Germaniyadagi terakt islomga qarshi faol tomonidan uyushtirilgan — OAV
Magdeburgdagi (Germaniya) Rojdestvo yarmarkasi ishtirokchilariga qarshi teraktni Saudiya Arabistonidan kelgan qochqin Tolib Ol Abdulmuhsin uyushtirgan. U Germaniyani Yevropani islomlashtirish rejalarida ayblagan, deb yozadi Der Spiegel.
Gumonlanuvchi shifokor bo‘lib ishlagan va 2006 yilda Germaniyaga ko‘chib kelgan. U yerda u siyosiy boshpana so‘raydi va vatanida islomni tark etgani uchun qatl qilinishiga duch kelishi mumkinligini aytadi. Ijtimoiy tarmoqdagi profilidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Tolib Ol Abdulmuhsin Saudiya Arabistonidagi islomga qarshi faollarga yordam berishda ishtirok etgan.
U qirollikdan qochishning yo‘llari haqida va siyosiy boshpana olish bo‘yicha maslahatlar berib kelgan. So‘nggi paytlarda u Germaniya rasmiylarining siyosatini tobora ko‘proq tanqid qila boshlagandi. Xususan, Germaniyani Yevropani islomlashtirish istagida ekani, politsiyani esa Saudiya Arabistonidan kelgan qochqinlarga yomon munosabatda bo‘lganlikda ayblagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni uni terrorizm va odam savdosi, xususan, Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi davlatlaridan qizlarni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o‘tkazishni tashkil etishda ayblab, qidiruv e’lon qilgan. Jiddiy ayblovlarga qaramay, Germaniya unga siyosiy boshpana bergan va uni Saudiya Arabistoniga ekstraditsiya qilishdan bosh tortgan.
Avvalroq Germaniyaning Magdeburg shahrida mashinaning olomon ustiga bostirib borishi oqibatida ko‘plab insonlar jabrlangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter