Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Fotofakt. «O‘gay hudud»dagi ko‘lmaklar

Fotofakt. «O‘gay hudud»dagi ko‘lmaklar

Foto: «Xabar.uz»

Bu – Toshkentning Chilonzor tumani Mirzo Ulug‘bek metrosiga tushish joyi. Har bahoru qishda va kuzda – yomg‘ir yoqqanida shu holat takrorlanaveradi. Ko‘lmak degani yayraydi o‘ziyam! Chegara bilmaydi, oshib-toshadi. Odamlar metrodan chiqib, hu-u-u-v anovi yerlardan aylanib o‘tishga majbur! Yog‘ingarchilik kam bo‘lgandagi manzara bu! Yomg‘ir sharros quyganida ko‘ring! Ulkan ko‘lmakni aylanib o‘tishning ham imkoni qolmaydi.

Bundan birmuncha oldin o‘ng tomondagi binoga «Issiqlik elektr stansiyasi» AJ» ko‘chib kelgan edi. Tashkilotning puli ko‘p ekan, haytovur, kirish joyini rosa tobiga keltirishdi. Mashinalar qum tashidi, boshqa qurilish ashyolari olib kelindi. Ishchilar rosa terlashdi. O‘tish joyi obod, ko‘rkam qilindi, maysalar ekildi, o‘rindiqlar qo‘yildi, chiroqlari ko‘zni qamashtiradigan baland ustunlar saf tortdi, «uchtasi birda» bo‘lmish rang-barang axlat idishlar o‘rnatildi.

Ammo tizzagacha ham kelmaydigan to‘siqning bu tomoni avvalgi holicha qolaverdi. Xuddiki, bu taraf boshqa mamlakatga qarashlidek, o‘gay joydek! Nafsilamrini olib qaraganda, bunda yuqoridagi tashkilotni ayblab ham bo‘lmaydi, birinchidan – uning hududi emas, ikkinchidan – Xudo biladi yo‘lning qolgan qismini binoyiday qilishga mablag‘ qolganmi-yo‘qmi? Uchinchidan va, eng muhimi, buyog‘iga mazkur tashkilot javob bermaydi, tamom-vasslom!..

Endi do‘ppini boshdan olib o‘ylab ko‘raylik. Republikada bunday joylar kam deysizmi? Juda ko‘p. Ammo aksar gigant korxona va tashkilot ham, asosan, kiraverishdagi hududni chiroyli qilib qo‘yadi. Qolgani, ularga desa, «Titanik» bo‘lib ketmaydimi!..

Shu o‘rinda familiyadoshim Musulmon Namozov bir vaqtlar aytib bergan Hindiston taassurotlari yodimga tushadi: «U yerning boylari judayam badavlat. Ikki-uch qavatli dang‘illama koshonalari lol qoldiradi. Ammo bir narsa menga yoqmadi. Ana shu boylar o‘zining ikkinchi qavatdagi uyining derazasini ochadi-da, axlatni ko‘chaga tashlab yuboradi».

O‘zini «elita qatlam» hisoblovchi Hindiston boylari shunday ish tutadigan bo‘lsa, oddiy aholi nima qilarkan, tushunib olavering! Ko‘chadagi chiqindi-axlatlar yig‘ilaverib, oqibati qanday bo‘lishi ma’lum. Shuning uchun ham bu mamlakat iflos, chirkindir balki!..

O‘zbekistonda esa bu yilgi yog‘ingarchilik qurilish, obodonchilikdagi ko‘p kamchilik-nuqsonlarni fosh qildi. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi-da!..

Karikatura: @habikatura

Mirzo Ulug‘bek metrosiga tushish joyidagi ko‘lmakni Chilonzor tumani hokimligi mutasaddilari ko‘rgan bo‘lishsa kerak. Chunki hokimlik bu yerdan uncha uzoq emas, ammo o‘zgarishdan darak yo‘q! Bu yerni tekislab, yomg‘ir yoqqanda suvi oqib ketadigan qilib qo‘yish hech kimning xayoliga kelmaydi. Vaholanki, metrodan turli yoshdagi yo‘lovchilar chiqadi, u yerga tushadi, oralarida bolali ayollar ham, keksalar ham bor. Hokimlik mutasaddilari jiddiy chora ko‘rishsa bo‘lardi.

Biz esa Hamid Olimjon o‘z vaqtida she’rini yozgan, Muhabbat Shamayeva va Nasiba Abdullayeva kuylagan qo‘shiqni sal boshqacha aytib yuraveramiz: «Har bahorda, qishda va kuzda shu bo‘lar takror...»

Ilojimiz qancha!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring