Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Onlayn do‘konlardagi muammoli xaridlarning qariyb 80 foizi texnik nuqsonli tovarlar bilan bog‘liq

Onlayn do‘konlardagi muammoli xaridlarning qariyb 80 foizi texnik nuqsonli tovarlar bilan bog‘liq

2024-yilda Raqobat qo‘mitasiga elektron tijorat sohasiga oid 1 328 ta murojaat kelib tushib, shulardan 81,9 foizi (1 085 tasi) ijobiy hal etilgan. 14,3 foizi (190 tasi) bo‘yicha tushuntirish berilgan, 1,3 foizi (17 tasi) esa vakolatli organlarga yo‘naltirilgan. 33 ta murojaat ayni paytda ko‘rib chiqilmoqda.

Elektron tijorat sohasida olib borilgan o‘rganishlar natijasida, 423 iste’molchining huquqlari tiklangan, 88,9 mln so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisoblangan va 31,6 mln so‘mlik mahsulotlar almashtirilishi ta’minlangan.

Qayd etilishicha, bu borada shikoyatlarning asosiy ulushi maishiy texnika sotuvidan (77,9 foiz) kelib tushgan bo‘lib, bu nuqsonli tovarlar bilan bog‘liq.

Murojaatlar kesimida eng ko‘p muammoli platformalar:

  • Uzum Market – 39,6 foiz;
  • Alif Shop – 9,9 foiz;
  • Uzum Nasiya – 6,5 foiz;

Shuningdek, ushbu ro‘yxatda ZoodMall (6,0 foiz), Asaxiy uz (3,8 foiz), IDEA (2,5 foiz), Hopshop (2,1 foiz) va 100K uz (2,1 foiz) kabi marketpleyslar ham bor.

Qo‘mita, bundan tashqari murojaatlarni hal qilish samaradorligi bo‘yicha ham mazkur platformalar faoliyatini tahlil qilgan.

Unga ko‘ra:

  • Openshop uz – 100 foiz;
  • Hopshop – 92,9 foiz;

Sello uz – 87,5 foiz kabilar birinchi «uchlik»dan joy olgan bo‘lsa, Uzum Market (60,2 foiz), Uzum Nasiya (66,3 foiz) va Alif Shop (67,2 foiz) kabi elektron tijorat platformalari kelib tushgan shikoyatlar bilan ishlash va muammoni hal etish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda, deb topilgan.

Murojaatlarning qanoatlantirilishi borasida eng past ko‘rsatkichlar esa Sandiqshop (21,4 foiz) va Booknomy (28,6 foiz) marketpleyslariga tegishli.

Raqobat qo‘mitasining bildirishicha, Qo‘mita tomonidan ommaviy ofertalarni qonunchilikka moslashtirish, elektron savdo ishtirokchilarining malakasini oshirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar iste’molchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish va bozor raqobatini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

 

https://t.me/RaqobatGovUz/9926

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring