O‘gay yoxud pushaymonlik girdobi
– Sizga ko‘p marotaba qo‘ng‘iroq qildim. Javob bermadingiz. Shunchaki, siz bilan gaplashmoqchi edim, xolos.
Sizni yaxshi tanimayman. Ijtimoiy tarmoqda «Vijdon bilan yuzma yuz» hikoyangizni o‘qib qoldim. Yozilgan izohlar e’tiborimni tortdi. Chunki, men ham o‘gay onaning qo‘lida katta bo‘lganman. Gapni nimadan boshlashni ham bilmayapman. Buxorolikman, Toshkentda yashayman. Kecha Buxoroga ketgan edim. Bugun qaytyapman. Nurotaning yo‘lida mashinamni to‘xtatdim. Nima bo‘lsa bo‘ldi, deya sizga yozishga qaror qildim. Xohishingiz bo‘lsa, vaqt topsangiz o‘qirsiz.
Menga sakkiz yoshimda onang o‘gay deyishgan. E’tibor bermadim. Chunki, o‘gay nima ekanligini bilmas edim. O‘n ikki yoshimda yana shu so‘zni eshitdim. Lekin, ishonmadim. Onam singillarimdan ko‘ra menga ko‘p mehr berardi.
Otam bizga qattiqqo‘l edi. Lekin, onamning biror marta bizni urib so‘kkanini eslay olmayman.
O‘n besh yoshlarda edim. Otam maktabga keldi. Zarur ishi borligini aytib, meni darsdan olib chiqib ketdi. Qishlog‘imizdagi eski oshxonaning yoniga olib bordi. Kir bo‘lib ketgan o‘rindiq ustida o‘tirgan chiroyli ayol, bizni ko‘rib o‘rnidan turdi. Otam qovog‘ini solib qattiq-qattiq gapirdi.
– O‘n besh yildan keyin kelib, menga erkak qanaqa bo‘lishi kerakligi haqida aql o‘rgatma. Mana, o‘g‘lim. Guldek o‘stirdim. Xech kimdan kam qilmadim. U endi yosh bola emas. Hammasini tushunadigan yoshda.
Xullas, o‘sha kuni bor haqiqatni eshitdim. Bu chiroyli ayol tuqqan onam ekan. Men ikki yoshligimda dadam bilan ajrashgan. Poytaxtda yasharkan. Ikkinchi turmushidan bitta qizi bor ekan.
Negadir, ko‘zida yosh bilan meni o‘pib quchoqlagan bu ayolga ko‘nglim isimadi. Ayol ham buni sezdi.
– Bolam, hali hammasini tushunib yetasan. Sendan hech narsa istamayman. Faqat ora sira qo‘ng‘iroq qilib tur. Maylimi? Raqamimni yozib ol.
Bu g‘alati sahna ham, uning o‘yinchilari ham menga yoqmayotgan edi. Tezroq tugashini, tezroq uyga ketishni xohlardim. Cho‘ntagimdan ekrani darz ketgan eski telefonimni chiqardim.
Ayol sumkasidan yangi telefonni olib menga uzatdi.
– Ol, o‘g‘lim. Telefoning siniq ekan. Bu eng oxirgi markasi. Ishlatib ko‘r.
Sekingina otamga qaradim. Otam o‘sha holatda qovog‘ini solgancha yerga qarab o‘tirardi. U indamagani uchun telefonni oldim. Ayol meni o‘pib xayrlashdi. U ketdi. Undan faqat xushbo‘y atir hidigina qoldi. Otam yur, degandek imladi. Og‘ir qadamlar bilan uyga ketdik. Onam oshxonadan chiqib keldi.
Onamga tikilib qaradim. Undan atir hidi emas, chakkasiga taqib olgan rayhon hidi keladi. Uning tirnoqlarida hech qachon bo‘yoq ko‘rmaganman.
G‘alati hislar ichida edim. Chalpa-chulpa ovqatlanib uyga kirib yotib oldim. Bir soatlardan keyin onam yonimga keldi. Men yaxshi ko‘rib ichadigan ayronni tayyorlab kelibdi. O‘zimni uxlaganga solib oldim. U peshonamdan o‘pdi.
– Ol, bolam. Muzdekkina. Ichib ol. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
Boshqa gapirmadi. Chiqib ketdi.
Maktabni bitirgunimcha tuqqan onam uch marta kelib ketdi. Har kelganida qimmatbaho sovg‘alar olib kelar, cho‘ntagimni pulga to‘ldirib ketardi.
Oxirgi kelganida meni oliygohda, poytaxtda o‘qishim uchun ko‘ndirdi. Otam esa qarshi chiqdi.
– O‘qisang shu yerda o‘qi. Uning yonida nima bor? Boqib katta qilganim uchun javobmi bu? Ketmaysan. Bir kun kelib afsus qilasan.
– Ota men doktor bo‘lmoqchiman. Toshkentda o‘qiyman.
Xullas, oramizda tortishuvlvr boshlandi. Oxiri otam menga qo‘l ko‘tardi. Menga alam qilgani esa,onam tarafimni olmadi. Va o‘sha kuni uydan ketdim.
Maktabda yaxshi o‘qigandim. Oliygohga qiynalmay kirdim. Tuqqan onam ikkinchi turmushidan ham ajrashgan, otasi boshqa singlim bilan birga yashardi. Ular bilan munosabatim yaxshi edi.
Ikkinchi kursda o‘qiyotganimda otam vafot etdi. Janozaga borganimda vijdon azobidan qiynaldim.
Keyin esa boqqan onam va ikki singlimdan uzoqlashdim. Qishloqqa umuman bormay qo‘ydim. Tuqqan onam ularni sudga berib hovlini o‘zimga olishimni uqtirdi. Sud onam va ikki singlimning ulushlarini ham hisoblab chiqib, hovlini uchdan birini menga berishga qaror chiqardi. Menga ajratilgan qismni qo‘shniga sotib bir xalta pul bilan Toshkentga keldim. Tuqqan onam uyimiz bor, bu pulga singlingni uzatamiz dedi.
Oliygohni bitirish arafasida yana bir xatoga yo‘l qo‘ydim. Boqqan onamni to‘yimga aytmadim.
Farzandli bo‘lganimda ham xabar bermadim.
Singlimni uzatganmiz. Lekin, xudoning bergan kuni uyga keladi. Ayolim og‘ir bosiq inson. Singlim bilan oralaridagi nizo meni charchatdi. Bir tarafda diplom ishim, bir tarafda oilaviy muammolar. Uch kun avvalgi janjalda esa onam va singlim asl yuzini ko‘rsatishdi. Avvaliga sekingina tushuntirmoqchi bo‘ldim.
– Singlim, endi yosh bola emassan. Kelishib yashasanglar bo‘lmaydimi? Nega har kuni kelib janjal qilaverasan?
– Voy kelsam o‘zimning uyimga kelyapman. Bu uyni dadam men uchun olgan. Xohlasam oyimchangni ham, bolangni xam senga qo‘shib haydayman. Tushundingmi?
– Nimalar deyapsan. Sening to‘yingga, minib yurgan mashinangga bitta uyning pulini sarfladimku. Oyi, nega indamaysiz?
– Voy, sen nimalar deyapsan? Pulingni minnat qilma. Uyimdan joy berdim. O‘qitdim, boqdim. Seni topgan vaqtimda siniq telefoningdan boshqa xech narsang yo‘q edi. He o‘sha seni... Yaxshilikni bilmagan ko‘rnamak. Yo‘qol uyimdan.
Boshimdan qaynoq suvlar to‘kilib ketdi. Tishlarim orasidan zo‘rg‘a gapirdim.
– Ha, men o‘sha telefonga bolaligimni, baxtimni almashgan ekanman. Afsus...
Xonamga kirdim. Qulog‘im ostida otamning hali afsus qilasan degan gaplari jaranglardi. Yig‘idan ko‘zlari shishib ketgan ayolim yalindi.
– Jon dadasi, ijaraga bo‘lsa ham chiqib ketaylik. O‘qishingiz ham bitdi. Ishlashni boshlasangiz qiynalmaymiz.
– Xo‘p. Sen bolani olib uyingga bor. Ikki-uch kunda hammasini hal qilaman.
Otamning qabrini ziyorat qilish, uzr so‘rash uchun qishlog‘imga keldim. Qabr ustida qancha yotganimni bilmayman. Oyoq saslarini eshitdim. Avvaliga rayhon hidi, keyin onamning ovozi keldi.
– Keldingmi, bolam? Go‘rkov xabar bermasa ko‘rmay qolarkanman.
Shoshilib o‘rnimdan turdim. Onamni bag‘rimga bosdim. Ozib, kichkinagina bo‘lib qolibdi.
– Keldim, ona. Mendek axloqsizni haliyam bolam deysizmi?
– Unaqa dema. Otang bezovta bo‘ladiya. Yur, uyda gaplashamiz.
Uyimiz o‘sha-o‘sha. Ozoda. Hamma narsa joy-joyida. Onam atrofimda girdikapalak to‘xtamay gapirardi.
– Kattang( katta singlim) homilador, kichkinang o‘qishda. Hali zamon kelib qoladi. Kelinni, nabiramni nega olib kelmading?
– Ona, otam haq ekanlar. Afsuslar, pushaymonlar yuragimni yondiryapti.
Onamni tizzasiga boshimni qo‘ydim. Xo‘rligim keldi. O‘ksib yig‘lab yubordim. Hammasini aytib berdim. Onam boshimni silab o‘tirdi.
– Xafa bo‘lma. Hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Seni jo‘natmayman. Shu yerda otangning chirog‘ini yoqib o‘tirasan.
– Bu yerga qayta olmayman. Hovliga qo‘shib vijdonimni ham sotib ketganman. Odamlardan uyalaman.
– U yog‘ini menga qo‘yib ber. Yotib damingni ol, menga oshga urinay.
Qancha uxlaganimni bilmayman. Uyg‘onganimda hovlini odam bosib ketgandi. Singillarim yugurib xizmat qilishyapti. Qo‘shnilar, mahalla ko‘y, hamma to‘planibdi. Qo‘shni amaki yelkamga qoqib qo‘ydi.
– Qaytib yaxshi qilibsan. Qishloqqa doktor juda zarur. Ammo, bir gapni aytib qo‘yay. Ko‘p pul olib kelibsan. Hovlini qaytarib sotib olaman debsan. Bu ishing yaxshi emas. O‘rtada lafz bor. Qolgan hovli ham sizlarga yetadi.
Hayron bo‘lib onamga qaradim. Onam menga qarab kulib qo‘ydi.
Hamma o‘zi bilan ovora bo‘lib turganidan foydalanib, ayolimga qo‘ng‘iroq qildim. Vaziyatni tushuntirdim.
– Onasi, yo‘q demagin. Qishlog‘imiz juda chiroyli. Onam musichadek beozor. Hali yoqtirib qolasan. Bu yerda doktorlarni juda hurmat qilishadi.
– Siz qayerda bo‘lsangiz, biz ham o‘sha yerda yashaymiz, dadasi, – dedi ayolim.
Gapimni tugatishim bilan onam kirib keldi. Qo‘lida ayron. Xonani rayhon isi tutib ketdi.
Xullas, Nurotada, yo‘l chetida, mashinamda o‘tirib bularni yozyapman. Bir narsaga amin bo‘ldim. Boqqan emas, tashlab ketgan o‘gay ekan.
...Qadrdonim, men hamma qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga birdek javob bera olmayman. Bu voqeani kuz oylarida bir ukamiz jo‘natgan ekan. Voqealar juda chalkash yozilgan. O‘rni o‘rniga qo‘yib yozishga harakat qildim. Hikoya qahramoniga bog‘lana olmadim.
Hayotda hamma xato qilishi mumkin. Muhimi, u xatolarni takrorlamaslik.
Hayot juda qisqa. Qalblarni parchalash bizga yarashmaydi.
Sabo Ma’rufjonova facebook sahifasidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter