Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ekonometrik metodologiya va o‘n to‘rtinchi yirik iqtisodiyot» – Flinders universiteti professori bilan suhbat

«Ekonometrik metodologiya va o‘n to‘rtinchi yirik iqtisodiyot» – Flinders universiteti professori bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiramiz. Bu galgi suhbatdoshimiz Avstraliyadagi Flinders universiteti professori Jahongir Qahhorov.

Qahramonimiz Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bakalavr, AQShdagi Kolumbiya universitetining magistratura bosqichida ta’lim olgan. Shuningdek, Avstraliyadagi Griffit universitetida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Bir yil kechroq tahsil olishni yakunladim

Toshkent shahrida tug‘ilib-o‘sganman. Poytaxtdagi 136-maktabda o‘qiganman. Bolalikdan sport, matematika va chet tillariga qiziqishim yuqori edi. Bir safar rus tili bo‘yicha tuman olimpiadasida ikkinchi o‘rinni olganman. Maktablararo yengil atletika, basketbol, ko‘pkurash musobaqalarida ham sovrindorlar safidan joy olib kelganman.

Maktabni 1985-yil bitirgach, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning falsafa-iqtisod fakultetining falsafa bo‘limiga o‘qishga kirgan edim. Ma’lum darajada, onamning faylasuf bo‘lganlari mening bu tanlovimga sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Lekin, 1987-yil ikki yilga armiyaga majburiy xizmatga ketishimga to‘g‘ri keldi. Armiyadan qaytganimdan so‘ng, sobiq SSSR va O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘zgarishlar yuz bera boshlagan edi. Avvaliga qayta qurish, keyinchalik bozor iqtisodiga o‘tish muammolari muhokama qilina boshlagan. Iqtisodiy masalalar meni ham diqqatimni tortgan. Shu jarayonlar ta’siri natijasida iqtisodiyotga qiziqishim ortgan. Shu sabab, 1991-yil yozida, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xalqaro iqtisodiy aloqalar yo‘nalishi bo‘limiga o‘qishimni o‘tkazdim. Natijada bir yil kechroq tahsil olishni yakunlagan bo‘lsam ham, o‘zim qiziqqan iqtisodiyot sohasini o‘rgandim.

Oliygohda o‘qishni eng katta plyusi, bizga o‘sha davrdagi ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar dars bergan. Menga ayniqsa, Saida Burxanovaning ma’ruza darslari yoqardi. Saida Burxanova bizga dars berganidan bir oz vaqt o‘tib, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga vazir o‘rinbosari qilib tayinlangan. Umuman, talabalik yillarim ajoyib xotiralarga boy o‘tgan.

O‘qishni tugatgandan keyin men ham Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida bir yil ishlaganman.

Ko‘pchilik havas qilishardi

Magistraturaga topshirmoqchi bo‘lgan paytim qiziq jarayon ro‘y bergan. Aniqrog‘i, men Kolumbiya universitetini emas, Kolumbiya universiteti meni tanlagan edi. Gap shundaki, Qo‘shma Shtatlarda o‘qish uchun AQSh davlati moliyalashtirgan Freedom Support Act/Edmund Muskie dasturiga hujjat topshirganman. Tanlovdan TOEFL testi, tajriba, intervyu, esse va tavsiya xatlari natijasida o‘tganimdan so‘ng, ta’lim muassasasi ma’muriyati meni magistraturaga tanlab olgan. Bu o‘zim uchun juda katta omad edi, albatta.

Yana bir e’tiborli jihat, o‘sha vaqtlari AQShga ketayotgan talabalar, mamlakatning o‘zidagi insonlar bilan gaplashganimda, Kolumbiya universitetida o‘qishimni aytsam, ko‘pchilik havas qilishardi. Chunki oliygoh biznes, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlari bo‘yicha universitetlarning xalqaro reytinglarida yetakchilar qatorida bo‘lib kelgan.

Turli yechimlari borligini tushunishga imkoniyat yaratgan

Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, musofirlik, umuman xorijdagi hayot dunyoqarashimga katta ta’sir o‘tkazgan, deb o‘ylayman. Avvalambor, bu tajriba boshqa millat vakillarini tushunish va til topishni ancha osonlashtirdi. Turli xil iqtisodiy va moliyaviy masalalarni turli mamlakatlarda, turli yechimlari borligini ham tushunishga imkoniyat yaratgan. Albatta, ilk davrlarda tushunmovchilik va qiyinchiliklar ham bo‘lgan. Lekin, hozir turli mamlakat vakillarini oson tushunaman. Ko‘pincha xorijlikni gapirishidan va fikrlashidan qaysi davlatdan ekanligini bilib olaman. Chet elda yashash asnosida keng mushohada qilishga odatlanganman, deb o‘ylayman.

Tadqiqotim ekonometrik metodologiyalarga asoslangan

Ta’lim sohasi qiziq bo‘lgani va ilmiy izlanish qilish ishtiyoqi sabab Avstaraliyadagi Griffit universitetida doktoranturada tahsil oldim. Doktorlik ishim mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalarini hisoblash metodologiyasi va uning moliyaviy tizimga ta’siri mavzusida bo‘lgan. Misol uchun, mening ekonometrik metodologiyalarga asoslangan tadqiqotim, pul o‘tkazmalari moliya tizimini rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini isbotlaydi. Xususan, pul o‘tkazmalari uchun komissiya, pul o‘tkazmalari yuborish maskanlari soni va chet el valyutasi konvertatsiya tartiblari rasmiy kanallar orqali pul o‘tkazishga eng katta ta’sir o‘tkazishini ko‘tsatadi.

Moliya sohasida ma’ruzalar o‘qiyman

Hozir Flinders universitetida moliya sohasida ma’ruzalar o‘qiyman va tadqiqotlar olib boraman. Oliygoh Janubiy Avstraliyaning Adelaida shahrida joylashgan bo‘lib, XIX asr boshlarida Janubiy Avstraliya qirg‘oqlarini o‘rgangan va tadqiq qilgan britaniyalik navigator va sayyoh Metyu Flinders sharafiga nomlangan.

Muassasamiz innovatsion tadqiqot universitetlari (IRU) guruhining a’zosi. Akademik jihatdan universitet fanlararo yondashuvni yaratgan va uning tibbiyot va gumanitar fanlar fakultetlari mamlakatning eng yaxshi 10 taligidan joy olgan.
Dunyoning eng yaxshi universitetlari 2021-yilgi Times Higher Education reytingi Flindersni dunyo bo‘yicha 266-o‘ringa qo‘ygan. Quacquarelli Symonds reyting agentligi Flinders universitetini 2023-yildagi QS Recognition of Internationalization mukofotlari bilan butun dunyo bo‘ylab to‘rtta sovrindorlaridan biri, deb atadi.

Dunyodagi o‘n to‘rtinchi yirik iqtisodiyot

Avstraliya yuqori daromadli iqtisodiyotga ega rivojlangan davlat. 2022-holatiga ko‘ra, u aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad bo‘yicha to‘qqizinchi o‘rinni egallagan dunyodagi o‘n to‘rtinchi yirik iqtisodiyotdir. 2021-yilda Avstraliya inson taraqqiyoti bo‘yicha beshinchi o‘rinni egalladi. Avstraliya hayot sifati, demokratiya, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy erkinlik, fuqarolik erkinliklari, xavfsizlik va siyosiy huquqlar bo‘yicha dunyoda yetakchi pog‘onalardan birini egallaydi. Uning barcha yirik shaharlari global qiyosiy yashash sifati bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega.

Qolaversa, mamlakatning ayniqsa konchilik, qishloq xo‘jaligi, xizmat sohasi (avvalambor turizm va ta’lim) va infratuzilma yaxshi rivojlangan.

Shulardan kelib chiqib, O‘zbekistonda iqtisodiyot va moliya sohasida avvalambor erkinlik, raqobat, davlat aralashuvini cheklash, qonun ustuvorligini ta’minlash (buning uchun birinchi navbatda qonunlarni takomillashtirish lozim) va korrupsiyaga qarshi kurashish kerak. Oliy ta’limda o‘qitish jarayonini har bir sohaning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish maqsadga muvofiq. Eng muhimi esa tadqiqotlarga imkoniyat yaratib (ma’lumotlar va statistika bazalari) akademik erkinlikni yaratish zarur.

Hayotda har doim kurashishga o‘rgatadi

Men eng yaxshi ko‘rgan kitoblarim sirasiga Jek Londonning «Love of Life» (Hayotga muhabbat) va Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» kabilar kiradi. Birinchi kitob hayotda har doim kurashishga o‘rgatadi, ikkinchisi inson psixologiyasiga nazar tashlashga imkoniyat beradi. Eng yaxshi ko‘rgan filmlarim sifatida «The Shawshank Redemption» (Shoushenkdan qochish), «The Godfather» (Cho‘qintirgan ota), «O‘n ikki stul» kabilarni aytishim mumkin. Birinchi film har kanday sharoitda umid qilish va kurashishga o‘rgatadi, ikkinchi film inson xarakteriga chuqur nazar tashlaydi, uchinchisi esa kuldiradi.

Kelajakdagi rejalarimga to‘xtaladigan bo‘lsam, O‘zbekiston va Avstarliyada mavjud shuningdek, yangi vujudga kelayotgan muammolarga yechim topishda tadqiqotlarim va mashg‘ulotlarim orqali yordam berishni niyat qilganman.

Nurillo TO‘XTASINOV suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring