Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Istanbuldagi tarixiy bozor va ko‘chalar haqida qiziqarli faktlar

Istanbuldagi tarixiy bozor va ko‘chalar haqida qiziqarli faktlar

Istanbulning o‘ziga xosliklaridan biri bu – uning tarixiy bozorlarini kashf qilish. Ulardan eng mashhurlari Katta bozor va Misr bozori bo‘lib, ular go‘zal manzaralarni o‘xshashi yo‘q bozor shovqini va ranglari bilan mukammal darajada uyg‘unlashtiradi. Ulkan labirintga o‘xshagan Katta bozor dunyodagi eng qadimgi va eng yirik savdo markazlaridan biridir.

Katta bozor boy hunarmandchilik an’analari, Onado‘li gilamlari, charm buyumlari, qo‘lda ishlangan qandillar va ipak kiyimlar kabi yuqori sifatli mahsulotlari bilan har yili millionlab sayyohlarni jalb qilib kelmoqda. Ayniqsa, do‘kon egalari bilan suhbatlashayotganda turk piyolalari (bardoq)dan choy tatib ko‘rishning gashti bo‘lak. Bozorning orqa ko‘chalarida joylashgan «savdogarlar restoranlari» deb nomlangan o‘nlab yillik an’anaviy turk restoranlari o‘zining ta’mi og‘izda qoladigan noyob lazzatlari bilan dong‘i ketgan.

Misr (Ziravorlar) bozorida turli xil antiqa ziravorlar va turk luqumlariga to‘la do‘konlar va ko‘zni qamashtiruvchi rang-barang mahsulotlarning betakror ifori kishini beixtiyor o‘ziga maftun qiladi.

Istanbulning zamonaviy savdo markazlariga kelsak, shahardagi savdo markazlari konditsioner, avtoturargoh va nogironlar uchun maxsus jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, ular ertalab soat 10:00 dan 22:00 gacha ishlaydi, bu esa tashrif buyuruvchilarga har doim qulay xarid qilish imkoniyatini taqdim etadi. Savdo markazlari son-sanoqsiz mahsulotlari, jumladan, mashhur brendlari, taomlanish imkoniyatlari, kafe va kinoteatrlari bilan ajralib turadi, hatto butun kunni oila yoki do‘stlar bilan o‘tkazish uchun mukammal tanlovga aylandi.

Bundan tashqari, ko‘ngilochar imkoniyatlar, jumladan, o‘yin maydonchalari va istirohat bog‘lari bolalarning quvonchiga quvonch qo‘shadi.

Istanbul, shuningdek, kichik butiklari va brend do‘konlari bilan bebaho xarid zavqini ulashuvchi jonli savdo ko‘chalariga ham ega. Zamonaviy Nishantashi mahalliy dizaynerlarning markazi bo‘lsa-da, asosiy savdo ko‘chasi Abdi Ipekchidagi xalqaro hashamatli brend butiklar, qolaversa, yuqori darajadagi restoranlar, kafe va san’at galereyalari har kuni mahalliy va xalqaro sayyohlar bilan gavjumdir. Onado‘li tomonidagi Bag‘dat ko‘chasi eng chiroyli savdo bulvarlaridan biridir.

Yana bir sevimli savdo ko‘chasi Taksim maydonidan Beyog‘ludagi Tunelgacha cho‘zilgan Istiqlol ko‘chasi bo‘lib, kiyim-kechakdan zargarlik buyumlarigacha noyob mahsulotlarni sotadigan ko‘plab do‘konlari bilan mashhur.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring