Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bizni Berlinda kuting!» – Medvedev Germaniyaga po‘pisa qildi

«Bizni Berlinda kuting!» – Medvedev Germaniyaga po‘pisa qildi

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev Germaniyaga tahdid qildi.

«Bild» nashri Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Rossiyaning Kursk viloyatiga uyushtirilgan hujumda Germaniyada ishlab chiqarilgan kamida 3 ta «Marder» tankidan foydalanilgani haqida yozgandi. Medvedev bunga javoban Berlinga hujum bilan po‘pisa qildi.

«Nemislarning «Bild» nashri revanshistik ruhda maqola chop etdi. Unda nemis tanklari Rossiya zaminiga qaytgani haqida g‘urur bilan yozilgan. Bunga javoban biz Rossiyaning yangi tanklari (Berlindagi) Respublika maydoniga kirishi yo‘lida qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ko‘ramiz», – deb yozgan Rossiya sobiq prezidenti. 

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius nemis harbiy texnikasi Ukraina tomonidan Rossiyaga hujum uchun foydalanishi bo‘yicha savolga aniq javob bermagan. Bundestagning mudofaa qo‘mitasi raisi Markus Faber esa nemis harbiy texnikasi Kiyevga topshirilgan vaqtdan e’tiboran Ukraina mulkiga aylanishini aytgan.

Avval xabar berganimizdek, Ukraina harbiylari 6 avgust kuni Kursk viloyatiga bostirib kirdi. Ular Rossiya hududiga 10 kilometrgacha yorib kirgani aytilmoqda. Rus armiyasi hozirga qadar ham ukrainaliklarni siqib chiqara olmagan.

Kutilmagan hujum Rossiya siyosiy doiralarida asabiylik va sarosima tug‘dirdi. D.Medvedevning tahdidli posti ana shu kayfiyat mahsulidir. U bunga qadar ham bahsli bayonotlar bergan. Jumladan, Moskva yadro qurolidan foydalanish huquqiga ega ekanini bir necha bor pisanda qilgan.

So‘nggi ikki yilda ancha sovuqlashgan Moskva va Berlin munosabati bir oy avval yanada taranglashdi. Gap shundaki, NATOning joriy yil 10 iyul kuni bo‘lib o‘tgan sammitida AQSh Rossiyaning harbiy salohiyatini tiyib turish va Shimoliy alyans doirasidagi hamkorlarini himoya qilish uchun Yevropa bo‘ylab, xususan, Germaniyaga uzoq masofaga uchuvchi raketalarni joylashtirish rejasini e’lon qildi. Tahlilchilar Germaniyada «sovuq urush» davridan buyon ilk bor Rossiya hududidagi nishonlarga qadar yetib boruvchi raketalar joylashtirilayotganini ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh va Germaniyaga «javob» va’da qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring