Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kinolarimizda ayol taqdiri, ayol qiyofasi....

Kinolarimizda ayol taqdiri, ayol qiyofasi....

Ekranlarda o‘zbek ayolining qiyofasi qanday bo‘lishi kerak? Anchadan beri bahsli mavzu bu...

Yoshlar ijod saroyida  11-16-yanvar kunlari «O‘zbek milliy kino san’ati haftaligi» doirasida «Ekranda ayol taqdiri» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.  Xo‘sh O‘zbekistonda ayollar haqida ilk kino 1927 yilda namoyish etilgan bo‘lsa to shu bugungi kungacha ekrandagi o‘zbek ayoli qay darajada «o‘sdi». Uning ongi, dunyoqarashi o‘zgardimi? Umuman o‘zbek  ayoli qiyofasi ilk kinolarimizda qanday ediyu bugun qanday?

Zulxumor Soliyeva rejisser, ssenarist, prodyusser:

—Ayni paytda «Ayol» nomli serialni suratga olish jarayonlari davom etmoqda. Maqsadimiz  kuchli ayol obrazini ekranlarga olib chiqish. To‘rt nafar mardikor ayolning taqdiri, boshidan kechirganlari va nihoyat ular xizmatkorlikdan kuchli shaxsga aylangani haqidagi serial o‘sha o‘zbek ayolining jasorati, sabr bardoshiga bag‘ishlanadi.

Gulchehra Umarova jurnalist:

—Hozir shu «Ayol» seriyasidagi qisqagina lavhani tomosha qila turib yana o‘sha taniqli aktrisalaraga to‘qnash kelayapmiz. Axir san’at institutini qanchadan qancha yosh qizlar bitirayapti. Har xil obrazlarda o‘ynagan bir xil aktyorlar qiyofasidan tomoshabin zerikdi. Masalan taniqli aktrisaning mardikor ayol rolida o‘ynashi qanchalik ishonarli chiqadi, deb o‘ylaysiz. Yoki bo‘lmasa yosh, kinoga endi kirib kelayotgan aktrisalar qachon yuzaga chiqadi, 40 yoki 50 yoshga kirganidami?

Nigora Rahmonova jurnalist:

—Men mana shu o‘zbek ayolining pardoz andoziga e’tibor qaratishlaringizni so‘rab qolardim. Nimaga serial va o‘zbek kinolarida aktrisalarning o‘zining husni, chiroyi yo‘q. Barchasi yasama, kipriklar bir qarich, qip qizil lab bo‘yog‘i. Kaltak yegan ayol ham bo‘yanib olgan, bemor yotgan, vafot etgan ayol ham to‘yga boradigandek yasan-tusan qilgan. Hovli supurayotgan va paxta terayotgan ayolning ham kipriklari bir qarich. O‘zbek ayolining haqiqiy qiyofasi nega bo‘yoqlar ostida qolib ketmoqda?

 Jamilaxon Po‘latova rejisser:  

— Kinolarimizni tanqid qilayotganlarning albatta fikrlarini, takliflarini inobatga olamiz. Ammo ular ham bizni kino olish jarayonimizda qatnashishsa, bu sohaning ishi qanchalik mashaqqatli va og‘irligini his qilishardi. Masalan Men «Ayol qalbi», deya nomlangan serial ustida ishlayapman. Serialda 72 ta personaj bor. Ularning har bir  bilan til topishish, ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Kino olish ishi juda mashaqqatli va mablag‘ga borib taqaladigan   jarayon. Mana shu tomonlarini ham hisobga olishlaringizni so‘rab qolaman...

Kinoijodkorlar, kinomutaxassislar, turli vazirliklar, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, jurnalist va blogerlar qatnashgan ushbu tadbir haqiqiy bahs munozaralar maydoniga aylandi. Tadbir doirasida kinolarimizda bugun ayolllar faqat qaynona va kelin obrazida shallaqi yoki juda itoatkor, xo‘rlangan, zo‘rlangan xokisor ayol timsolida aks ettirilayotganiga alohida urg‘u berildi. Undan tashqari dialoglarning juda jo‘nligi, ota va qiz, o‘smir qiz va ona, dugonalar munosabatlari ochib berilmayotgani, jamiyatimizning eng og‘riqli nuqtalaridan biri ayolning o‘z joniga suiqasd qilish omillari chetda qolib ketayotgani taklif sifatida ishtirokchilar tomonidan o‘rtaga tashlandi.

Ayol tilini ayol tushunadi. Bugungi tadbirda ham har bir ayol o‘zbek ayoli taqdiri haqida kuyunib gapirdi, o‘z taklifini berdi. O‘ylaymizki mana shunday bahsli tadbirlardan keyin ekranlarimizda nafaqat ayol taqdiri, bilki o‘zbek ayolining qiyofasi, xarakteri ochib beriladi. O‘ylaymizki, ekranlarimizda o‘zbek ayoli «o‘sadi», «rivojlanadi» va nihoyat millat tarbiyachisi zamonaviy,  kuchli, g‘ururli, irodali shaxsga aylanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring