Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

«Ippodrom» atrofini «yoyma»chilar egallab olishdi. Ularning rahnamosi kim? (video)

«Ippodrom» atrofini «yoyma»chilar egallab olishdi. Ularning rahnamosi kim? (video)

«Bu yerni bizga berishgan» yoxud dardini dasturxon qilishni qoyillatayotgan «yoyma»chilar ortida kim turibdi?

Ijtimoiy tarmoqlarda zamonaviy va gavjum bozorlarimiz atrofi noqonuniy yoyma savdo rastalari bilan to‘lib ketayotganligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda.

Unda aytilishicha, zo‘ravon ayollar katta yo‘l atroflarini egallab, savdo qilishni ham boshlab yuborayotgan.

Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida «Ippodrom» deb ataluvchi bozor majmuasi atrofini o‘rgandik va katta yo‘l ustilarida ham rastalar paydo bo‘lganiga guvoh bo‘ldik. Ular hatto mashinalar qatnoviga ham xalaqit qilmoqda.

Bir do‘konda 3-4 nafar yollanma sotuvchilar ham bo‘lib, ular maxsus chodirlarda bozor atrofida tunab ham qolishayotgan ekan.

Biz ularni tadbirkor deb atamay turamiz. Chunki hozircha ularda tadbirkorligini isbotlovchi biror asos yo‘q.

Avvalo mazkur holatga aniqlik kiritish uchun bozorlar ma’muriyatidan munosabat so‘radik.

Bunyod Hamidov, «Toshkent savdo markazi»ning matbuot xizmati bo‘lim boshlig‘i:

– «Toshkent savdo markazi»ning oldida paydo bo‘lgan yoyma savdo joylarining bozorimizga umuman aloqasi yo‘q. Shahar hokimiyatiga tegishli bo‘lgan piyodalar o‘tish joyi, yerosti yo‘llarini sotuvchilar o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy savdo bilan shug‘ullanib kelishadi. Kadastr hujjatlaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, biz ularga daxl qilishga haqqimiz yo‘q. Bu bo‘yicha Chilonzor tuman hokimiyati, soliq idoralari, Ichki ishlar bo‘limlari mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishi kerak. «Toshkent savdo markazi» rahbariyati ushbu tadbirkorlarga bozor ichkarisidan qonuniy savdo qilish uchun ijaraga joy taklif qilishganida ham rad etishdi.

Dilmurod Ahrorov, «Bek baraka» MChJ direktori o‘rinbosari:

– «Bek baraka» bozorining oldidagi hudud shaharga qarashli bo‘lsa-da, har kuni xodimlarimizni olib chiqib, tozalab turamiz. Ammo bu ish oson emas. Joylarni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlar xodimlarimizni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan tahdid qilib turishadi. Shunga qaramasdan bozorimiz atrofini toza saqlab turamiz.

Muhiddin Inoyatxo‘jayev, «Binkat trade» MChJ direktori o‘rinbosari:

– Bozorimizdan tashqari hudud Chilonzor tumaniga qarashli. Biz ularni ko‘p bor tartibga solmoqchi bo‘ldik, ammo imkon qila olmayapmiz. Bozor rahbariyati va xodimlarimiz bilan harakat qildik. Ayollar guruh bo‘lib yopishishadi. Katta yo‘ldagi mashinalar qatnoviga ham, bozorimiz kirib-chiqish qismiga ham xalaqit qilayapti.

Darhaqiqat, uchta bozor ma’muriyatining uch xil javobini eshitdik. «Bek baraka» bozori rahbariyati bozor ro‘parasida yoyma savdo joylari tashkillashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi. Hattoki, ichki ishlar xodimlarini yollagan holda tartib-qoidani saqlayotgan ekan.

«Chinni bozor» nomi bilan tanilgan «Binkat trade» MChJ rahbariyati esa bozorning oldini tozalashga qurbi yetmayotganini bildirdi.

Darhaqiqat, sotuvchilar hattoki, bozor avtoturargohining mashinalar kirib-chiqish yo‘laklari oldiga ham savdo rastalari o‘rnatganligiga guvoh bo‘ldik.

Yoyma bozorlar asosan katta yo‘lning qisman usti va piyodalar yo‘lagidan qo‘nim topgan. Bu joylar esa bevosita hokimiyatga qarashli.

Sevara To‘laganova, Zangiota tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari:

– Zangiota tumani hududida ushbu tumanga qarashli ikkita bozor – «Bek baraka» MChJ hamda Xo‘jalik mollari va hunarmandlar markazi (Chinni bozor) bor. «Bek baraka» bozori ma’muriyati atrofda yoyma savdo joylari tashkil etilishiga qarshi kurashib keladi. Zangiota tuman sektor rahbarlari bu yerdagi «yoymachi»larga tushuntirish ishlarini olib borgan. Xo‘jalik mollari va hunarmandlar markazi (Chinni bozor) esa katta yo‘ldan ancha ichkarida joylashgan.

Nurilla Abdurahmonov, Chilonzor tuman hokimi o‘rinbosari:

– «Yoyma»chilarga «Chilonzor buyum bozori»ning qarshisidagi yangi – «Beshqo‘rg‘on» bozoriga joylashtirish taklifini berdik. Uni orasta, zamonaviy qilib qurdik, «shu yerda ijara to‘lab, savdo qilaveringlar», desak ham ko‘nishmadi. Ularga ish ham taklif qildik. 3, 4 ta takliflarni aytdik. Ba’zi fuqarolarimiz ishga borishdi ham, lekin, ammo ko‘pchilik rad etdi. Ular negadir gavjum bozorlar oldidagi yerosti yo‘lidan ketgisi kelmaydi.

Bu muammolar pandemiya vaqtida fuqarolarimiz qiynalmasin, deya ruxsat berilganidan so‘ng kelib chiqdi. Lekin bu endi tartibga solinadi.

Darhaqiqat, mutasaddilar ta’kidlaganidek, Toshkent shahar hokimligi tomonidan «yoymachi»larga boshqa bozorlardan joy taklif qilingan. Ammo bu rad etilgan. Balki ular gavjum bozorlar oldida hech qanday to‘lovlarsiz, ruxsatsiz savdo qilishni istayotgandirlar?! Shu kabi savollarga aniqlik kiritish uchun mutasaddilarning va ikkinchi taraf – sotuvchilarning ham fikrini eshitdik.

Sotuvchilar har xil bozorlardan kelgani, ular avval faoliyat yuritgan bozorlarda ijara haqqi, soliq talab qilingani, bu joyda esa hech qanday to‘lov qilishga hojat yo‘qligini aytishdi. Qandaydir yo‘llar bilan joyga egalik qilib olinsa bo‘ldi, shuning o‘zi yetar ekan.

Eng qizig‘i, joyga qanday ega chiqqanligi biz uchun mavhumligicha qolmoqda. «Bu yerni bizga berishgan», degan so‘zning ortida qandaydir sir yashiringandek nazarimizda. Ushbu savolga mutasaddilarning o‘zi javob topishadi, degan umiddamiz.

Ushbu noqonuniy bozor karantin sabab savdo majmualari faoliyati vaqtinchaga to‘xtatilgan davrda paydo bo‘lgan. O‘sha vaqtda 50 nafar sotuvchi bilan boshlangan bozorchada bugungi kunda 500dan ko‘p o‘rinlar mavjud. Bu raqam esa shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Aksincha tobora kattalashib bormoqda.

Joylarni egallagan savdogarlar ikki, uch nafardan sotuvchi ham yollashgan. Hattoki ma’lum guruhlarga boshchilar ham saylab olishgan. Bu guruh boshilar yuqoridan tekshiruvchi kelsa, oldiga chiqish va dardini dasturxon qilish san’atini qoyillatib o‘ynab berishmoqda.

Bu nafaqat hokimliklar, balki Ichki ishlar xodimlariga ham tegishli bo‘lgan muammo. Holat bevosita Chilonzor Ichki ishlar bo‘limiga tegishli bo‘lgani bois ularga ham murojaat qildik. Ammo Chilonzor tuman ichki ishlar boshlig‘i o‘z rahbarining ruxsatisiz hech bir so‘z deya olmasligini aytib, munosabat bildirishni rad etdi. Rahbari esa o‘zidan yuqoridagi rahbardan ruxsat olishi zarur ekan. Qisqasi, kalavaning uchini topishni to‘xtatib qo‘ya qoldik. Ammo bu masalada bari bir Ichki ishlar vazirligining munosabatidan umid uzmaymiz.

Shu o‘rinda yana bir savol: sotuvchilarning «Bu yerni bizga berishgan», degan gapiga aniqlik kiritiladimi? Noqonuniy joylarni kim, qachon va qaysi yo‘l bilan berganligiga aniqlik kiritilsa, o‘ylaymizki, yoyma bozorlar masalasiga ham yechim topiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring