Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda traktorchi o‘zi va fermerni otib qo‘ydi

Buxoroda traktorchi o‘zi va fermerni otib qo‘ydi

Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani, «Ziyorat» mahallasi fuqarosi R.D.ga o‘zi va fermer xo‘jaligi rahbari A.U.ga  o‘qotar ov quroli bilan jarohat yetkazgani uchun sud hukmi o‘qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, fuqaro R.D.ga nisbatan 2 yilga ozodlikdan cheklash jazosi qo‘llanilgan.

Holatga ko‘ra, qorako‘llik R.D. 1950 yilda «Tula» qurol zavodida ishlab chiqarilgan, 16 kalibrli, ikki silliq milli, «TozB» modelli,  №48107 raqamli o‘qotar ov qurolini saqlab kelayotgan bo‘lgan. Unda 2020 yil 21avgustda Qorako‘l tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan №D-21 raqamli ov qurolini saqlash va olib yurish huquqini beruvchi ruxsatnoma rasmiylashtirilib berilgani aniqlangan. 

U mahalladagi «Hamza Umar» fermer xo‘jaligiga qarashli dala yer maydonlariga ishlash uchun borayotganda, o‘ziga tegishli o‘qotar ov qurolini g‘ilofga solinmagan, to‘liqsiz qismlarga ajratilmagan va jangovor patronlar bilan o‘qlangan holatda ishdan keyin turli qushlarni ovlash uchun o‘zi bilan olib kelgan.

R.D. fermer xo‘jaligiga tegishli traktorga chiqayotib, ov qurolining uchki qismidan ushlab, traktor kabinasiga qo‘ymoqchi bo‘lgan. Xuddi shu jarayonda ov quroli bexosdan otilib ketgan.  Natijasida sochma o‘q bo‘laklarining bir qismi avval o‘zining o‘ng qo‘li panjasini, bir qismi o‘zidan 15 metrcha uzoqlikda bo‘lgan fermer xo‘jalik rahbari A.U. tanasining orqa va o‘ng yelkasiga tegib, jarohatlagan.

Sudga oid tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, fuqaro A.U. «chap tomonlama o‘rta gemotraks, o‘ng tomonlama yopiq pnevmotoraks, o‘pka lat yeyishi bilan kechgan ko‘krak qafasini orqa yuzasini jarohatlab, ko‘krak qafasi bo‘shlig‘iga kirib, ko‘krak qafasi a’zolari jarohatlanishi yarasi, o‘qotar quroli sochma pitradan jarohatlanishi» kabi hayotiga xavf soluvchi belgilariga ko‘ra, og‘ir darajadagi tan jarohatlari olishiga sababchi bo‘lgan.

Sudda so‘roq qilingan sudlanuvchi R.D. ehtiyotsizlik oqibatida sodir qilgan o‘z aybiga iqror bo‘lgan.

«Men ish daftarim dala shiyponida qolib ketganini aytib, traktor oldidan shiypon tomonga qaytib, traktor oldidan, chamasi, 15 metrlarcha uzoqlashgandim. Kutilmaganda ov quroli tovushini eshitib, shundoq ortga burilmoqchi bo‘lgandim, orqamga o‘qning metall parchalari zarb bilan kirib ketganini his qildim. Hushimni yo‘qotayotganimda, traktorchining ham qo‘llari qonab, yiqilayotganini eslayman. Hech qanday davoim yo‘q, ehtiyotsizlik oqibatida tirik qolganimizga ham shukur», — degan og‘ir tan jarohati olgan A.U.

R.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan, 2 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi qo‘llanilishidan tashqari, u 1 yil muddatga ov qurolini saqlash va olib yurish huquqidan ham mahrum qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring