«Metan zapravka»larni tanqid qilgan yigit 15 sutkaga qamaldi
Joriy yil 26-dekabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi bir muddat oldin kunlar avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari ish vaqtlariga kiritilgan cheklovlarni tanqid qilgan yigitni 15 sutka ma’muriy qamoqqa hukm qildi.
Gap shundaki, joriy yil dekabr oyining o‘rtalarida respublika bo‘ylab kuzatilgan sovuq ob-havo sabab enegetika vazirligi barcha «metan zapravka»lar ish vaqtiga cheklovlar kiritgan va natijada metan gaz quyish shoxobchalarida turnaqator navbatlar paydo bo‘lgan edi.
Toshkent shahar Bektemir tumani hududidagi shoxobchalarning birida navbatda turgan G‘.D. (sud hujjatlariga ko‘ra, 1978-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan) esa kiritilgan cheklovlarni tanqid qilgan va oilasini yo‘nalishli taksi xizmati ortidan boqayotgani, nogironi borligi, metan gaz shoxobchalari ish rejimiga kiritilgan cheklovlar ortidan oilasi ta’minotini qila olmayotganini aytib chiqqan edi.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi raisi D.A.Dadaxanova raisligida o‘tgan sud majlisida esa yigit MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda ayblangan.
Aniqlanishicha, G‘.D. 2024-yil 23-dekabr kuni Toshkent shahar Bektemir tumani Oltintopgan ko‘chasidagi «Morotrans» MChJ gaz quyish shoxobchasida shoxobcha xodimlarini turli so‘zlar bilan haqoratlab, jamoat tartibini buzib, mayda bezorilik sodir qilgan. Mazkur ma’muriy ish yuqorida nomi keltirilgan shoxobcha xodimining shikoyat arizasi asosida qo‘zg‘atilgan.
Sud ishiga ko‘ra, G‘.D.ning jamoat tartibini buzganligi holati bo‘yicha internetning «Instagram» ijtimoiy tarmog‘ini ko‘zdan kechirish va videotasvirni olish bayonnomasi hamda ma’muriy ishda to‘plangan boshqa hujjatlar bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.
Sud G‘.D.ga MJtKning 183-moddasi bilan 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Shuningdek, jazo o‘talganidan so‘ng G‘.D.dan Toshkent shahar IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga qamalganlarni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, ya’ni jami 843 750 so‘mni davlat foydasiga undirish ham belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter