Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hindiston Rossiyaga talab qo‘ydi

Hindiston Rossiyaga talab qo‘ydi

Hindiston tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomonidan yollangan ikki hindistonlik Ukrainadagi jangda halok bo‘lishi munosabati bilan bayonot berdi.

Rasmiy Dehli Moskvadan hind fuqarolarini urushga yollamaslik va ayni paytda Rossiya armiyasi safida bo‘lganlarini vataniga qaytarishni talab qilgan.

«Tashqi ishlar vazirligi va Hindistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiya armiyasi ixtiyoridagi barcha Hindiston fuqarolarini ozod qilish va qaytarish masalasini Dehlidagi Rossiya elchisi va umuman Rossiya hukumati bilan qat’iy ravishda muhokama qildi. Hindiston, shuningdek, o‘z fuqarolarini Rossiya armiyasiga yollashni butkul to‘xtatish borasida aniq va’da talab qiladi», – deyiladi Hindiston tashqi siyosat mahkamasi bayonotida.  

Dehli hukumati o‘z fuqarolarini Rossiyadan ish qidirishda ehtiyotkor bo‘lishga undagan.

Hindiston rasmiy idoralari mamlakat fuqarolari aldov yo‘li bilan Ukrainada urushish uchun rus armiyasiga jalb etilayotgani masalasida xavotir bildirib kelmoqda.

Joriy yil may oyida hind politsiyasi mamlakat fuqarolarini Rossiyada mo‘may daromadli ish va universitetda o‘qish va’dasi bilan rus armiyasiga jalb etish bilan shug‘ullangan to‘rt shaxsni qo‘lga oldi.

Hindiston markaziy tergov idorasi xulosasiga ko‘ra, aldov yo‘li bilan Rossiyaga keltirilgan hind fuqarolari majburiy ravishda Ukrainaga qarshi urushga yo‘llangan. Hozircha ushbu jinoiy sxema bo‘yicha 35 kishi urushga jalb etilgani tasdiqlangan. Odamfurushlar o‘z qurbonlarini ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish orqali tanlab olgan.

Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan dastlabki oylarda Hindiston betaraf maqomda turishga uringan. Ham Vashington, ham Moskva bilan strategik hamkorlikka ega mamlakat G‘arb bosimiga qaramay, Rossiya tajovuzini qoralashdan tiyilgan. Ekspertlar Dehli ma’muriyatining bu boradagi siyosatini «ikki kemaning uchini tutish» deb baholagan.  

Keyingi vaqtlarda Hindistonning Ukraina urushi borasidagi pozitsiyasi o‘zgardi. Dehli Moskvani qurolli ziddiyatni muloqot yo‘li bilan hal etishga chaqira boshladi. Xususan, bosh vazir Narendra Modi 2023-yil iyun oyida «The Wall Street Journal» nashriga bergan intervyusida Dehli hukumati Ukraina masalasida betaraf emasligini ta’kidladi.

«Ayrimlar bizni betaraf deb hisoblaydi. Yo‘q, unday emas. Biz tinchlik tomonidamiz. Barcha mamlakatlar xalqaro huquq va davlat suverenitetini hurmat qilishi shart», – deya mohiyat e’tiboriga ko‘ra Kremlning bosqinchilik urushini qoralagan Narendra Modi. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring