Prokuror yordamchisi va MIB xodimi qo‘lga olindi

Buxoro prokuror yordamchisi va Xorazmda MIB xodimi ushlandi.
2024-yilning iyun oyida Jondor tumani prokuraturasi tomonidan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 2024-yilning noyabr oyida mazkur tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan oylik maoshining 20 foizini ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.
Lekin, sudlanuvchiga og‘irroq jazo turi tayinlanishi lozimligi yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan sud hukmiga nisbatan kassatsiya protesti kiritiladi.
Vaziyatdan xabardor bo‘lgan Jondor tumani prokurorining katta yordamchisi fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan dastlabki instansiya tomonidan chiqarilgan hukmni sudya orqali o‘zgartirishsiz qoldirish evaziga 3 ming AQSh dollari talab qilib, dastlab 500 AQSh dollari oladi.
Ammo, u qolgan 2500 AQSh dollarini Buxoro shahrida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Urganch shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Majburiy ijro byurosining Xorazm viloyati boshqarmasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot sho‘’basi katta surishtiruvchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Shovot tumanida yashovchi fuqaroni vakolatli hamkasblari orqali MIB tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 1800 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter