Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

«Ey sohibi iqtidor, qahramon Amrillosiz!» – Sog‘liqni saqlash vaziri madh etilgan she’r e’lon qilindi

«Ey sohibi iqtidor, qahramon Amrillosiz!» – Sog‘liqni saqlash vaziri madh etilgan she’r e’lon qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Shodiyevich Inoyatov tug‘ilgan kuniga bag‘ishlab tayyorlangan lavha aylanib yuribdi. Professional ovoz bilan o‘qilgan she’r matni ustalik bilan montaj qilingan kadrlarni to‘ldirib boradi. Ammo she’r so‘zlari ma’no jihatdan ancha sayoz, nazmning oddiy qoidalariga rioya qilinmagan tartibsiz yozishmani eslatadi.

She’rda vazir «Ulug‘vor xalqimizning hurmatiga loyiqsiz, bemor ahlining mudom izzatiga loyiqsiz» deya alqansada, tasvirlarda biror bemor yoki oddiy xalq vakili ko‘zga tashlanmaydi. Barcha kadrlar Amrillo Inoyatovning tantanali tadbirlarda salobat bilan ko‘rinish bergani, turli darajadagi rahbarlar oldida loyihalarni taqdim etayotgani aks etgan.

Lavha kim tomonidan tayyorlangani, she’r deyish qiyin bo‘lgan abgor satrlarni kim yozgani ma’lum emas. Ammo vazirga maqtovlar va dastlab soha vakillarining sahifalarida e’lon qilinganidan anglash mumkinki, bu tizimdagi quyi amaldorlarning tashabbusi.

Mazkur o‘ziga xos tabrikka vazirning munosabati ham aniq emas. Biroq lavhaning rasmiy manbalarda chiqmasada, soha vakillari sahifalarida bir necha kun saqlanganidan bilish mumkinki, Amrillo Inoyatov bu tashabbusga rozi bo‘lgan yoki «Sukut alomati rizo» shaklida qarshilik bildirmagan.

Albatta, har bir insonni, hatto amaldorda tavallud kuni bilan tabriklashda biror yomonlik yoki qonun buzilish holati yo‘q. Amrillo Inoyatovni madh etganlar ham ezgu niyatlarda bo‘lgan bo‘lsalar ehtimol.

Lekin yaqin bir yilning o‘zida Sog‘liqni saqlash tizimi ikkita yirik, aytish mumkinmi dahshatli muammoni boshdan kechirdi va ular butun jamiyatni larzaga keltirdi. «Dok 1 Maks» dorisi sohaning naqadar korrupsiya botqog‘iga botib ketganini ko‘rsatgan bo‘lsa, yod preparatlaridan ommaviy zaharlanish bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha tizimning o‘zi yo‘qligini namoyon qildi. Vazir dorilar xaridiga oid savollarga «Chuqurlashmanglar» deya izoh berdi.

Eng achinarlisi – bu kamchiliklar jafosiga 60 dan ortiq begunoh go‘daklar o‘z jonlaridan ayrilishdi. Bundan tashqari ham soha chuqur islohotga zarurat sezib turgan bir paytda vazirning bu tarzda madh etilishi hamda bu lavha «o‘ta kamtarlik» bilan jamoatchilikka sizdirilishini hazm qilish qiyin. Ispancha uyat!

Umuman olganda O‘zbekistonning yangi tarixida rahbarni she’r va qo‘shiqlarda ochiq madh etish amaliyoti oldin ham bir necha bor kuzatilgan. Jumladan 2020 yilda «Bizni boshlab zafarga, elni boshlab hasharga, Yurtboshimiz ishongan, hokim keldi shaharga» deya Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimov madh etilgandi.

Quyida Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovga atab yozilgan she’r matni va lavhaning o‘zini taqdim etamiz:

«Baloga yuz tutganlar joniga jon bo‘ldingiz

Tomiriga qon taniga bo‘lib jon bo‘ldingiz

Madorsiz tanga go‘yo osh ila non bo‘ldingiz

Dardini quvib tandan, shonga nishon bo‘ldingiz

Sizsiz daryoi tabib, qahramon Amrillosiz!

 

Shubhasiz parvardigor mehriga loyiqsiz

Ulug‘vor xalqimizning hurmatiga loyiqsiz

Bemor ahlining mudom izzatiga loyiqsiz

Ilmu hikmatning asl hikmatiga loyiqsiz

Ey sohibi iqtidor, qahramon Amrillosiz!

 

Yurtboshimiz hamisha sizni qo‘llab turibdi

Jangovar mehnat sari sizni yo‘llab turibdi

O‘zbek xalqi duoni sizga aytib turibdi

Sizga kuchu quvvatni haqdan tilab turibdi

Haq yo‘lda doim tayyor qahramon vazirsiz

El dardiga malham fidokor Amrillosiz!

Xalq suyangan suyanchiq, tabibu Amrillosiz!

 

Amrillo Shodiyevich, tavallud ayyomingiz muborak bo‘lsin» – deya tugallanadi lavhadagi so‘zlar.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring