Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Temir sotib mushuk boqqan qizaloq, o‘rtog‘i uchun maktabga tushlik olib borgan bolakay...

Temir sotib mushuk boqqan qizaloq, o‘rtog‘i uchun maktabga tushlik olib borgan bolakay...

Suratlar internet, ochiq manbadan olindi.

Yaxshilik va olijanoblik. Mana shu ikki iborani ko‘pchilik bir xil ma’noga yo‘yishadi. Ammo... yaxshilikni har bir odam qila oladi, olijanoblikni esa yo‘q. Uning zalvoriyam, yukiyam og‘ir...

Ikkinchi jahon urushida evakuatsiya qilingan bolalarning 16 nafarini asrab olgan Shomahmudovlar oilasi tarixda qoldi. Chunki ular shunchaki yaxshilikmas, olijanoblik qilgan edi. O‘zlari och bo‘la turib, odamlar bir farzandiga non topib berolmagan paytda bir nechta boshqa millatga mansub bolalarning boshini silagani uchun. Ya’ni, bu tom ma’noda olijanoblik edi. Shu qadar katta olijanoblikki, hatto bu voqea o‘zbek xalqining imijini bir pog‘ona balandga ko‘tardi. O‘zbek millati olijanob xalq, degan yaxshi ma’noda yorliq olib berdi.

Bugungi kunda ham butun dunyoda olijanob odamlar bor, millatdoshlarimiz orasida ham.

Ijtimoiy tarmoqlarda Behzod Abdurahmonov yozayapti:

«Ko‘p qavatli uyda turaman. Mavzemizga kiraverishda, «Shifokorlar shaharchasi»ning kichik bozorchasi bor. O‘zi kichik bozor bo‘lsa-da, birlamchi ehtiyoj mahsulotlarining barchasi mavjud. Shu bozorcha kiraverishida ikki ayol pishgan jo‘xori sotadi. «Oltin tepa» tarafdan har kuni ikki qop makkajo‘xori olib kelib, tirikchilik qilishadi. Oftobdan qoraygan, mehnatdan, og‘ir-og‘ir qoplarni ko‘taraverib dag‘allashgan munis ayollar. Ularning biri, o‘zimizning jaydari, ikkinchisi golland navli jo‘xori sotadi. Ikkovining ham o‘ziga yarasha mijozlari bor. Kuniga ko‘p pul topmasa ham, harna qora qozonni qaynatishga ko‘mak.

Farzandlarim makkajo‘xorini yaxshi ko‘rishadi, kunda bo‘lmasa ham 3-4 kunda bir uyga albatta makkajo‘xori olib kiraman. Oxirgi 10 kunlar chamasi, ayollarning biri ko‘rinmay qoldi. Bu orada, jaydari makkajo‘xori sotuvchi ayoldan nafaqat men, ko‘rinmay qolgan yana bir sotuvchining boshqa mijozlari ham oldi. Ayolning daromadi ham avvalgi kunlarga nisbatan oshgani tabiiy. Bugun, golland jo‘xorilarini sotadigan ayol yana savdoga chiqibdi, bir chetda o‘tirib savdo qilyapti. Salomlashib, ko‘rishib, «opa bormisiz, farzandlarim golland jo‘xorilaringizni sog‘indi, nega ko‘rinmay qoldingiz» deb so‘radim.

Ular kulib, «eh uka, meni jo‘xorim golland navli, yumshoqroq, sal qimmat bo‘lsa-da tez sotiladi. Sherigimniki jaydari, shirin bo‘lsa ham sal qattiqroq, shunga sotilishi kamroq. Daladan qatnaymiz, qoraqozon, tirikchilik... Hammamizning dardimiz bir... Bizning uyda ikkita sigir bor, sutini sotaman, jo‘xorini yon fermadan olib, pishirib sotaman, bolalar yeyman deydi, xullas amallab yashayapmiz.

Sherigimning tirikchiligi esa faqat shu jaydari jo‘xoridan, u to‘y boshlab qo‘ygan, men-ku 10 kun sutimni sotsam kunim o‘tadi, unga boshqa yordam bera olmasam, hech bo‘lmasa, shu yordam bo‘lsin, men yo‘g‘imda ko‘proq jo‘xori sotib, ko‘proq pul topsin deb chiqmadim, unga esa mazam bo‘lmadi, deb qo‘ya qoldim...»

Halollikka qurilgan savdo va iymon to‘la qalbni shu ayolda ko‘rdim va o‘zimni sarhisob qilib, o‘zimga-o‘zim achindim…».

Keling, bu ayol sherigiga shunchaki yaxshilik emas, olijanoblik qilganini tahlil qilamiz.

U sherigi to‘y uchun ko‘proq pul ishlasin, deb o‘zining daromadidan bir necha kunga bo‘lsa-da voz kechayapti, ikkinchi tomoni esa o‘sha qilgan yaxshiligini aytmagani, aynan aytmagani, mazam bo‘lmadi, deb yolg‘on gapirib qo‘ya qolgani OLIJANOBLIK.

Nimagadir ijtimoiy tarmoqlarda, real hayotda zo‘ravonlikka oid xabarlar, voqealar, biror rahbarning ishdan olinishi, poraxo‘rlar haqidagi axborotlar qizg‘in muhokama qilinadi. Lekin bir insonning OLIJANOBLIGI haqidagi voqealar e’tibordan chetda qoladi, vaholanki, aynan shunday olijanob odamlar ko‘paysa zo‘ravonlik, poraxo‘rlik, birovning haqidan qo‘rqish kamayadi. Ya’ni, bunday odamlar jamiyatning tuzalishi uchun yangi qon.

Yaqinda Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani Yoshlar ishlari agentligi kutubxona ochgan qiz haqida tayyorlagan rolik meni juda ta’sirlantirdi. Unda imkoniyati cheklangan qiz qishloqda kitob o‘qish uchun cheksiz imkon yaratibdi, ya’ni besh yil kasalxonaga bormay, davolanishdan voz kechib puliga kitob sotib olibdi.

Olijanob qiz tufayli qishloqda bir ajoyib kutubxona paydo bo‘ldi. Videoning boshidayoq Nargizaning bir gapi o‘ziga rom qildi, «nimaga faqat men kitob o‘qishim kerak, boshqalar ham kitobdan bahramand bo‘lishi kerak. Qarasam ota-onalar o‘zi bilan o‘zi, bolalar qarovsiz qolayapti...».

Agar Nargiza kitob o‘qimaganda bolalar ota-ona nazoratisiz, qarovsiz qolayotganini his qilarmidi? 

Besh yil davolanishi kerak bo‘lgan pulini kitob yig‘ish uchun sarflaganini esa istar-istamas aytib berdi. U kitobni yaxshi ko‘rmaganida shunaqa OLIJANOB bo‘la olarmidi?

Nargizaning o‘zi aytganidek avvalo, uning ota-onasiga rahmat, biron marta boshingni og‘ritma, kitob olish o‘rniga davolanishing kerak, deb malomat qilmaganiga, demak uning ota-onasi ham olijanob odamlar.

Shunday paytda ko‘nglingiz yanada yorishadi, axir atrofimizda hali ezgulik qila oladigan va ularga tirgak bo‘la oladigan yoshlar ko‘p, judayam ko‘p...

Tasavvur qilayapsizmi, bu qishloqda kitob o‘qiydigan bolalarning ko‘payishini, onalarning dunyoqarashi oshishini...

Olijanoblik nima, degan savolga yaqin-yaqingacha javob qidirardim. Va voqealarni tahlil qilish asnosida javob topdim: olijanoblik bu odamlar uchun, millat uchun o‘zingdan kechish. Yaxshilikni har kim qila oladi dedik, ya’ni siz o‘zingizdan pulingiz ortsa muhtojga bera olasiz, uyingizdagi ortiqcha narsangizni bera olasiz, yo‘lda ketayotgan keksa odamning sumkasini yosh bo‘lganingiz, kuchingiz yetgani uchun ko‘tarishasiz, ya’ni yaxshilikni qila olasiz har doim, ammo olijanoblikni emas. Olijanoblik bu: ehtiyojmandga o‘zingiz uchun asrab qo‘ygan oxirgi pulni bera olish, cho‘kayotgan jonzotni suzishni bilmasangiz ham qutqarishga harakat qilish,

yaqin do‘stingizga jigar ko‘chirib o‘tqazish kerak bo‘lsa ikkilanmay jigaringizning bir parchasini bera olish...

Ko‘chamizning boshida temir-tersak sotib oladigan joy bor. Yaqinda ikki nafar kichkina qizaloq qo‘llarida temirlar bilan tarozibon amakining boshini qotirayotgan ekan. O‘sha yerda biroz transport kutib qoldim, temir oladigan amaki qizlarga nimadir dedi, qizlar ham nimadir dedi... Keyin amakining ovozi uzuq-yuluq eshitildi, olib kelgan temiring 6 ming bo‘ldi, men senga 10  ming beraman, seniki 8 ming bo‘ldi, sengayam 10 ming beraman, yaxshi qiz ekansanlar, dedi. Keyin men qizchalarni kuzatishda davom etdim. Ikkalasi pulni olib o‘sha yerdagi do‘konga kirib ketishdi. Men o‘yladim, hozir shirinlik olib chiqsa kerak deb, darvoqe qo‘llarida rangli qog‘ozda nimadir bor edi. Ularni kuzatishda davom etdim. Shunda qizaloqlar, o‘sha yerda burchakda o‘tirgan kattaroq mushuk bolasiga ovqat berayotganiga ko‘zim tushdi. Qizaloqlar mushukni ovqatlantirish uchun temirlarni sotgan ekan. Mana bu ham olijanoblik, otasi bergan tayyor pulga mushukni ovqatlantirganda shunchaki yaxshilik deb o‘ylagan bo‘lardim, yo‘q ular mushukni ovqatlantirish uchun «ishlashdi» – ya’ni temir yig‘ib sotishdi.

Olijanoblik boshqa xalqlarda qanday talqin qilinishiga qiziqib ma’lumot qidirdim. Ammo birorta jo‘yali javob topa olmadim, ya’ni o‘zbek tilidek jarangdorini ko‘rmadim – O-L-I-J-A-N-O-B-L-I-K. Har xil ma’nolarda qo‘llanilgan edi. Yo‘q baribir men olijanoblik insoniylik demoqchi bo‘ldim, undanam balanddek tuyuldi, insoflilik demoqchi bo‘ldim yo‘q undanam balanddek tuyuldi...

Dunyo bo‘ylab olijanob odamlar haqida ko‘plab hikoyalarni o‘qidim.         

Amerikalik Osette Durand o‘g‘li Dilanga doimo maktabga ikki kishilik ovqat berib yuborgan. Ovqatning bittasini o‘g‘li kambag‘al do‘sti uchun olib borgan. Dilanning bu ishidan xabar topgan maktabning voleybol jamoasi a’zolari unga 400 dollar xayriya qilishdi. Ammo Dilanning oilasi bu pullarni o‘zlari uchun ishlatmasdan boshqa kambag‘al maktab o‘quvchilarining tushliklarini shu mablag‘lar hisobidan to‘lashga qaror qildi, shunda ular ham hamma bilan teng ravishda oshxonada ovqatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Amerikalik politsiya xodimi Lourens de Prim sovuq kunda nafaqat oyoq kiyimi, balki oyog‘ida paypoq ham bo‘lmagan uysiz odamni ko‘chada ko‘rib qoldi. Yalangoyoq odam bilan gaplashgandan so‘ng, Lourens oyoq kiyimining o‘lchamini bilib oldi, va  eng yaqin do‘konga borib, unga paypoq va etik sotib oldi. Keyin Lourens oyoq kiyimlarni ehtiyotkorlik va mehr bilan o‘sha odamga kiygazib qo‘ydi.

Kerol Sakman umuman mashhur shaxs emas, balki oddiy badavlat amerikalik ayol. Bir kuni u Manxetten bo‘ylab sayr qilib, tasodifan sinish yoqasida turgan o‘yinchoqlar do‘koniga kirdi va barcha o‘yinchoqlarni sotib oldi. Ayol bu o‘yinchoqlarni Nyu-York shtatidagi yetimxonalarga tarqatdi – bir yo‘la ikki karra odamiylik qildi. Do‘kon egasini jar yoqasidan olib qoldi va yetim bolalarni xursand qildi. 

Amerikalik Kenton Li esa keniyalik qanchadan-qancha bolajonlarning oyoqlarini asragan yigit. U Keniyada volonter bo‘lib xizmat qiladi. U bir kuni kichkina qizaloqning oyog‘idagi krossovkalarini ko‘rib qoladi. Oyog‘iga sig‘magan boshmoqchalarning oldi qirqilgan bo‘ladi. Keyin u juda ko‘p bolalarni kuzatadi. Oyoq yalang yurgan bolalarning tovonlaridagi yiringli yaralar, tilingan, shilingan jarohatlar, virus tushgan tuzalmas kasalliklar Kentonni o‘ylantirib qo‘yadi. Afrikalik bolalarning yalangoyoq yurishi ulardagi yetishmovchilik, yo‘qchilik bilan bog‘liqligini tushunib yetadi. Keyin u 2009 yil 5 razmerga kattaradigan, ya’ni o‘sadigan poyabzallarni o‘ylab topadi.

Usti haqiqiy charm, tagi mustahkam rezinadan ishlangan poyabzallar yoniga ham, bo‘yiga ham «o‘sadi». Dastlab ushbu oyoq kiyimlarning 3000 jufti tezda sotilib ketadi. Keyinchalik Kenton juda ko‘p shunday boshmoqchalarni sotib olishga qurbi yetmaganlarga sovg‘a qiladi. Bola bog‘chaga chiqqandan toki maktabni tugatgancha kiyishi mumkin bo‘lgan bu oyoq kiyimlar atigi 30 dollarga sotiladi. Gapning qisqasi, Kenton yaratgan kashfiyot millionlab bolalarning hayotini yaxshilaydi, taqdirini o‘zgartiradi...

Olijanoblik ana shunday kuchga ega – insonning taqdirini, hatto dunyoni o‘zgartirishga qodir.

Men ham ilk bor dunyo qo‘rqinchli joy emasligini angladim. Chunki unda bizga kerak bo‘ladigan quyosh taftidan ham issiq – olijanoblik bor.

                                                                                                                                   Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring