«O‘zteleradiokompaniya» jurnalisti iqrori: «Sukut saqlashni qoyillatyapmiz»
Gapni «Yurtimizda bo‘layotgan islohotlar samarasi o‘laroq...» yoki «bizga yaratilayotgan imkoniyatlar...» kabi so‘zlar bilan boshlamoqchi emasman. Yoki yozmishimizni, siyosiy va jiddiy tus berish uchun, mavzuga aloqador bo‘lgan-bo‘lmagan qarorlar, farmonlarning uzundan-uzoq nomlari hamda chiqarilgan sana va sonlari bilan boshlash niyati ham yo‘q. Chunki o‘quvchi baribir shu joylarini «tashlab» o‘tadi.
Ushbuni yozishga salla bilan kallaning farqiga bormaydigan ayrim hokimlarning ishkallaridan so‘ng Prezidentimiz ulardan blogerlar oldida xalqdan uzr so‘rashni talab qilgani turtki bo‘ldi. Alam qilgani shu bo‘ldiki, nega uzr televideniye orqali amalga oshirilmadi?
Buni Prezidentning televideniyega nisbatan ishonchsizligi deb bildim...
Bugungi kundagi islohotlarda biz kutgan va kutmagan voqealar ro‘y bermoqda. Bulardan, asosan, ijtimoiy tarmoqlar orqali boxabar bo‘lib boryapmiz. Aslida biz, jurnalistlar, ayniqsa, telejurnalistlar ana shu voqealar qoq markazida bo‘lishimiz kerak emasmi?
Mardona tan olsak, hozirgi davrda Prezident va xalqqa kamarbasta bo‘lishi kerak bo‘lgan OAV xodimlari tomoshabin bo‘lishdan nariga o‘ta olishmayapti. Aniqrog‘i, davlatga qarashli gazeta va jurnallar, ayniqsa, televideniye jamiyatda bo‘layotgan voqea-hodisalarni hayrat ko‘zi bilan kuzatmoqda. Aslida o‘z pozitsiyasi va vazifasini bajarishi lozim bo‘lgan televideniye jurnalistlari sukut saqlashni qoyillatmoqda. Jamiyatda yaxshi tomonga bo‘layotgan o‘zgarishlardan samarali foydalanib qolayotgan tajribali korrupsionerlarga qarshi kurashishi lozim bo‘lgan televideniye har doimgi 15 yillik tajribasiga sodiq qolmoqda.
Yaqinda ro‘y bergan hodisalarni olaylik. Masalan, Sergeli tumanida qurilayotgan uylar bilan bog‘liq mojaro. Bu muammo bo‘yicha televideniyega ko‘plab murojaatlar bo‘lgan. Ammo har doimgi «Jimjitlik» romanidan parcha o‘qiy boshladik. Natijada murojaatchilarning sabr kosasi to‘ldi... Boshqa iloji ham yo‘q edi-da. Chunki oxirgi umidi bo‘lgan jurnalistlar tilini yutib olgandan keyin nima qilsin?! Yaxshiki, Bosh vazirning shaxsan o‘zi borib muammoni bartaraf etdi. Agar televideniye yoki otaxon gazetalarimiz shu boshog‘riqni oldindan ko‘tarib chiqqanda masala Bosh vazir aralashishi darajasigacha yetib bormasmidi?! Vaholanki, ana shu narxlari asossiz ko‘tarib yuborilgan uylardan jurnalistlarning o‘zlari ham olgan ekan...
Ko‘p vaqt o‘tmasdan voqealar rivoji viloyatlarga ko‘chdi. Xorazmning Ashxobod mahallasidagi uylar buzilishi, egalari ochiq osmon ostiga haydab chiqarilgani keng ommaga oshkor bo‘ldi. Vaziyat yana Bosh vazir aralashishi darajasigacha borib yetdi...
Qashqadaryodagi Yakkabog‘ voqeasini olaylik: tadbirkor OAVlaridan najot borligini bilganda albatta murojaat qilgan bo‘lardi. Yoki o‘sha buzg‘unchi hokim o‘rinbosari televideniye va gazetalardan hadiksirab, bu darajagacha nohaqlik qilmas edi.
Og‘zining shaloqligi va axloqsizligi bilan «dong» taratgan amaldorlarning ma’naviy qiyofasi televideniyeda bir bor ko‘rsatilgandami?!
Televideniyening har bir viloyatda maxsus muxbiri bor. Har bir viloyatning o‘zida ham «oynai jahon» ishlab turibdi. Viloyat televideniyelari mahalliy hokimlarning shaxsiy tomorqasiga, muxbirlar esa shaxsiy xizmatkorlariga aylanib bo‘lishgan. Viloyat hokimining chizgan chizig‘idan chiqishmaydi. Shunday tasavvur shakllanganki, viloyat muxbirlari o‘sha joydagi muammolarni olib chiqadigan bo‘lsa, uni mahalliy rahbarlar bemalol «xoinlik»da ayblashi mumkin.
Aslida xoinlik muammolarga jimgina tomoshabin bo‘lib turish emasmi?!
Aslida xoinlik Prezident talablarini teskari bajarishda emasmi?!
«O‘zbekiston-24» telekanali ham ilk tashkil etilgan paytida o‘z so‘zini aytayotgan edi. Keyinchalik uning ham og‘ziga qulf urildi. Bu kanal shu darajada jimlikni saqlab berdiki, hattoki, bu «sharafli» xizmati uchun «Oltin qalam»ga munosib ko‘rildi!
Aslida televideniyeni xalq tomosha qilish kerak. Ammo bizda teskarisi — televideniye xalqni tomosha qiladi. Jamiyatdagi o‘zgarishlarni biz telejurnalistlar jimgina tomosha qilamiz, hayratlanamiz, nafratlanamiz, xursand yoki xafa bo‘lamiz. Ammo biron-bir so‘z aytishni xayolga ham keltirmaymiz. Go‘yoki, biz shu sohani tanlashda umrimiz oxirigacha sukut saqlash uchun qasamyod qilgandekmiz.
Rostdan ham, o‘tgan 15 yil ichida faqat «jannat»lardan xabarlarni tayyorlayverib, zimmamizdagi asl vazifani unutib qo‘ydik.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 13 ta telekanali tomoshabinlar auditoriyasini bus-butunligicha xususiy telekanallarga boy berdi. Endi esa media maydonini blogerlarga qo‘sh-qo‘llab topshiryapmiz.
«Vatanni jim turib sevish mumkin», degan so‘zlarni eshitgandim. Hayotimizdagi so‘nggi o‘zgarishlardan angladimki, Vatanga jim turib xoinlik qilish ham mumkin ekan.
Vatanga jim turib xizmat qilib bo‘lmaydi.
Maqolaga oxirgi nuqtani qo‘yar ekanman, nima qilardim o‘zim ishlab turgan joyimga tosh otib, degan xayol nari ketgani yo‘q.
Rosti, 400 ming so‘m oylik uchun Vatanimga jimgina xoinlik qilishni istamayman. Aslida jurnalistlarning davlatdan maosh olib, jim o‘tirishi xiyonat emasmi?
Sherali Otaboyev,
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi
«Mahalla» teleradiokanali katta muharriri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter