetmaganlar bo‘yicha inspektor-psixologlarning vakolatlaridan chiqarib tashlanishi nazarda tutilgan. Senatorlarga ko‘ra, qonun O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq keladi hamda budjetdan qo‘shimcha xarajatlar talab qilmaydi.

Senat qonunni ma’qullandi. Hujjat prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring