Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron vitse-prezidenti 10 kun ishlab iste’foga chiqdi

Eron vitse-prezidenti 10 kun ishlab iste’foga chiqdi

Foto: 1Lurer

Eronning strategik masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Muhammad Javod Zarif, tayinlanganidan atigi 10 kun o‘tib, iste’foga chiqdi. 2013–2021-yillar mobaynida Eron tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan Zarif AQSh bilan muzokaralar tarafdori bo‘lib kelgan, ta’kidlashicha, yangi lavozimidagi faoliyatidan ko‘ngli to‘lmagan.

U X (sobiq Twitter)dagi sahifasida yangi vazirlar mahkamasini shakllantirish bo‘yicha maslahat kengashi rahbari sifatidagi faoliyati natijalaridan qoniqmaganini yozdi. Shu va boshqa muammolar «uni pedagoglik faoliyatiga qaytishga undagan».

Mas’ud Pezeshkiyon 5-iyulda prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan so‘ng maslahat kengashi tuzilgandi. Zarifga yangi vazirlar mahkamasi tarkibiga nomzodlarni tanlash topshirilgan va bu vazifa bajarilib, tasdiqlash uchun 11-avgustda parlamentga taqdim etilgandi.

Muhammad Javod Zarif tashqi ishlar vaziri lavozimidan ham o‘z ixtiyori bilan ketgandi. O‘shanda u vatandoshlaridan «xizmatni davom ettirishga qobil emasligi uchun» kechirim so‘ragandi.

Eronda Zarif AQSh bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori sifatida tanilgan. Aynan u Barak Obama davrida Erondan sanksiyalarni olib tashlashga xizmat qiluvchi «yadroviy bitim»ni imzolashga muvaffaq bo‘lgan. Biroq Donald Tramp Oq uyga kelganidan so‘ng Zarifning G‘arb bilan muzokaralarga intiluvchanligi Eronda tanqidlarga uchragan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring