Medvedev Rossiyani saqlab qolish kafolati nima ekanini ochiqladi
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev «Telegram»dagi rasmiy sahifasida yadro quroli borasida tagma’noli post chop etdi.
Kreml mulozimi SSSRning birinchi va so‘nggi prezidenti Mixail Gorbachyovning o‘limiga munosabat bildirar ekan, yadro quroliga ega davlatning parchalanishi insoniyat hayotiga nuqta qo‘yishi, Yer sayyorasini yakson etishidan bahs etadi. Ayni choqda, u yadro qurolini «Buyuk Rossiyani saqlab qolishning eng yaxshi kafolati» deb ataydi.
Avgust oyida boshida D.Medvedevning «VKontakte» tarmog‘idagi rasmiy sahifasida chop etilgan SSSRni qayta tiklashga doir post ham jiddiy bahslar uyg‘otgandi.
Rossiya qo‘shini Ukrainaga bostirib kirishi ortidan kollektiv G‘arb rasmiy Moskvaga nisbatan misli ko‘rilmagan moliyaviy jazo va cheklovlar joriy etdi. Keyingi paytlarda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Rossiya rahbariyati yadro qurolini ishga solishi ehtimoli borasida jiddiy xavotirlar yangramoqda. Jumladan, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar sabab prezident Vladimir Putin taktik yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida bayonot bergan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb mamlakatlaridan ko‘proq harbiy ko‘mak so‘rar ekan, Rossiya rahbariyati yadro yoki kimyo qurolini ishga solishi mumkinligidan ogohlantirgan. Ukraina mudofaa vazirligi esa yadro qurolini Putin qo‘lidagi so‘nggi «ko‘zir qarta» deb atagan.
Rossiya 6000 ga yaqin yadro kallaklariga ega ekani aytiladi. Joriy yil 27-fevral kuni, Ukraina bosqini boshlanganidan bir necha kun o‘tgach, Putin mudofaa vazirligiga yadro quroliga aloqador kuchlarni harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga o‘tkazish haqida buyruq bergan edi. Mazkur tahdidli bayonot ortidan ehtimoliy yadro zarbasi xususida muhokamalar qizg‘in tusga kirdi.
Kuni kecha Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov agar mamlakatning mavjudligi tahdid ostida qolsa yoki uning ittifoqchilariga qarshi ommaviy qirg‘in quroli qo‘llansa, Moskva yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter