Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Jo‘ylangardagi tarixiy yodgorlik – masjid kundan kun xarobalashmoqda, mutasaddilar esa jim

Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida Jo‘ylangar qishlog‘i bor. Tarixi juda qadimlarga borib taqaladi.

Qishloq qachon paydo bo‘lgan degan savolga tarixiy manbalardan shu qishloqda tug‘ilib voyaga yetgan Muhiddin Narziqulovning «Jo‘ylangar qishlog‘i» risolasidan ushbu ma’lumotlarni topdik: «Jo‘ylangar qishlog‘i hududida Katta qirtepa yodgorligi mavjud. Umumiy maydoni 7-8 gektar bo‘lgan ushbu tepalikdan topilgan keramika idishlari, tangalar, yozma manbalar shahar milodning X-XIII asrlaridan ma’lum bo‘lganligidan darak beradi. Tarixiy yodgorliklarning birortasiga arxeologik, tarixiy va madaniy yodgorlik ekanligi to‘g‘risida lavha o‘rnatilmagan».

Tarixchining yozishicha: «Qomusul a’lom» va «Islom fathlari» kitoblarda 20 dan ortiq mayda tarqoq hukmdorlar qo‘lida bo‘lgan o‘lkamizga islom dini VII asrning ikkinchi yarmida yetib keladi. Demak, qishloqning tarixi qanchalik uzoq bo‘lsa u yerdagi tarixiy obidalar ham shunchalik qadimiy.

Qishloqda yaqin-yaqingacha ikkita masjid bo‘lgan, uning biri yer bilan bir bo‘lib yo‘q bo‘lib ketgan, ikkinchisi Yuqori masjid xarob ahvolga kelib qolgan. Me’moriy nuqtai nazardan Samarqand obidalaridan qolishmaydigan Pastki masjidni Nurmatboy, Yuqori machitni esa qarindoshi mulla Inog‘om hoji qurdirgan ekan. Afsus, sovetlar davrida ular buzib tashlangan.

Mashhur Yuqori masjidning qoldig‘i mavjud bo‘lgan katta tepalikning (langarning) atrofiga  suvli xandaq qazilgan, yov kelganda odamlar o‘sha masjidda jon saqlagan ham masjidni, ham o‘zlarini saqlashgan. Taxminan XV asrlarga tegishli bo‘lgan qishloqning tarixini, o‘tmishini o‘zida jamlagan birgina yodgorlik ham kunpayakun bo‘lish arafasida.

Tashqaridan qarasangiz tepalikda joylashgan, qarovsiz qolib ketgan kattagina chaylani eslatadi. Ammo uning ichida ota-bobolarimizga tegishli bo‘lgan butun bir tarix mavjud. 9 ta bir birini takrorlamaydigan naqshli ustun, shiftiga chizilgan naqshlar... Hozir ular yemirilayapti, sinayapti chunki qarovsiz.

Shu yerda yashaydigan otaxon  Abdurahmon Qodirovning aytishicha 1950-1960 yillargacha 500 nafarga yaqin odam nomoz o‘qishgan.

«Jo‘ylangar qishlog‘i» risolasi muallifi Muhiddin Narziqulov:

– O‘zbekistonda qishloqlar ko‘p, lekin yuz yillab, ming yillab tarixga ega shahar va qishloqlar bizning merosiy boyligimiz hisoblanadi. Risolani yozishdan oldin Samarqanddagi tarixchi va arxeolog olimlar bilan suhbatlashganimda Jo‘ylangar degani chilangarni yana suv, quyoshni, nonni anglatadi degan fikrlarni aytishgan. Qadimiy qishloqlarni oxirigacha arxelogik tekshiruvlar olib borilmadi. Bu masjidni tuzatishga, restavratsiya qilishga yordam beraman degan homiylar topiladi, faqat hujjat ishlariga ruxsat berilsa bo‘ldi. Agar bu yodgorlik tuzatilsa unga boradigan yo‘llar ta’mirdan chiqariladi, bir ziyoratgohga aylanadi. Allohning dargohini obod qilaman deganlar ko‘p. Eng yomoni qishloqda masjid qurish maqsadida buni buzishmoqchi bo‘lishgan, xabar topib yetib keldim qishloqqa. Men bu masalani bir necha bor ko‘tardim. Ko‘p mas’ullarga aytdim, birortasi e’tibor qilmadi. Oxirgi marta ko‘rib kelganimdan keyin hatto kasal bo‘lib qoldim. Madaniy yodgorliklar agentligigacha chiqdim. Ular nazoratga olamiz, deyishdi. Ammo hali biron harakat boshlanganini eshitmadik. Kun o‘tayapti, vaqt o‘tayapti, har bir daqiqa uni yo‘qotishimiz uchun katta vaqt hisoblanadi. Odamlarda haliyam masjidni tozalab yuribdi, deya maloamt qilishadi degan qo‘rquv bor. Uning ustini asli qanday bo‘lsa shundayligicha yopish kerak, keyin asta-sekinlik bilan ichi ta’mirlansa bo‘ladi...

Qolgan fikrlar, masjidning bugungi kundagi ahvoli bilan esa video orqali kengroq tanishasiz. Va o‘ylaymizki, bu fojiaga mas’ul tashkilotlar befarq bo‘lmaydi.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring