Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bahrom Abduhalimov «jamiyatda yurish-turish odob-axloq qoidalari»ni joriy etish g‘oyasini ilgari surdi

Bahrom Abduhalimov «jamiyatda yurish-turish odob-axloq qoidalari»ni joriy etish g‘oyasini ilgari surdi

Foto: Adolat

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda partiya faollari, deputatlar, xayrixohlar, hamkor tashkilotlar vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar, faol xotin-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdilar.

Uchrashuvni Prezidentlikka nomzodning Namangandagi ishonchli vakili – «Adolat» SDP viloyat Kengashining raisi Isroiljon Jo‘rayev qisqacha kirish so‘zi bilan ochdi. Ishtirokchilarga nomzodning tarjimai holi va faoliyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Shundan so‘ng Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov so‘zga chiqib, o‘z saylovoldi dasturida ilgari surilgan ilg‘or g‘oyalar, asosiy masalalarni saylovchilar e’tiboriga havola qildi.

Xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning rolini kuchaytirish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga vatanparvar, professional va fidoyi insonlar kelishini ta’minlash, jinoyatchilikka, poraxo‘rlikka, ta’magirlikka, zo‘ravonlikka qarshi murosasiz kurashish, adolatli va mustaqil sud-huquq tizimini yaratish ishlarini davom ettirish, sudni tom ma’noda adolat qo‘rg‘oniga aylantirish kabi asosiy masalalar diqqat markazidan joy olganligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda davlat va xususiy biznes hamkorligini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash to‘g‘risida fikr yuritildi.

Saylovoldi dasturiga ko‘ra, ma’naviy tarbiyaning ustuvorligini ta’minlash uchun «Adolat» SDP davlat barcha madaniy, tarixiy yodgorliklarni va tabiat yodgorliklarini ro‘yxatdan o‘tkazishi va saqlashi, ularga mablag‘ ajratishini shartligi qayd etildi. Shuningdek, milliy va tarixiy qadriyatlarimizga asoslangan «Jamiyatda yurish-turish odob-axloq qoidalari»ni yaratish va joriy etish g‘oyasi ilgari surildi.

Aholini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash, fuqarolar orasida tibbiy madaniyatni shakllantirish kabi ijtimoiy masalalarning dasturdan joy olganligi alohida e’tirof etildi. Mamlakat uchun zamonaviy, yuqori intellektual kadrlarni tayyorlashda ta’lim tizimining barcha bosqichidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va jadallashtirish g‘oyalari ham ma’qullandi.

Nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan fikr-mulohaza bildirgan saylovchilar vakillari nomzodni qo‘llab-quvvatladilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Abduhalimov Bahrom Abdurahimovichga ovoz berishga chaqiriqlar yangradi.

Uchrashuv yakunida nomzod Bahrom Abduhalimov saylovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha, hayotiy misollar bilan asosli javoblar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring