Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amir Olimxonning shaxsiy shifokori: olomon uni toshbo‘ron qilib o‘ldirgan

Amir Olimxonning shaxsiy shifokori: olomon uni toshbo‘ron qilib o‘ldirgan

Tarixiy manbalardan amir Sayyid Abdulahadxonning to‘ng‘ich o‘g‘li – Buxoro amiri Sayyid Olimxon umrining oxirini og‘ir xastalikda – ko‘zi ojizlikda o‘tkazgani ko‘pchiligimizga ma’lum. Bu haqda «Xabar.uz» da e’lon qilingan «Men qashshoqlikdan sadaqa so‘rab yurgan gado emas, Vatan gadosiman...» — Vatan, deya vatansiz qolgan Buxoro amirining armoni» maqolasida ham qayd etib o‘tilgan edi.

Maqola e’lon qilingach, haqiqatan ham Buxoro amiri umrining so‘ngini og‘ir xastalikda o‘tkazgani, uning shaxsiy shifokori ham borligi xususida bir nechta tarixchi olimlardan munosabatlar keldi. Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, amirning asosiy shaxsiy shifokori rus millatiga mansub ayol bo‘lgan.

Ma’lumki, Buxoro amirligida oliy hukmdor – amir xizmatida juda ko‘plab lavozim va mansab egalari turishgan. Amirning kun tartibi, ibodat vaqti, ilm va qiroat soati, xavfsizligi barobarida sog‘ligi masalasi ham asosiy e’tiborda bo‘lgan. Shu sababli bu ishga tajribali, har tomonlama zehnli, tib ilmidan chuqur boxabar kishilar tayinlangan. Saroy tabibi sanalgan bunday insonlar zimmasiga «amirning xos shifokori» degan mas’uliyat ham yuklangan. Buxoroda eng mashhur tabibni Hakimcha, deb chaqirishgan. Mullo Qurbon ismli tabib ham mamlakatda ma’lum va mashhur bo‘lgan.

«Mang‘it sulolasining to‘qqizinchi amiri Abdulahadxonning shaxsiy tabiblari orasida rus shifokori Rakitskaya ham bo‘lib, u amir Olimxonga Rossiya imperatori tomonidan hadya etilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u Amir Olimxon huzuriga Rossiya imperatori Nikolay II tomonidan yuborilgan. Lekin, arxiv materiallari uni 1898-1899 yillarda Buxoroga kelganini ko‘rsatadi. U Sankt-Peterburgda saroy teatrining eng go‘zal raqqosasi bo‘lib, taxminan 19 yoshligida amir huzuriga yuborilgan, suluv raqqosa bo‘lish bilan birga, tabobatdan ham xabardor bo‘lgani haqida ma’lumotlar mavjud. Rakitskaya Buxoroda tojiklar orasida «duxtir Sho», «duxturi Shoh»  ya’ni shohning shifokori, ruslar orasida «doxturshax», «doktorsha» nomlari bilan tanilgan», - deydi Shavkat Bobojonov.

Sadriddin Ayniyning «Esdaliklar»ida yozilishicha, Rakitskaya 50 yosh atrofida bo‘lib, yoshlardek kiyingan va pardoz-andoz qilib yurgani uchun 30-35 yoshlar atrofida ko‘ringan. «Duxturshoh» Gavkushon guzaridan uy olgan bo‘lib, uni yevropacha usulda qayta tiklagan. Lekin o‘z uyida hech vaqt kasallarni qabul qilmagan. Boylar va ularning o‘g‘illari «Duxturshoh» uchun foytun yuborishgan, u esa tunda ularning xonadoniga borib davolagan. 

«Dastlabki yillarda Rakitskaya faqat Amir Abdulahadxonni, amaldor va savdogarlarni davolagan. 1901 yilda Buxoroning eski shahridagi rus-tuzem shifoxonasiga, 1903 yilda mazkur shifoxonaning ayollar bo‘limiga mas’ul bo‘lib, mazkur lavozimda 9 yil ishlagan. 1912 yilda faqat boy qatlam vakillariga xizmat ko‘rsatadi, degan ayblov bilan shifoxona rahbari o‘rinbosari lavozimidan ozod qilingan. Buxoro aholisi, quyi tabaqa vakillari, kambag‘allarga e’tibor qaratmagan. Shunday bo‘lsa-da, butun Buxoro aholisi orasida kasallarni yaxshi davolashi bilan mashhur bo‘lgan. Mahalliy aholining talabi bilan uzoq muddatga bo‘lmasa-da, o‘z lavozimida qoldirilgan. 1912 yil kuzidan ayollar shifoxonasiga rahbarlik qilmay qo‘ygan. Mahalliy tilni yaxshi bilgan, tojik tilida erkin gaplasha olgan «Duxturshoh» amir o‘rdasida yuqori mavqega ega bo‘lgan. Ayrim hujjatlarda ko‘rsatilishicha, o‘zini shifokor, deb hisoblagan Rakitskaya yaxshi to‘laydigan boy aholini davolagan. Ularni davolash jarayonida tajribasini oshirib borgan. Mahalliy savdogarlar orasida katta shuhrat qozonishi bilan birga, amir Abdulahadxonning doimiy homiyligida bo‘lgan. Bir joydan ikkinchi joyga amir tayinlagan foytunda, izvoshchi kuzatuvida olib borilgan», - hikoya qiladi Shavkat Bobojonov.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, Amir Abdulahadxon Rakitskayaga qattiq ishonch bildirib, undan tibbiy yordam olib turgan. Hatto, tibbiy yordam ko‘rsatmagani haqida arz qilib, uning ishdan bo‘shatilishini so‘rashganda ham amir Abdulahadning farmoni va qozikalon iltimosi bilan A.S.Lyutshdan Rakitskayaga hech qanday jazo choralarini ko‘rmasligini so‘ragan. Rakitskaya ambulatoriya qabulini sovuqqonlik bilan olib borgan, qabulni erta tugatgan va uzoq qishloqlardan kelgan bemorlarning iltimosiga, umuman, quloq tutmagan. Bemorlar uning qabulida sutkalab kutib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, rus shifokor ayoli Buxoroda qolib, amirning oilaviy shifokori sifatida faoliyat ko‘rsatavergan.  

«Duxturshoh», hatto, mamlakat bosh vaziri hisoblangan Ostanaqul Qushbegini ham davolashni rad etgan. Shuningdek, u ambulator qabullarni kamaytirib yuborgan, faqatgina uyma-uy buyurtmalarga borgan. Uni Mirzo Nasrullo Qushbegi eski lavozimida qolishi uchun qo‘llab turgan.

Buxoroda o‘n-o‘n ikki foytun va besh-olti aravalarga ega Jo‘ra karvonboy, degan kishi bo‘lib, aravakashlari uning xizmatida bo‘lishgan. Jo‘ra karvon ham «Duxturshoh»da davolanib, uning doimiy mijoziga aylangan. Rakitskaya amaldor bilan yaqin do‘st bo‘lgach, undan ingliz egar-jabduqlariga ega ikkita uchqur ot sotib olgan va Jo‘ra karvonning otboqarlari g‘amxo‘rligida uning otxonasida saqlagan.

«Har kuni Jo‘ra karvon «Duxturshoh»ning vaqtiga qarab, soat 3-4 larda otlardan biriga o‘zi, ikkinchisiga chavondozi minib doktorning uyiga borgan. «Duxturshoh» Jo‘ra karvon bilan otga minib, shahardan tashqariga chiqib ketgan va tunda, ya’ni boylar doktor uchun foytun jo‘natadigan paytgacha qaytib keladigan bo‘lgan. Shifokor Penzyakovning ma’lumotiga ko‘ra, Rakitskaya Jo‘ra karvonni davolagani uchun u bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. «Duxturshoh» shahar tashqarisida doim otda yoki foytunda Jo‘ra karvon bilan birga yurgan. Jo‘raning o‘zi o‘nga yaqin foytun va otlarni, xizmatchilarni unga in’om etgan. «Duxturshoh» Amir Olimxon Buxoroni tark etgandan so‘ng ham ushbu shaharda o‘n yilcha istiqomat qilgan emish. Lekin bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, u 1930 yilgacha shaharda yashamagan. 1918 yilning martida Kolesov voqealari paytida xonlikda tatar, rus, jadidlarga qarshi fitna kuchaygan. Rakitskaya Amir Olimxon yashaydigan Moxi Xossaga Jo‘ra karvon bilan qochishni niyat qilgan. Ammo, Sitorai Mohi Xossa saroyi yo‘lida bir guruh diniy ulamolar, olomon tomonidan tosh va tayoqlar bilan urib o‘ldirilgan. Ikkalasi ko‘plab insonlar qatorida talato‘plar qurboniga aylanishgan», - so‘zida davom etadi Shavkat Bobojonov.

Arxiv materiallari va ilmiy adabiyotlardagi ma’lumotlar xronologiyasidan ayon bo‘lmoqdaki, «Duxturshoh» so‘nggi ikki amir – Abdulahadxon va Sayyid Olimxon davrlarida Buxoroda faoliyat yuritgan. O‘ziga yuqori bino qo‘ygani, oddiy xalqni mensimagani, ularning murojaatlariga quloq tutmasligi, faqat badavlat aholi vakillari xizmatiga shoshgani sabab xalq nafrati qurboniga aylangan. Hatto, og‘ir ahvolda jarrohlik stolida amaliyotni boshlash uchun kutib turgan bemorlarga ham bormagan. Homilador ayollarga tug‘ruq yordamlarini ko‘rsatmagan. Oqibatda qahr-g‘azabi oshgan olomon tomonidan jazolangan.

Suhbatdoshning aytishicha, Rakitskayaning amir haramida raqqosalar tarkibida bo‘lgan yoki bo‘lmagani noma’lum.

«Balki go‘zal va maftunkorligi sabab haramga chaqirib turilgandir, ammo, sozandalik san’atidan boxabarligi bizga qorong‘u. Bu borada chuqurroq tadqiqot olib borish, keng qamrovdagi hujjatlar bilan tanishish Rakitskaya faoliyati bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin. Buxoroda Rakitskiydan tashqari, boshqa ko‘plab rus shifokorlari yangi ochilgan kasalxonada faoliyat yuritgan. 1888 yilda Ye.S.Breytman, 1889 yilda I.F.Penzyakov, 1898 yilda Ye.M.Finkelshteyn va farmatsevt P.I.Reyngard shaharga kelib, shifoxonada ishlashgan.  Rus tuzem shifoxonasining ayollar bo‘limida Rakitskayadan keyin S.V.Grachev-Tarnovskiy, Yu.M.Xaitlar rahbarlik qilishgan. Buxoroning Eski shahar qismidagi shifoxona Shayx Jalol darvozasi oldida bo‘lib, unda olti nafar tibbiyot xodimi, xususan – Ye.N.Mendelshvam (bosh shifokor), A.S.Freyk (hamshira), S.V.Metsberg (hamshira, tarjimon) xizmat ko‘rsatgan. Yangi shifoxona esa Bozori cho‘b (o‘tin bozori) ko‘chasida tashkil etilgan», - deydi Shavkat Bobojonov. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring