Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fermerning zo‘ri — aholining sho‘rimi?

Fermerning zo‘ri — aholining sho‘rimi?

Pastdarg‘om tumani «Kichik Nayman» MFYda yashovchi bir guruh aholidan murojaat kelib tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, «Xurshid nasl chorvasi» fermer xo‘jaligiga oqib o‘tuvchi ariqdan toshgan suvdan o‘ndan ortiq uylar zarar ko‘rgan.

«Uylarimiz paxsadan qilingan, bu beshinchi marta suv toshishi, uylarimiz ichiga suv kirib ketgan, zaxlab yotibdi. Ko‘chamizdan umuman yurib bo‘lmay qoldi. Yana ikki-uch marta shu holat takrorlansa, boshpanasiz qolishimiz aniq», — deb jiddiy xavotir bildiriladi murojaatda.

Ma’lum bo‘lishicha, fermer bu holatni bilib turib ham yana suv toshirishda davom etmoqda.

— Xohlagan joylaringa murojaat qilinglar, deb o‘z bilganidan qolmayapti, o‘sha fermer. Biz bu muammoga yechim so‘rab, tuman hokimi Sherzod Rahmonovning telegram raqamiga murojaat qilgan edik. Shundan so‘ng hokimlik vakili — Shahriyor ismli mutaxassis kelib, «bular ham rejani bajarishi kerak-da», deya u ham aholiga po‘pisa qilib ketdi. Nima endi, fermer rejani bajarishi uchun biz boshpanasiz qolishimiz kerakmi? Hamma narsa inson qadri uchun degan tamoyil, bizga kelganda, teskari ishlaydimi endi, deyiladi murojaatda. 

Tahririyatdan:  Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 29 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu sohadagi muammolar, yangi tashabbus va vazifalar tahliliy muhokama qilingani holda, bir yil davomida respublikamiz viloyatlarida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishi ta’kidlangan edi. Bunda birinchi muhim vazifa — kanal va ariqlarni betonlashtirish, shu orqali suvning oqilona sarfiga erishish va imkon qadar yo‘qotishlarning oldini olish edi.

Bu borada o‘sha toshqin qilib, aholi uy-joylariga jiddiy zarar yetkazayotgan fermer nega amaliy ish qilmadi? Dolzarb oylik davomida u nega dalasiga suv boradigan ariqni betonlashtirmadi? Respublikamizda suv sarfini iqtisod qilishdek ustuvor vazifa qo‘yilgan bir paytda, u nega tomchisi oltinga tenglashtirilayotgan suvni isrof qilmoqda?

Albatta, bu holat mas’ullar tomonidan chuqur o‘rganilib, muammo o‘z yechimini topadi, degan umiddamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring