Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

Go‘shtni biz ko‘p yemayapmiz, yeydiganlar — boshqalar

Go‘shtni biz ko‘p yemayapmiz, yeydiganlar — boshqalar

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov go‘sht narxining oshishiga go‘shtni ko‘p iste’mol qilishimiz va ozuqa yetishmasligini asosiy sabab sifatida aytib o‘tgan fikri ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokamalarga mavzu bo‘ldi. Aslida odamlarda go‘sht iste’mol qilishga ehtiyoj ortayotgan ekan, bundan xavotirlanish emas, aksincha, aholining ko‘p go‘sht iste’mol qilishga qurbi yetayotganidan xursand bo‘lishimiz kerak.

Aktam Hayitov tomonidan aytib o‘tilgan ikkinchi sabab – ozuqa narxining ko‘tarilib ketishi ham ayni haqiqat. Ozuqaning narxi nima sababdan ko‘tarilib ketmoqda, bunga asosiy omillar nima? Bu savolga aniq javob topilsa, muammoning yechimi ham ko‘rina boshlaydi. Aslida biz qancha go‘sht yeyishimizni emas, shu muammoning kelib chiqish sabablarini izlashimiz kerak.

Ozuqa narxining ko‘tarilib ketishiga turtki bo‘lgan ikkita sababni misol keltirib o‘taman. Bu ikki sabab ham tuman rahbarlariga borib taqaladi.

Kasbim taqozosi bilan joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganishim natijasida shu narsaga guvoh bo‘ldimki, bugungi islohotlar davrida sallani so‘rashsa, kalla bilan birga ko‘tarib keladiganlar ko‘payib ketgan.

Misol uchun, shu yil boshida «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida hovlilarda bo‘sh yotgan yerlarga meva-sabzavot ekish targ‘iboti o‘tkazildi. Bu masalaga hattoki hokimliklar tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib har bir xonadonga kirib chiqish topshirildi. Ishchi guruh esa bo‘sh yotgan yerlarga hech bo‘lmasa o‘zlari iste’mol qilishi uchun sabzavot ekishni targ‘ib qililishi lozim edi. Bu masalada ma’lum bir natijaga ham erishildi ham. Bunday targ‘ibot-tashviqot ishlari ko‘pgina viloyatlarimizda ancha samara berdi. Biroq bunda shunchaki «protokol» uchun qilingan ishlar ham kuzatildi.

Xayrli qarorning tag zamirini tushunmasdan amalga oshirilgan holatlar sifatida respublikamizning janub tomonlari – Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridagi ahvolni misol qilish mumkin. Asosan chorvachilik uchun mo‘ljallangan hududlarda har bir xonadonda chorva mollari saqlanadi (o‘zlari uchun yetishitirib, ortganini poytaxt tomon jo‘natadi).

Hokimliklar tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar xonadonlarga kirib, ekib qo‘yilgan beda maydonlarini buzdirib, o‘rniga sabzavot ekinlarini ektirib chiqishdi. Misol uchun, go‘sh yetishtirish bo‘yicha respublikamizda yuqori o‘rinlarda turadigan Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ham beda ekilgan maydonlar tortib olib qo‘yish bilan qo‘rqitilib, sabzavot mahsulotlari ektirildi. Natijada majburan sabzavot ekkan aholi och-nahor qolgan mollarini ozg‘inligicha sotib yuborishga majbur bo‘ldi. Ba’zilar esa o‘zlaridan ham ortgan kartoshka, piyozlarni suv-tekin narxga sota olmay, mollariga yedirishdi. O‘zingiz mantiqan o‘ylab ko‘ring, nega ozuqa sabzavotlardan ikki barobar qimmat? Odam yeydigan meva-sabzavot mol yeydigan ozuqadan arzon?! Sababi bitta – salla bilan kallaning farqiga bormaydigan, qaror va farmonlarning maqsad vazifasini tushunmasdan ko‘r-ko‘rona bajarayotgan mahalliy rahbarlarning dastidan bu.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish joizki, buzilgan o‘sha beda ekini go‘sht uchun boqiluvchi uy hayvonlari uchun juda foydali ozuqa hisoblanadi. U bir yilda 4 marotaba o‘rib olinadi. Ba’zilar hattoki, 5 marotaba ham o‘rib olishadi. Bir ekilsa, 7-8 yil o‘sadi. Bedaning quritib qo‘yilgani qishda qoramollar uchun eng foydali ozuqa hisoblanadi. Beda bo‘lmasa uyda qoramol boqib semirtirish qiyin masala. Bu – go‘sht narxining oshib ketishiga ta’sirini ko‘rsatgan bir omil, xolos. Ammo uning ham qanchalik ta’sir qilganini o‘zingiz sezdingiz.

Men bilgan ikkinchi muammo: katta-katta yer egalari bo‘lmish fermerlar tumanda hokim almashib qolsa oyog‘i kuygan tovuqday tipirchilashni boshlaydi. «Endi yerimni tortib olmasmikan, yangi hokimning ko‘nglini qanday olsam ekan, unga qanday tanish topsam ekan» degan xayollar bilan kun sanashadi.

Vaholanki, yangi bo‘lgan hokim ham kelganidan boshlab bozorga, keyin yer egalariga «tarmashadi». Garchi qonunan 49 yilga olgan bo‘lsa-da o‘ziga xizmat qiladigan qonunlarni topib ishga soladi, hech bo‘lmasa yillik rejani bajarmading degan yoki bajargan bo‘lsa «investor olib kelmading», yoki «bu yer 2030 yilga buzilishga kiritilgan» degan bahonalar bilan tortib olib qo‘yadi. Negadir shu joyda qonunlar ham hokimlar foydasiga ishlab ketadi.

Bir misol, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi nasilchilikka ixtisoslashgan  sut va go‘sht ishlab chiqaruvchi «MILK AND MEAT AGRO» MChJning so‘nggi yillardagi taqdirini olaylik. 

Bugungi kunda ushbu MChJga qarashli chorvachilik fermasida jami 700 ga yaqin qoramol mavjud. Ushbu MChJda qoramollar sonini ko‘paytirish maqsadida Zangiota tumani hokimining 2014 yil 01 iyuldagi 639-sonli qaroriga ko‘ra ozuqa ekinlari yetishtirish uchun jamiyatga jami 192,08 gektar yer maydoni 30 yilga yer ijarasi shartlari asosida foydalanish uchun ajratib berilgan.

Tumanga yangi hokim S.Shermatov (sobiq) kelgandan so‘ng 2017 yilning boshida 1978 yil qurilgan shiyponni «sen qurgansan» degan soxta ayblov bilan tortib oladi. Va boshqa 11 nafar shaxsga bo‘lib beradi. Natijada esa poytaxtga ma’lum miqdorda go‘sht yetkazib beruvchi bir MChJ faoliyati kasod yoqasiga yaqinlashib qolmoqda. Mulk egalari esa ikki yildan buyon sarson-sargardonlikda bormagan tashkiloti qolmadi.

Bu birgina misol edi. Bunday yuragini hovuchlab hokim buvaning qosh-qovog‘iga qarab yuradigan fermerlar har qadamda uchraydi. Faqat ularning dardini eshitadigan yuqori tashkilot topilmaydi. Ko‘p narsadan quruq qolayotgan hokimlarning o‘zboshimchaligi ortidan go‘sht yetkazib berishga ixtisoshlashgan MChJlar kasodga uchrab bormoqda. Go‘sht va ozuqaning qimmatlashib ketishini qancha yeyishimizdan emas, aslida unga sabab bo‘layotgan shunday omillardan izlashimiz kerak emasmi? Garchi bu narsa qiyin bo‘lsa-da, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi fermerlarning haq-huquqlarini himoya qilib, hokimlar bilan talashib tortishishi lozim edi.

Aslida eng katta illat ayrim rahbarlarning «daraxt eksamu, bu daraxt hosil berguncha men qayerda bo‘laman» degan savol qiynashida. Bunday holatda ular nafaqat o‘zi boshqarayotgan tashkilot, sohasi yoki hududi «ko‘karishiga» xizmat qiladi, bulki bunga qo‘shib qancha-qancha insonlar taqdirini og‘ir sinovlar ostida qoldiradi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring