TOP-50talikdagi universitet, 6G tarmog‘i va musofirlik hissi — Xitoydagi vatandosh hikoyasi
«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi qahramoni Xitoydagi Shanxay Jiatong universitetida ilmiy tadqiqot olib borayotgan vatandoshimiz Sarkor Qurbonov bo‘ldi.
Hamyurtimiz Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Navoiy davlat konchilik institutining bakalavr, Xitoydagi Shensi fan va texnologilar universitetining magistratura bosqichini tamomlagan.
Bobom — yutuqlarimning asosiy sababchisi
Navoiy viloyati Navbahor tumani Saroy qishlog‘ida ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Dastlab 7 sinfgacha mahallamizdagi Alisher Navoiy nomidagi 15-sonli maktabda va keyin Navoiy shahridagi 11-sonli maktabda o‘qiganman. Bolalik yillarim qishlog‘imizda, aniqrog‘i, katta oila davrasida asosan bobom va buvim tarbiyasida o‘tgan.
Bobom fizika fani o‘qituvchisi bo‘lganlar va aynan shu jihat aniq fanlarga qiziqishim bolalikdan boshlanishiga sabab bo‘lgan. Bobom juda tartibli va ilmli inson edilar hamda bizni ham shu tartibga yoshligimizdan o‘rgatganlar. Ularni bugungi kundagi yutuqlarimning asosiy sababchilaridan biri, deb bilaman.
Hayotimning asosiy burilish nuqtasi Navoiy shahridagi 11-maktabga ta’lim olishga kelganimdan keyin boshlangan, bunda amakimning xizmatlari bor.
Maqsadim – sohaviy va dunyoviy bilimlarimni kengaytirishtirish bo‘lgan
Bakalavr bosqichida o‘qish uchun Navoiy davlat konchilik institutini tanlashimga sabab — birinchi o‘rinda dadam shu oliygohda o‘qiganlari hamda energetika sohasida respublika bo‘yicha yaxshi ta’lim bera oladigan institutlardan biri, deb o‘ylaganligim. Institutdagi ta’limning minus va plyus tomonlariga to‘xtaladigan bo‘lsam, plyus tomonlari ko‘proq, biroq minus tomonlari ham yetarlicha. Kasbga o‘rgatish, sohani isloh qilish, dunyoqarashning o‘sishi va shu kabilarni plyus tomonlariga misol desam, muhandislik sohasiga oid amaliyot qilishga yetarli sharoit yaratilmaganligi, talabalarning ta’lim olishidan ko‘ra, ularning tashqi ko‘rinishi va kiyimiga (formasiga) ko‘proq e’tibor qaratilishini minuslari, deb aytishim mumkin. Ochig‘ini aytganda, oliy ta’limga kirishdan ko‘ra, uni bitirish osonroq bo‘lishi oliygohlardagi eng katta salbiy jihatlaridan biri, deb hisoblayman.
Bakalavrdan keyin magistratura bosqichida ta’limni davom ettirishga qaror qilganman. Shu niyatda, ingliz tilidan bilimimni oshirish va IELTS sertifikati olish uchun harakat qila boshlaganman. Asosiy maqsad ayni bir davlatda ta’lim olish emas, chet elda sohaviy va dunyoviy bilimlarimni kengaytirishtirish bo‘lgan.
4-bosqich bo‘lganimda Xitoyning ikkita universitetiga hujjat topshirganman va ularning ikkalasiga ham qabul qilingandim. Tanlagan soham bo‘yicha Shensi fan va texnologiyalar universiteti yuqori o‘rinlarda bo‘lganligi uchun shu dargohni tanlaganman. Biroq, koronavirus pandemiyasi tufayli o‘qishni onlayn tugatishimga to‘g‘ri kelgan.
Universitet 100 yildan ortiq tarixga ega
Hozirgi kunda ta’lim olayotgan Shanxay Jiatong universiteti TOP-50 universitetlaridan biri bo‘lganligi uchun unga kirish oson kechmagan. Asosiy qiyinchilik universitetdagi professordan rozilik xati olish jaryoni bo‘lgan. Sababi, sizning ilmiy ishingiz professorning ilmiy tadqiqot ishiga to‘g‘ri kelishi, shuningdek, professorga nima uchun aynan sizni tanlashi kerakligini ko‘rsatib berish kerak.
Ushbu universitetni tanlaganimga asosiy sabab — universitet dunyo reytingida axborot-kommunikatsiya sohasida yuqori o‘rinlarda turishi, o‘zim oldin o‘qigan davlatda bo‘lgani hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarning yanada rivojlanib borayotganligi bo‘lgan.
Universitetning to‘liq grantini yutganman, universitetda ilmiy izlanishlarni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar mavjud, ta’lim bilan bog‘liq barcha xarajatlar qoplab beriladi. Ushbu universitet 100 yildan ortiq tarixga ega, Xitoyning bir qancha yirik biznes va siyosiy vakillari shu yerda o‘qishgan.
Xorijda ta’lim nafaqat sinovlar, balki yutuqlar tufayli ham dunyoqarishimni tubdan o‘zgartirgan. O‘zga yurtga kelgan zahoti musofirlikning qandayligini his qilganman, ko‘plab qiyinchiliklar bo‘lgan, lekin bir narsaga ishonchim komil — yo‘qotish bo‘lmagan. Boshqa davlatlardan do‘stlar orttirdim, sohaviy bilimlarimni mustahkamladim, Xitoy tajbirasini o‘rgandim va yana boshqa ko‘plab natijalarga erishdim.
O‘zbekiston uchun ham dolzarb ahamiyatga ega
Ilmiy ishim kommunikatsiya tarmog‘ida axborotlarni xavfsiz uzatish bilan bog‘liq. Ilmiy rahbarim professor Yang Xue Lin. Soha bo‘yicha ko‘plab shogirdlar chiqargan.
Barchamizga ma’lumki, hozir axborot asrida yashayapmiz hamda axborotlarni xavfsiz va sifatli uzatish doim asosiy vazifalardan biri bo‘lib kelgan. Xitoy ushbu sohada jahondagi yetakchi davlatlar sirasiga kiradi, axborotlar tezkor va xavfsiz uzatish yuzasidan ulkan tajribasi bor. Bugungi kunda olib borayotgan ishim O‘zbekiston uchun ham dolzarb ahamiyatga ega, xususan davlat boshqaruvida axborotlarni xavfsiz uzatish mamlakatimizda hamisha dolzarb bo‘lib kelgan.
6G tarmog‘ini sinovdan o‘tkazmoqda
Xitoy bugungi kunda 6G tarmog‘ini sinovdan o‘tkazmoqda, bu axborot uzatish tizimida ulkan yutuq desam, mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanib borayotganligini hisobga olib, kelgusida ushbu tizimni O‘zbekistonda ham joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilishi shubhasiz.
Yana bir e’tiborli jihat, Xitoyda bizga ma’lum brauzerlar ishlamaydi. Xususan, «Google». Xitoy o‘zi uchun barcha yo‘nalishlarda alohida internet serverlarini yaratgan, bu albatta ajablanarli, ya’ni dunyoga bog‘lanib qolmagan, boshqa tarafdan Xitoyga tashrif buyuruvchilarga bir muncha qiyinchiliklar tug‘diradi.
Bu soham bo‘yicha bir misol. Agar Xitoy madaniyati va aholisining turmush tarziga hamda iqtisodiyotiga to‘xtaladigan bo‘lsam, u o‘z qadriyatlarini uzoq yillar davomida saqlab qolgan hamda uzoq yillik tarixga ega davlatlardan biri. Iqtisodiy jihatdan bugungi kunda yuqori o‘rinlarda turishi hech kimga sir emas, Xitoyda barcha turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi, talabning yuqoriligi esa ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobatning kuchliligi, shu o‘laroq sifatning yuqoriligini ko‘rsatadi.
Fursatdan foydalanib, Xitoyga ta’lim olish uchun kelmoqchi bo‘lganlarga xitoy tili va madaniyati bilan tanishish, mustaqil qaror qabul qilishga o‘zini tayyorlashni tavsiya qilardim.
Kitob mutolaasiga vaqt ajrataman
Axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritsam-da, kitob mutolaasiga vaqt ajratishga har doim harakat qilaman. O‘zim o‘qib, boshqalarga ham tavsiya bera oladiganlarim sirasiga, dastlab o‘zbek adabiyotidan O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» kitobini aytishim mumkin. Jahon adabiyotidan Robert Igorning «The Ride of a Lifetime» kitobini hayotiy sinovlarni kelajak uchun poydevor, deb belgilash va ulardan doim to‘g‘ri xulosa chiqarishga undaydigan kitob bo‘lganligi uchun tavsiya qilaman.
Shuningdek, Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik» romani inson o‘z-o‘zini rivojlantirishi uchun zarur bo‘lgan kitob, deb bilaman.
Nurillo To‘xtasinov tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter