Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Kennedi kelgan universitet, 130 yillik taraqqiyot tarixi» – Germaniyadagi vatandosh hikoyasi

«Kennedi kelgan universitet, 130 yillik taraqqiyot tarixi» – Germaniyadagi vatandosh hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar»ning bu galgi suhbatdoshi Germaniyadagi Freie Universität Berlin doktoranti Agzamxon Niyazxodjayev bo‘ldi.

Vatandoshimiz Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini bakalavr, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida magistraturani tamomlagan.

Hamyurtimiz Germaniyada «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiati sifatida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

Eng sevimli darsim ingliz tili edi

Men Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topganman. Hamza tumanidagi (hozirgi Yashnobod) 244-sonli o‘rta maktabda o‘qiganman. Maktab davri turli musobaqalar va tadbirlarda faol ishtrok etar edim. Eng sevimli darsim ingliz tili edi. Shuningdek bolalik yillarimda karate sport turi bilan shug‘ullanganman va 4 marta O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Maktabdan so‘ng men o‘qishimni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida davom ettirganman. U yerda chinakam bilim va hayotiy saboqlar olganman desam adashmagan bo‘laman.

Akademik litseyni tugatayotgan paytim qaysi oliygohga kirishim masalasi kun tartibiga chiqdi. Mening oilam quruvchilar oilasi bo‘lgani uchun bobom shu kasbni davom ettirshimni xohladilar va menga Toshkent arxitektura va qurilish institutiga o‘qishga topshirshimni maslahat berdilar. O‘sha payt men bu taklifni rad eta olmadim. Lekin u yerda faqatgina 1 yil o‘qidim va 2 kursdan yangi ochilgan Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga o‘qishimni ko‘chirdim.

Bunga sabab qisqa qilib aytganda, u yerdagi o‘qish tizimi va sifati meni umuman qoniqtirmadi va men bu yerda o‘zimga kerakli bo‘lgan ilmlarni olmadim. Hozir 4 yil rohat olib yurgandan ko‘ra, boshqa oliygohga o‘tib 4 yil bilim olib keyin qolgan umrimni rohatda o‘tkazganim men uchun yaxshiroq deb o‘yladim va u oliygohdan ketishga qaror qildim. Bu qarorimni oila azolarimga aytganimda ular buni qo‘llab-quvvatlashdi. Ammo, o‘sha o‘tgan bir yil ichida men u yerda ko‘plab yaxshi insonlarni uchratdim va yaxshi do‘stlar orttirdim.

Magistratura bosqichini WIUT’da yangi ochilgan «Amaliy iqtisodiyot» yo‘nalishida davom ettirdim. Darslarga ishdan chiqib kechki payt borar edim. Mening uchun iqtisodiyot yo‘nalishi yangi bo‘lgani uchun oilam va ishdan ko‘ra ilmga ko‘proq vaqt ajratishga to‘g‘ri keldi.

Jon Kennedi tashrif buyurgan universitet

Hozir Berlindagi Fray universitetida ilmiy tadqiqot olib bormoqdaman. Universitet dunyoning TOP-100 universitet ro‘yxatiga kiradi va bu yerda 25 mingdan ziyod talabalar 34 xildan ko‘p yo‘nalishda tahsil oladilar. Oliygoh 1948-yil amerikaliklar yordamida tashkil etilgan. Bu yerga hatto AQShning o‘ttiz beshinchi Prezidenti Jon Kennedi tashrif buyurib universitetning faxriy unvonini olgan. Qolaversa, ta’lim muassasamizdan ko‘plab Nobel mukofot sovrindorlari va taniqli siyosat arboblari yetishib chiqqan.

Ilmiy tadqiqotimni O‘zbekiston iqtisodiyotini o‘rganish uchun va tadqiqotim natijalari mamlakatimiz manfaati uchun xizmat qilish kerak degan fikrda edim va aynan ushbu universitetda mening fikrimni qo‘llab quvatlaydigan ilmiy rahbarni va yo‘nalishni topdim. Bir necha sinovlar va suhbatlardan o‘tganimdan keyin ilmiy rahbarim meni universitetga qabul qilinganim haqida xabar berdi. Lekin, mening ilmiy tadqiqotimni moliyalashtirish masalasi hali ham muammo bo‘lib turgan edi. Shunda men ikkilanmasdan «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan e’lon qilingan stipendiya tanlovida ishtirok etdim va g‘olib bo‘ldim.

Aniq raqamlar, ekonometrik modellar yo‘q

Ilmiy ishimga to‘xtaladigan bo‘lsam, u uch qismdan iborat bo‘lib to‘liq O‘zbekistonning iqtisodiy muammolarini tahlil qilish va bu muammolarni yechish uchun takliflar berishdan iborat. Eng asosiy savol, nega biz rivojlanayotgan davlatlar ro‘yxatidamiz? Davlatimizning iqtisodiy rivojlanishida qanday kamchiliklar bor va bularning sabablari nimada? Ularni qanday qilib bartaraf qilish mumkin?

Biror bir davlatning iqtisodiy rivojlanish darajasi turli omil va sabablarga bog‘liq. Bulardan biri bu o‘sha davlatning o‘tmishi va tarixi. Hozirda ko‘p iqtisodchilarimiz O‘zbekiston rivojlanishini tahlil qilishganda ushbu omilni inbotga olishmaydi. Tassavur qiling, agar insonga otasidan merosga ko‘p boylik qolsa u qanday yashaydi va aksincha merosga qarz qolsachi u qanday yashaydi? Ya’ni, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganida uning iqtisodiyoti qanday sharoitda edi? Sovet tuzumidan O‘zbekistonga nima meros bo‘lib qoldi? Ushbu masala bo‘yicha tarixchilar ikkiga bo‘lingan. Kimdir ular sivilizatsiya olib kirgan desa, boshqalar aksincha sovet timizi bizni barbod qilgan deyishadi. Lekin shu kungacha hali hech kim aniq raqamlar, ekonometrik modellar bilan ushbu yo‘nalishda ilmiy ishlar olib bormagan. Shularni inobatga olib men ilmiy ishimning birinchi bosqichida O‘rta Osiyo Xonliklarini Chor Rossiyasiga mustamlaka bo‘lgan ilk yillaridagi iqtisodiy rivojlanish jarayonini ekonometrik modellarga quyib tahlil qildim. Hozirda ilmiy ishimni bir nechta professor-olimlarga fikr-mulohazalarini olish uchun yuborganman.

Bunday siyosat hatto, AQShda ham yo‘q

Fikrimcha, O‘zbekiston va Germaniya iqtisodiyotlarini solishtirish to‘g‘ri ish bo‘lmaydi. Chunki Germaniya bu rivojlangan davlat O‘zbekiston esa rivojlanayotgan davlat. Albatta, rivojlangan davlatlarda iqtisodiy-ijtimoiy muammolar rivojlanayotgan davlatlarga qaraganda kam bo‘ladi. Germaniyaning eng kuchli iqtisodiy tomonlari shaxsan men uchun bu davlatning aholi orasida ijtimoiy tenglikni ushlab turishi va qo‘llab quvvatlashi bo‘ladi. Bunday siyosat hattoki AQShda ham yo‘q. O‘zbekistonga kelsak, mehnatkash xalqimiz iqtisodiyotimizning eng kuchli asoslaridan biri deb o‘ylayman. Inson kapitali bu iqtisodiy rivojlanishning asosiy ustuni va u haqida juda ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilgan va olib borilmoqda.

Fursatdan foydalanib, iqtisodiyot sohasini tanlamoqchi bo‘lganlarga kichik tavsiya bermoqchiman. Hozirgi kunda iqtisodiyot turlari juda ham ko‘p. Misol uchun, siyosiy iqtisodiyot, energetika iqtisodiyoti, tabiiy resurslar iqtisodiyoti va hokazo. Shuning uchun qaysi yo‘nalishda ilmiy ish olib bormoqchisiz, qaysi yo‘nalish siz uchun qiziq? Shundan kelib chiqib yo‘nalishni tanlab olish kerak. Albatta, iqtisodiyot sohasida ilmiy ishlar olib borish uchun matematika fanini juda yaxshi o‘zlashtirib olishni maslahat beraman.

O‘zlarida vaqt va iroda topa olishmaydi

Xorijga ketish, avvalambor insonni «qulaylik zonasi»dan chiqishiga olib keladi. Chunki chet elda yashash bu yangi hayot boshlash degani. Hamma joyning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari va qadriyatlari bor. Ular har doim ham bizning dunyo qarashimizga to‘g‘ri kelavermaydi.

Savolingizning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, Germaniyaning ijobiy taraflari ko‘p. Men uchun shu yerda yashayotgan aholining qonun- qoidalarga bo‘ysunishi, tabiatni muhofaza qilishda hattoki davlatdan ham ko‘proq qayg‘urishi, boshqa bir insonning fikrini hurmat qilishi yaxshi taassurot qoldirgan. Salbiy taraflari esa, bu bizning madaniyatimiz, qadriyatlarimizning aksi rivojlanib ketgani. Misol uchun, bu yerda oila qadriyatlari deyarli qolmagan. Ota-onalarni hurmat qilish, ular haqida qayg‘urish, xabar olish uchun ko‘p yoshlar o‘zlarida vaqt va iroda topa olishmaydi.

Xalqimizga xizmat qilish mening oliy maqsadim

Germaniyada men turli turli millat vakillariga mansub, dunyoqarashi har xil bo‘lgan insonlar bilan ko‘p muloqotda bo‘laman. O‘zimga xulosa qildimki, TOP-100 ro‘yxatiga kirgan universitetlarda o‘qishingiz, bu sizni ilm-ma’rifatli, madaniyatli, qilib qo‘ymas ekan. Shuning uchun men avvalo Imom Buxoriyning «Al-adab Al-Mufrad» kitobini o‘qishni tavsiya qilgan bo‘lar edim. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ushbu kitobni «Odoblar xazinasi» deb nomlangan kitoblarida o‘zbek tilida sharhlaganlar.

Bilasizmi, insonlarning eng yaxshisi bu boshqa bir insonlarga foydasi tegadigani deb, hisoblayman. Mana shu fikrim, ishonchim men uchun hayot missiyamdir. Shu ma’noda, doktorantura bosqichini tugatib, xalqimizga xizmat qilish mening oliy maqsadim.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring