Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mikrokreditbankda yangi anti-korrupsion tizim joriy qilinadi

Mikrokreditbankda yangi anti-korrupsion tizim joriy qilinadi

Foto: «Xabar.uz»

«Mikrokreditbank» ATB tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati tubdan qayta ko‘rib chiqiladi, xalqaro standartlar asosida ishlaydigan anti-korrupsion tizim joriy qilinib, faqatgina Bank kengashiga bo‘ysunadigan mustaqil tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Tuzilma Mikrokreditbank tizimida halollik standartlarini joriy etish, ya’ni korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta’sirchan tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratadi. Bunda hodimlar zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-hatarlarni baholash tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa qilib olingan.

Korporativ madaniyat korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim jihati hisoblanib, u xodimda odob-axloq, mas’uliyat va halollikni tarbiyalashi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi jamiyatning barcha a’zolari tomonidan «halollik vaksinasi» bilan emlanmas va korrupsiyaning barvaqt oldini olishga o‘tilmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmasligimizni ta’kidlagan edi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz iqtisodiyoti va kredit-moliya tizimida noqulay ichki va tashqi omillar sabab bo‘lgan inqiroz tendensiyalari saqlab qolinmoqda. Afsuski, korrupsiya iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan kuchli omillardan biridir. Bu yerda bank tizimi ham istisno emas.

Darhaqiqat, bank va moliya-kredit sohalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish vositalari turlicha bo‘lishi mumkin.  Ushbu mexanizmda kredit tashkilotlarining ichki xavfsizlik xizmatlari va xatarlarini boshqarish, ularning vijdonsiz xodimlar tomonidan korrupsiya holatlarini zudlik bilan ochib berish qobiliyatlari, shu jumladan, eng yuqori darajadagi bank boshqaruvi muhim rol o‘ynaydi.

Afsuski, bank tizimida korrupsiyaga qarshi huquqiy tartibga solish yetarli darajada rivojlangan emas. Bundan tashqari, ushbu sohadagi korrupsiyaga qarshi vositalar asosan korrupsiya holatlarini yo‘q qilishga emas, balki ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Bunday holatlar barqarorlik va samaradorlikni oshirish maqsadida bank tizimidagi korrupsiyani yengishning ta’sirchan va samarali mexanizmlarini izlash, tatbiq etish va sinovdan o‘tkazish dolzarbligini tasdiqlamoqda. Shu sababdan ham Mikrokreditbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimning joriy qilinishi, yuqoridagi kabi muammolarni yuzaga kelishini oldini oladi.

Bu bo‘yicha bank tizimida yuridik audit — due diligence tizimini joriy etish va huquqiy ekspertiza ishlarini yanada takomillashtirish hamda yuridik xizmat xodimlarini malakasini oshirish, xususan komlayens nazorat va yuridik audit –  due diligence tizimi sohasida maxsus bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish yuzasidan o‘quv kurslarini tashkillashtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Qayd etish kerakki, korrupsion xavf-xatarlarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kompleans funksiyalarni amalga oshiruvchi xodimlardan soha bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlikni taqozo etadi.

Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz!

Jahongir MAQSUDOV,
“Mikrokreditbank” ATB
Yuridik xizmat departamenti direktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring