Pokiston Termizda Yevropaga mo‘ljallangan tovarlarni saqlaydigan omborxona qurmoqchi
Pokiston tomoni O‘zbekistonning tranzit xab salohiyatidan foydalangan holda MDH va Sharqiy Yevropaga mo‘ljallangan tovarlarni saqlash uchun Termiz xalqaro savdo markazida (Termez Cargo Center) omborxona tashkil etish rejasini ma’lum qildi.
Bu haqda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev hamda Trading Corporation of Pakistan (TCP) savdo korporatsiyasi (Pokiston) raisi Rafeo Bashir Shah uchrashuvida gap borgan.
«Dunyo» AA bergan xabarda aytilishicha, muloqot chog‘ida davlat zaxiralariga kiruvchi mahsulotlarni xarid qilish mexanizmlari bo‘yicha fikr almashilgan.
Suhbat avvalida TCP raisi, jumladan, tashkilotning faoliyat sohalari to‘g‘risida ma’lumot berdi hamda hukumat topshiriqlaridan tashqari, yangi yo‘nalish sifatida xususiy sektor kompaniyalari buyurtmasiga binoan xorijdan zarur mahsulotlarni xarid qilish amaliyotini sinovdan o‘tkazayotganini bildirdi.
O‘z navbatida, Rafeo Bashir Shah O‘zbekistonning yagona vakolatli organi/tashkiloti bilan zarur mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish borasida «G2G» shaklida muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, mazkur masalalarni atroflicha muhokama qilish uchun 2025 yil mart oyida TCP raisi boshchiligidagi korporatsiya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirishga kelishildi.
Ma’lumot uchun, TCP Pokiston Savdo vazirligi tarkibiga kiruvchi institutsional birlik bo‘lib, hukumat topshirig‘iga ko‘ra davlat zaxiralarini shakllantirish yoki markazlashgan holda xorijga eksport qilish bilan shug‘ullanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter