Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zarnigoriy taxallusli olim: «Boshqalar hali o‘ylab turganda, bizda tatbiq qilib bo‘lingandi» (video)

Xoliq Soatov. Aloqa sohasi faxriysi.

Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Pedagog.

70 dan ortiq ilmiy maqola, o‘quv-qo‘llanmalar muallifi va 2 ta mualliflik guvohnomasiga ega.

Zarnigoriy taxallusi ostida «G‘oyalar shodasi», «Mashaqqatli so‘qmoqlar», «Taqdir sirtmog‘i», «Yulduzlar yog‘dusi» nomli badiiy asarlar muallifi.

— Ko‘pfarzandli oilada voyaga yetganman. Buvam erta qazo qilib ketganliklari sababli, otam oliygohning 4-bosqichidan tashlab, temir yo‘l sohasiga ishga kirishga majbur bo‘lgan. Otam rahmatli kitobga juda ham qiziqqan inson edi. Uyimizda juda ko‘p kitoblar bo‘lardi. G‘o‘r yoshlikning ko‘p savollariga ham o‘qigan kitoblarim xususida otam bilan bo‘lib o‘tadigan suhbatlarimizdan javob izlardim. Otam doimo bunday suhbatlarga vaqt ajratardilar, hatto, ishdan charchab kelsalar-da...   

Eslayman, 1-sinfni bitirganimdan keyin qo‘limga ilk marta kitob tutqazgan inson ham otam edi. O‘sha kitob «Ko‘r ko‘zni ochgan qiz» nomli o‘zbek xalq ertagi bo‘lib, tunu kun qo‘ldan qo‘ymay, hijjalab o‘qiyverganimdan kitobga mehrim tushgan. 4-sinfdan boshlab rus tilidagi kitoblarni o‘qishga tushdim. Bir kuni «Rus tili» fanidan besh olib yurgan mendek o‘quvchiga yangi kelgan o‘qituvchi kutilmaganda uch baho qo‘yib qo‘ydi. Jahlim chiqib, uyga keldim-u, duch kelgan birinchi rus tilidagi kitobni o‘qishga kirishib ketdim. Bu Ikkinchi jahon urushi haqidagi «Sopkadagi janglar» nomli kitob edi. Onam ham bizni o‘qishimizni orzulaydigan, ziyoli bo‘lishimizga chin ahd qilgan ayol edi. Kuni kelib, hamma farzandlar har sohada oliy ma’lumotli bo‘lishimizda ota-onamizning xizmati katta. Ota-onam «Ko‘chada qora ish qilguncha, qo‘lingga kitob ol!» deb ko‘p aytishardi. O‘ylaymanki, oilada ayni qadriyatning ustuvor bo‘lishi ildizi otamning ko‘p takrorlaydigan: «Men o‘qishni oxiriga yetkazolmadim, sizlar albatta, o‘qishni tugatishlaring shart!» mazmunidagi dil armonida yashirin edi...

Fizika, matematika fanini juda yaxshi ko‘rganman. 9-sinfda o‘qiyotganimda tuman, respublika olimpiadalarida qatnashganman. Samarqand shahriga borganmiz, o‘shanda hayotimda birinchi marta samolyotda uchganman. Ilgari tuman madaniyat uylari qoshida «Radiotelemaster» nomli pullik kurslar bo‘lardi. Ana shu kursga 9-sinfdan boshlab borganman va «Radiotelemaster» guvohnomasini ham olganman. Nimaga desangiz, men radio va televideniyening bo‘laklarini qismlarga ajratishni, ularni tuzatishni juda yaxshi ko‘rardim. Lekin maktab davrida buni mukammal egallamaganman. Birinchi marta kichkinagina radioeshittirishni qabul qiluvchi qurilmani yasaganman. Qurilmani  kichik plastmassa(yelim) sovun qutichasida yig‘ganman. Natija yomon bo‘lmagan. Faqat o‘rta to‘lqindagi radioni qabul qilganman. Shu sabab ham, keyinchalik mutaxassislik yo‘nalishi sifatida institutning «Radioaloqa va radioeshittirish» bo‘limini tanlaganman. Bu esa simsiz aloqa asosi edi.

Biz o‘qigan paytda xalq orasida shunday gap bor edi: «Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti)ga kirish oson, o‘qish qiyin!».

Institut va sohadagi ilk ustozim – O‘zbekistondagi birinchi texnika fanlari nomzodi Sunbula Xabibovna Tursunova. O‘z ustida ishlaydigan, talabchan ayol edi. Ustozim diplom ishimda ko‘rsatgan natijamni ko‘rgandan keyin, «Sen bizni kafedrada qolib ishlashing va o‘qishni davom ettirishing kerak!» deb maslahat berdilar. Xuddi shunday bo‘ldi. Ikki yildan so‘ng, Moskva elektrotexnika aloqa institutida aspiranturani o‘qib, nomzodlik dissertatsiyamni yoqlab qaytganman. Mavzuim uchish apparatlari ya’ni, samolyotlarning aloqa qurilmalariga bag‘ishlangandi. Shu mavzuim bilan uchuvchilarning aloqa vositalari shovqinini kamaytirishga erishganman. Shovqinni ikki marta kamaytirishga muvaffaq bo‘lganman. Bu ilmiy yangiligim uchun mualliflik guvohnomasini ham olganman.

O‘zbekistonda raqamli texnikani otasi deb professor Majidilla Nig‘matovich Aripovni bilaman. Bu odam birinchilardan bo‘lib institutimizda «Raqamli texnika» kafedrasini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan. Mosvadan kelganimdan so‘ng, u kishi bilan laboratoriyada birga  ishlashga muyassar bo‘lganman. O‘sha paytda «Raqamli texnika kelajakka zinapoya!» deb ko‘p takrorlardilar. Shuningdek, aksincha, «Raqamli texnikada chastota katta bo‘lib ketadi, buni kelajagi yo‘q!» deguvchilar ham ko‘p topilardi. Keyinchalik, ko‘rib turibmizki, Majidilla Nig‘matovichni farazlari o‘z tasdig‘ini topib, bu juda ham oddiy holga aylanib ketdi. Masalan, televideniyeda! Raqamli texnika haqida boshqalar hali o‘ylab turganda, bizda tatbiq qilinib bo‘lingandi.

Kelajakda bizda albatta, hajmli televideniye tatbiq etiladi, deb faraz qilaman. Bu degani, oddiy surat ko‘rilmaydi, balki suratni hamma tomonidan ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shogirdlar bilan ayni mavzuda ishni boshlaganmiz. 2016 yil kafedramiz o‘qituvchilari bilan tayyorlangan va meni tahririm ostida chop etilgan o‘zbek va rus tilidagi «Raqamli televideniye» kitobi hozirda aloqa va axborot texnologiyalari sohasi bo‘lajak mutaxassislariga asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida o‘qitilib kelinmoqda.

Hisoblab ko‘rsam, TATUga olti marotaba qaytib kelgan ekanman. Aspiranturadan keyin bir oz muddat o‘qituvchilik qilib yurdim. So‘ng, ishlab chiqarish sohasiga o‘tib ketdim. Bu orada yana o‘qituvchilik sohasiga qaytdim, yana ketdim. Xullas, pedagoglikdan butkul uzilmadim. Agar soha pedagogi hozirgi zamon texnika, telekommunikatsiyasi rivojidan bexabar yoki undan ortda bo‘lsa, yaxshisi, sinfxonaga kirmagani, talaba bilan yuzlashmagani ma’qul. Hozirgi talabalarning salohiyati juda yuqori. Talaba eski narsani gapirayotganingizni darrov sezadi va bundan tezda zerikadi.

Qiziq odatim bor edi. Talabalarni davomat qilishda deyarli jurnalga suyanmasdim. Xotiram yaxshiligi bois, ismi esimda bo‘lmasa-da, talabaning qaysi partada o‘tirishini juda yaxshi eslab qolardim. Va imtihon vaqti dars qoldirgan talabaga qo‘shimcha ikkita savol berardim. Imtihondan baho olishga qatnab, charchagan talabaga oxiri, o‘zim mavzuni batafsil tushuntirardim. Savolga jo‘yali javob bermagan bo‘lsa-da, baribir bahosini qo‘yib berardim. Bunday yo‘l tutishdan maqsadim – talabada biror bilim qolsin derdim. Meni fanlarim deb birorta talaba o‘qishdan haydalmagan. Hozirda sohada o‘z yo‘lini topgan o‘quvchilarim hanuzgacha bergan savollarimni eslashlarini aytishadi.

Sun’iy intellekt ko‘p muammolarga yechim. Masalan, shahar yo‘l transporti harakati tizimiga, xususan, svetaforlarga. Ertalabki tirbandlik paytida qaysidir yo‘nalishda shaharga kirib keladigan mashinalar ko‘p bo‘ladi, boshqa birida esa chiqish yo‘nalishidagi mashinalar aksincha kam uchraydi. Lekin svetafor bir xil ishlaydi. Ana shuni sun’iy intellekt bilan bog‘lasak, kirib keladigan yo‘nalishda svetafor ko‘proq, chiqish yo‘nalishida esa kamroq yonib tursa, shahar yo‘l harakatidagi anchagina muammolar yechilib, yo‘l tizimi bundan ancha foyda ko‘rishi mumkin.

Soham taqozosi bilan xizmat safarlarida ko‘p bo‘lganman. O‘zbekiston bo‘ylab radio, televideniye tarqatadigan 593 ta nuqta bo‘lgan. Yo‘l davomida borgan joylarim tarixi, qadriyati, odati bilan qizqiqardim. Tabiatini ko‘rishga, o‘sha yerdagi otaxonlar suhbatini olishga oshiqardim. Ko‘rganlarimni qalam orqali bayon qilgim keldi. Tarix va falakiyot ilmiga qiziqaman. Tarixiy mavzuda ijod qilgan buyuk yozuvchilarga ta’zim qilaman. Alohida tarixiy asarlar ko‘p. Ammo bizning zamonaviy adabiyot namunalari syujetlarida tarix chizgilari aks etgan asarlarni uchratmadim. Shuning uchun ham qahramonlarim hayotini yoritishda tarixiy voqeliklarni, xalq urf-odatini, afsonalarni qo‘shib ketishni yaxshi ko‘raman.  Shu tariqa, birinchi kitobim – «Taqdir sirtmog‘i» yozildi. Asarlarimda asosan, faqatgina kuchli ishlash, mehnat orqali yorug‘likka chiqish mumkinligi g‘oyasini ilgari suraman.

Taxallusim Zarnigoriy xususida aytadigan bo‘lsam, bu so‘z, ustiga zar yugurtirilgan, ichi boshqa ma’nosini bildiradi. Ya’ni, mutaxassisiligim texnika bilan bog‘liqligi bir tomon, qalam tebratishim bo‘lak tarafim.

Texnika qanchalik rivojlangani sayin inson uni ketidan yetishga harakat qiladi. O‘ylaymanki, asrlar osha inson omili eskirsa ham, butunlay yo‘q bo‘lib ketmaydi. Azaliy qadriyatlar o‘lmaydi, yashab qoladi! Ayniqsa, bu borada biz ajdodlar o‘gitidan uzoqlashib ketolmayiz. Bu borada baxtimiz ham shunda. Inson ustidan aql hukmronlik qiladi, aql ustidan muhabbat g‘alaba qozonadi, muhabbatdan esa o‘lim g‘olib keladi. O‘lim ustidan shon-u-shuhrat o‘z so‘zini aytadi. Shon-u-shuhrat ustidan esa vaqt hakamlik qiladi. Vaqt esa cheksiz! Bunda nima bo‘ladi, hech kim bilmaydi. Shuning uchun inson o‘ziga ajratilgan vaqtda iloji boricha, baxtli hayot kechirishga harakat qilishi kerak. Chunki, cheksizlik aro bizni hayotimiz bir zarracha xolos!

Hayot o‘rgatgan va o‘zimga, yaqinlarimga ko‘p bora aytadigan bir iboram bor: Qalamni uchida pul top! Buning ma’nosi shuki, o‘qi, izlan, mehnat qil. Bolalarimni ham shu o‘gitda katta qildik. Kitobga, ilmga yaqin o‘sishdi. Bugun hammalari hayotda o‘z yo‘llarini topishgan. Ikki o‘g‘il, bir qizning baxtli otasiman, nabiralarimning suyukli bobosiman. Qizim Lozannada yashaydi, Jenevadagi nufuzli JP Morgan bankida foaliyat yuritadi. Uydagi kitoblarimni eng ko‘p o‘qib chiqqan ham qizim bo‘ladi.

Umr yo‘ldoshimdan minnatdorman! Yoshligimizdan tirgovuchim bo‘lgan. Aspiranturaga o‘qishga ketganimda, endigina to‘rt oylik yangi oila edik. Muvaffaqiyatlarimda ayolimni hissasi benihoya. Mutaxassisligi iqtisod sohasi bo‘yicha. O‘qishni tugatgan yili turmush qurganmiz. Tanishishimiz tarixi ham qiziq bo‘lgan. Eski hovlimiz Shofayzda edi. Sanoatlarning oilasi bilan qo‘shni bo‘lganmiz. Sanoat 10 yoshligida uning oilasi ko‘chib ketishgan. Yillar o‘tib, bir kuni Sanoatlarning yangi mahallasida yashovchi tog‘amnikiga borsam, qarshimdagi tor ko‘chadan «Jiguli» mingan qiz «uchib» chiqdi. Sal qolgan mashinalarimiz to‘qnashib ketishiga. Darvoza yonida bizni kuzatib turgan Sanoatning otasiga qizining bu ishidan arz-hol qilgan bo‘ldim-da, ketdim. Keyin bilsak, bu taqdirning uchrashtiruvi ekan! Hayot ikkimizni bir yo‘lda uchrashtirdi va shu ko‘yi umr yo‘limiz ham bog‘landi!...   

Hayot bu – mehnat, mehnat va orzular! O‘sha orzularga yetishish uchun intilmoq, degani ekan!

Mualliflar:

Badiiy rahbar va muharrir: Abdug‘ani Abdurahmonov

Suhbatdosh: Lobar Qobilova

Operator: Yunus Mahmudov

Montaj ustasi: Sherzod Qayumov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring