Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yurtimizda shifokorlar soni qisqartiriladimi?

Yurtimizda shifokorlar soni qisqartiriladimi?

Foto: SSV

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasida shifokorlar shtati qisqartirilayotgani, dermatolog, travmatolog va stomatologlarga ishdan bo‘shash haqida ariza yozish buyurilayotgani, vaholanki, hududda aholi soniga nisbatan shifokor va hamshiralar yetarli emasligi haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan atroflicha o‘rganildi.

Avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, bugungacha yurtimizdagi barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami (BTSYo) muassasalarida shifokorlar uchun yuklamalar turlicha taqsimlanib kelingan. Misol uchun, qishloq hududida 1 nafar shifokorga 2000 nafar aholi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, shahar hududida 1 nafar shifokorga 1500 nafar aholi biriktirilgan. Shuningdek, tuman va shaharlarda tibbiy xizmatlar sifati borasida ham katta tafovut bo‘lib, bu holat o‘z-o‘zidan olis qishloq hududlarida yashayotgan fuqarolarga ixtisoslashgan ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini bermagan.

Shu bois, Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining yangilangan shtat normativlarini ishlab chiqish va tasdiqlash belgilandi.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2021-yil 5-maydagi «Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari ehtiyojidan kelib chiqib, ularning yangilangan shtat normativlarini tasdiqlash topshirildi.

Shu bilan birga, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda «tibbiyot brigadalari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini yanada kengaytirish maqsadida joriy yil 1-iyuldan boshlab 10 mingta, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa yana qo‘shimcha 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimi shtati ajratilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Mazkur vazifalar ijrosidan kelib chiqqan holda shu yil 31-mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlari, tuman (qishloq)larida joylashgan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika(fillial)larning tibbiyot va boshqa hodimlari hamda Toshkent shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarning tibbiyot va boshqa xodimlari shtat me’yorlari tasdiqlandi.

Yangi shtat normativlari asosidagi muhim o‘zgarishlardan biri shu bo‘ldiki, yurtimizdagi barcha BTSYo muassasalarida shifokorlar uchun yuklamalar bir xil taqsimlandi. Tuman va shaharlar orasidagi tafovut esa butunlay olib tashlandi.

Xususan, akusher-ginekologlar soni 2 barobar, endokrinologlar soni 3 barobar oshirilib, bunga mutanosib ravishda ularning o‘rta tibbiyot xodimlari soni ham ortdi.

Bundan tashqari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarga mudofaa bo‘limi uchun alohida 8 turdagi mutaxassis ajratildi. Ambulator-poliklinika muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri lavozimi joriy etildi. Shu bilan birga, har bir birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga aholi sonidan qat’iy nazar 1,0 stavkadan doya va IT-hamshirasi lavozimi kiritildi.

— Muhim o‘zgarishlardan yana biri shu bo‘ldiki, bugungacha shahar va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga aholi biriktirilmagani, balki ushbu muassasa mutaxassislari fuqarolarga tibbiy-konsultativ maslahat berishga ixtisoslashgani sababli endilikda shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadan 9 turdagi tor soha mutaxassislari (akusher-ginekolog, xirurg, stomatolog, nevrolog, oftalmolog, otolaringolog, endokrinolog, infeksionist, immunolog) shahar oilaviy poliklinikalariga, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasidan 5 turdagi tor soha mutaxassislari (akusher-ginekolog, xirurg, stomatolog, UTT vrach, vrach laborant) tumanlardagi oilaviy poliklinikalarga o‘tkazilishi belgilandi, — deydi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova.

— Ya’ni, endi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda jamlangan tor soha mutaxassislarining oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlariga taqsimlanishi natijasida oila shifokorlari yuklamalarining bir qismi tor soha mutaxassislariga taqsimlanadi. O‘z navbatida oila shifokorlarining yuklamasi 1600 nafar aholidan 2000 nafargacha oshdi, biroq ularga biriktirilgan o‘rta tibbiyot xodimlari soni qisqargani yo‘q.

Shu bilan birga,  fizioterapiya hamshirasi, alohida bosh hamshira lavozimi joriy etildi. Funksional diagnostika asbob-uskunalari va rentgen-flyuorograf bo‘lsa, shifokor va o‘rta tibbiyot xodimi ajratish belgilandi. Shuningdek, oilaviy shifokorlik punktlariga alohida stomatolog shifokor va hamshirasi, emlash xonasi hamshirasi lavozimlari kiritildi, biriktirilgan aholi soni ko‘p bo‘lsa, mudir va akusher-ginekolog kiritilishi nazarda tutildi.

Umuman olganda, yangi shtat normativlariga ko‘ra, mazkur tizimda jami shtatlar soni 175 432 taga yetkazildi. Vaholanki, bunga qadar amalda bo‘lgan shtat normativlarida shtat birliklari soni 153 166 tani tashkil qilgan edi.

Bundan xulosa qilish mumkinki, yangi shtat me’yorlariga ko‘ra, yurtimizning barcha hududlari bilan bir qatorda Navoiy shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasida ham ba’zi tor soha mutaxassislarini hududlarga teng taqsimlash orqali chekka hududlarda yashayotgan aholini ixtisoslashgan ambulator tibbiy xizmat bilan teng qamrab olish maqsad qilingan. Ya’ni, yangi tartibga binoan ushbu tizimda hech bir shifokor ishsiz qolmaydi, balki ular yangi shtat normativlariga moslashtiriladi.

Shu bois, yurtdoshlarimiz, xususan, soha mutaxassislaridan olis qishloq hududlaridagi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida qilinayotgan bu kabi o‘zgarishlarni ijtimoiy tarmoqlarda shoshma-shosharlik bilan noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini, aksincha masalaga chuqurroq yondoshishlarini so‘raymiz, deb yozadi SSV.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring