Sayyid Umarxonning soqol islohoti
Xonning chiqargan har bir farmoni xalq hayotida ijobiy yoxud salbiy bo‘lsin, o‘z ta’sir kuchiga ega edi. Biroq hech bir farmoni oliy bu qadar xalq o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lmagandi. Ehtimol Xiva yoki boshqa xonlik tarixida shu kabi farmon qabul qilinmagani uchundir? Axir, Sayyid Muhammad Umarxon Qo‘qon xonligidagi erkak fuqarolar uchun soqol islohoti o‘tkazish to‘g‘risida farmon bergan edi-da...
Akasi Olimning vafotidan so‘ng 1810-yili taxtga chiqqan Umarxon hukmdorligining boshidanoq soliqlar turini kamaytirish, ariqlar qazdirib, bog‘-rog‘lar yaratishga kirishib ketdi. U 13 yoshidan Marg‘ilonga hokimlik qilib, Muhammad Sharif otaliq rahbarligida ham ishlarni keng yo‘lga qo‘yib tajriba orttirgan edi. Diniy va dunyoviy bilimlarni to‘liq egallagani bois, davlat qudratini atrofidagi amaldorlar orasida nizo chiqmasligida deb bilardi.
Biroq taxt tevaragidagi amaldorlarga teng qarab yaxshi muomalada bo‘lishiga qaramay, fisqu fasod ko‘paydi. Ayniqsa, Buxorodagi muhojirlikdan qaytib kelib, qushbegi lavozimini egallagan Rajabboy Umarxonga saroyda to‘ntarish bo‘lajagi to‘g‘risida ogohlantirdi. U 25 yoshga kirgan yosh xonning ishonchini qozonib, Idrisqulibek, Mo‘minbek va Jumaboy qaytoqining fitna tayyorlayotgani, xonni taxtdan ag‘darib, Idrisqulibekni Qo‘qon hukmdori qilmoqchi bo‘layotganini aytdi. Shundan keyin yuqoridagi amaldorlar g‘alayonchi sifatida qatl etildi.
Mazkur voqeadan so‘ng xonlikda Rajab qushbegi katta ta’sir kuchiga ega amaldorga aylandi. Hatto, xon uni katta qo‘shinga bosh qilib, ko‘plab hukmdorlarning amalga oshmagan maqsadi – Turkistonni ishg‘ol qilishni topshirdi. Buni qarangki, Rajab qushbegi bu ishni ham uddalab, qo‘shin bilan Turkistonni ishg‘ol qildi.
U shu tarzda Umarxon davlatining hududini kengayib, egallab olingan yerlarida ko‘plab qal’alar barpo etildi. 1813–1815-yillarda Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida Oqmasjid, 1814-yili Qoratog‘ning shimoliy tomonida Cho‘loqqo‘rg‘on, Oloyda Qizilqo‘rg‘on, 1821-yilda Talas daryosi bo‘yida Avliyoota, Ulug‘qo‘rg‘on, Darovutqo‘rg‘on qal’alariga asos solindi. Vaqt o‘tib, Umarxonning Qo‘qon xonligida bunyod qilgan qal’alari soni 30 dan oshib ketdi.
U xonlikda amalga oshirayotgan bunyodkorlik ishlariga xalal bermaslik, odatiy tajovuzlarning oldini olish uchun Buxoro amiri bilan jang qildi. Natijada Umarxonning qo‘li baland kelib, harbiy nufuzi ortganini ko‘rgan amir ancha paytgacha Qo‘qonga bostirib kelmadi.
Shundan keyingi barqarorlik davrida Umarxon xonlikda yangi bunyodkorlik ishlarini boshlab yubordi. Ayniqsa, 1816-yilda qurilib boshlangan jome masjidi va madrasasi unga shuhrat keltirdi. Masjidga ketadigan mablag‘ unga ajratilgan vaqf yerdan olingan daromad hisobiga boshlangan edi. Binolarga poydevor qo‘yishda jamoatga shunday jar solindi:
– Kimki, balog‘at davridan tarki mustahib sodir qilmog‘on bo‘lsa, ilk toshni o‘rtaga chiqib qo‘ysin.
Qarangki, biror kishi jur’at qilib, men bilib gunoh qilmaganman, barcha amallarni to‘liq ado etayotirman deya olmay, sukut saqladi. Faqat Umarxonga:
– Alhamdulilloh, tarki mustahib qilmog‘on banda men ekandurman, – deb, masjidu madrasaga ilk toshni qo‘ygan ekan.
«Amiral muslimin», «Jannatmakon» unvonlariga ega Umarxon diniy ilmni to‘liq egallagan, ma’rifatu ma’naviyatli hukmdor, qolaversa, «amiriy» taxallusi bilan she’rlar bitguvchi shoir ham bo‘lgan.
19 yoshida Andijon hokimi Rahmonqulibiy Otaliqning Mohlaroyim ismli qiziga uylanishi Umarxonning hayotida katta voqeaga aylangan edi. Mohlaroyim tarixda Nodira taxallusi bilan she’rlar bitgan shoirai davrondir. Zavjalari, qolaversa, o‘zlarining ham shoirligi bois, xonlik davrida Qo‘qonda mushoiralar tez-tez bo‘lib turardi.
Eng hayratlanarlisi, Umarxonning davlat rahbari sifatida «soqol islohoti» o‘tkazish haqidagi farmoni xalq ichida tezda shov-shuvga sabab bo‘ldi. Soqol qo‘yish erkak kishi uchun sunnatligi hammaga ayon edi. Biroq uni ma’lum bir tartiga keltirish to‘g‘risida davlat miqyosida farmon chiqarilmagandi. Umarxon fiqh kitoblarni o‘qib, ulamolar bilan maslahatlashib, «soqolni tekislab, unga oro bermoq lozim», degan xulosaga keladi. Shundan so‘ng soqol qanday shaklda bo‘lmog‘i lozimligi o‘rganilib, xon farmoniga ko‘ra, har bir viloyat uchun soqol shakli belgilanadi. Natijada O‘ratepa va xo‘jandliklar uchun «Oybolta», Andijon uchun «Qo‘shbodom», Toshkent viloyati uchun «Tumorcha», qo‘qonliklar uchun «Qo‘qon maqomi» nomli soqol shakli belgilanib, islohot o‘tkaziladi.
Umarxon shu tarzda davlatda qurilishu ma’rifat, harbiy sohalarda va soqol shakli borasida islohot o‘tkazilib, shuhrat qozondi.
Hukmdorligining 12 yilida Bozorquli mehtar degan amaldori Umarxonni ziyofatga chorlaydi. Mehtar Isfara guzari va Bekvachcha mahallasi oralig‘ida bir bino qurib, joy to‘yiga kelayotgan Umarxon uchun arkdan to uyigacha ko‘chalarga kimxob atlasdan poyandoz solgan edi.
O‘n ikki kunga cho‘zilgan dabdabali ziyofatda Umarxon xastalanib, saroyga keltirildi.
1822-yili 37 yoshida Qo‘qon xonligi tarixidagi mashhur xon vafot etdi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter