Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Argentina — Yamayka 5-0! Yana Faktlar. Yana futbol!

Argentina — Yamayka 5-0! Yana Faktlar. Yana futbol!

Argentina futboli faqat Messi va Maradonadan iborat emas.

Foto: «vespo.com.ua»

  • 1998-yilda Fransiyada bo‘lib o‘tgan jahon kubogida Yamayka terma jamoasi Argentinaga 5-0 hisobida yutqazdi. Futbolda deyarli nomi chiqmagan termaning nomdor Argentina termasiga yutqazishini oddiygina qabul qilsa ham bo‘lardi. Lekin bu Jahon chempionati edi va natija ko‘pchilikni hayratga soldi (oldinroqqa ketib aytish mumkinki, keyinchalik Jahon kuboklarida bu natija bir necha bor ortda qoldirildi. Masalan: Portugaliya-Shimoliy Koreya — 7-0). Yamaykaning mag‘lubiyati «Chayf» estrada guruhini ilhomlantirib yubordi va bu guruh «Argentina- Yamayka 5-0» degan qo‘shiq yaratishdi. Xit darajasiga chiqqan bu qo‘shiq futboldagi natijaning ancha vaqt tildan tushmasligiga sabab bo‘ldi;
  • Avstraliya termasi futbol tarixida bir qator rekordlar sohibi hamdir. Avstraliya 2001-yilning 11-aprelida Sharqiy Samoa termasini 31:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu natija terma jamoalar ichida rekordga aylandi. O‘yinda avstraliyalik Archi Tompson 13 ta gol kiritdi va yana bir rekordni qayd etdi;
  • O‘tgan asrning 70-yillarida Belgiyada bir o‘yin o‘tkazildi. Unda ikki jamoaning barcha o‘yinchilari va maydondagi uch hakamning familiyasi bir xil - Van Loy edi;
  • Zimbabve chempionatidagi o‘yinlardan birida, 23-daqiqada futbolchilarga arilar hujum qilishdi. Hakam 45-daqiqada arilar ketishiga umid yo‘qligini anglaganidan so‘ng o‘yinni butunlay to‘xtatdi;
  • Dunyo bo‘ylab cho‘chqa grippi avj olgan 2009-yilda meksikalik futbolchi Ektor Reynoso qizishib ketdi va raqibi yuziga avval tuflab, keyin aksirdi. Kamiga cho‘chqa grippi bilan kasallanganini ham pisanda qilib qo‘ydi. Bu qilig‘i uchun futbolchi bir necha o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi;
  • Dunyoda strikerlar atalmish shunday toifa odamlar borki, ular ommaviy tomoshalar, xususan futbol chog‘ida yalang‘och holda maydonga yugurib chiqib hammaning diqqatini tortishadi. Bundaylarning eng mashhuri Angliyalik Mark Robertsdir. U bu qilig‘ini 150 dan ortiq o‘yinlarda ko‘rsatgan. Markning voyaga yetgan uch farzandi bor va ular otalarining bu ishini qo‘llab-quvvatlashadi. Markning chiqishlaridan kazinolardan biri o‘z reklama roliklarida foydalanadi va u buning ortidan pul ishlaydi. Shu bois har safar politsiya qo‘liga tushganida 5000 funt jarimani xotirjamgina to‘laydi. Ammo rejiserlar bunday insonlar maydonga chiqib kelishi bilan kamerani boshqa joyga burib qo‘yadilar;
Ularni bizga ko‘rsatishmaydi va... to‘g‘ri qilishadi. Foto: «pda.sports.ru»
  • Shvetsiyada bo‘lib o‘tayotgan futbol matchlaridan biri boshlanishi oldidan futbolchi Yuxansson xotinini tug‘ruqxonaga tashlab keldi va o‘yinga kirishib ketdi. Avvaliga o‘yin hech qizimadi, hisob ham ochilavermadi. Keyin kimdir chetdan turib Yuxanssonga xotini qiz tuqqanligini baqirib aytdi. Futbolchi butunlay o‘zgarib, juda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi raqib darvozasiga javobsiz to‘rtta to‘p yo‘lladi. O‘yindan so‘ng hayratda qolgan hakam unga «Shodlik futbolchini bunchalar o‘zgartirib yuborganini endi ko‘rishim» deganida Yuxansson «Qanaqa shodlik? Men qahr bilan to‘p surdim. Axir o‘g‘lim bo‘lishini xohlagandim»-, deya javob berdi.
  • Italiyaning Kampos shaharchasida o‘t o‘chiruvchilar yong‘in chiqqan yuqori qavatdagi uylarning biriga zina yordamida ko‘tarildilar va uydagi odamni pastga olib tushdilar. Qutqarilgan odam minnatdorchilik ham bildirmay yugurganicha ketib qoldi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, u Jovanni Kuidziro ismli muxlis bo‘lib, xotini uni futbolga jo‘natmaslik maqsadida uyga qamab qo‘ygan ekan. Jovanni tutqunlikdan qutulishning xavfli, lekin samarali usulini o‘ylab topgandi;
  • «Suyunchi»dagi Shermatning orzusini amalga oshirganlar ham bor. Polshaning Bidgosh shaharchasidagi antiqa futbol o‘yinida sangtarosh Osinskiyning 15 yoshdan 28 yoshgacha bo‘lgan 11 nafar o‘g‘li yaxlit jamoa holida to‘p surdi;
  • Argentinada qay toifa yaxshiroq natijalarga erishishini aniqlash maqsadida bo‘ydoqlar va uylanganlar o‘rtasida o‘yin o‘tkazildi. O‘yin davomida uylanganlar darvozaiga penalti belgilandi va to‘p kiritildi. Shunda uylanganlarning xotinlari maydonga chiqib janjal ko‘tarishdi va o‘yin to‘xtatildi;
  • Kolumbiyada «Union Magdalena» jamaosi «Deportivo» jamoasini qabul qilgandi. O‘yin deyarli oxiriga yetdi hamki to‘p darvozalarga kirishni istamadi. Ko‘pchiligi narkobiznesga aloqador bo‘lgan muxlislar asabiylasha boshladilar va har ikki jamoa futbolchilarini ham, hakamni ham o‘yin yakunida boplab do‘pposlamoqchi bo‘ldilar. Hakam vaziyatdan chiqishning ajoyib usulini topdi. Ikki jamoa sardorini yoniga chaqirdi va nimalarnidir tushuntirdi. 92-daqiqada «Deportivo» darvozasiga to‘p kiritildi. Muxlislar futbolchilarni ham, hakamni ham olqishlab kuzatib qolishdi. Lekin ertasiga OAVda o‘yin hisobi 0-0 deb e’lon qilindi. Bu paytda golni ataylab kiritib bergan, lekin protokolga yozmagan hakam ancha uzoqqa ketib bo‘lgandi. Futbol federatsiyasi ham xavfsizlik nuqtai nazaridan bunday chora ko‘rgan hakamning ishidan qoniqish hosil qildi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring