Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ofitsiantlikdan yuksak darajagacha: Diyorbek Turg‘unboyev faoliyatiga nazar

Ofitsiantlikdan yuksak darajagacha: Diyorbek Turg‘unboyev faoliyatiga nazar

Qiziqarli mehmonxona sohasida har bir voqea-hodisa o‘ziga xos unutilmas bo‘lishi shak-shubhasiz. Bunday holatlarda faqat bir nechta insonlargina o‘zlari uchun belgilangandan ko‘ra ko‘proq ish qilishadi va bu qolganlarda katta taassurot qoldiradi.

Shunday insonlardan biri Diyorbek Turg‘unboyev, u o‘zining mehmonxona sohasidagi o‘n yillik boy tajribasini onlayn innovatsion restoran xizmatchilarini tayyorlash akademiyasiga aylantirdi. Ingliz tilida shakllantirilgan ushbu onlayn akademiya hozirgi vaqtda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Bruklin shahrida o‘z faoliyatini boshlagan.

Mehmonxona sohasidagi dastlabki yillar

Bundan o‘n yil oldin Diyorbek Turg‘unboyevning mehmonxona sohasiga ilk sayohati «FarruxFayz» nomli kamtarona ko‘cha taomxonalaridan birida boshlandi va bu uni g‘ayrat va yuksaklikka intilish bilan to‘yingan mehmonxona sohasiga olib kirdi. Diyorbekning sohadagi dastlabki yillari mijozlar bilan qanday muomala qilish va savdoning nozik tomonlarini o‘zlashtirishga qaratildi — bunda malakali hamkasblarining o‘rni juda katta ekanligi e’tiborga molik. «TashkentPalace» mehmonxonasi uning ilk xalqaro darajadagi mehmonlarga xizmat ko‘rsatish maktabi bo‘ldi. Diyorbek u yerda 2014-yillar arafasida faoliyat yuritdi va bu uning mehmonxona sohasida dunyo kezish va turli xil millatlarning tili, madaniyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini orttirdi. Undagi ingliz tilini bilish darajasi nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning istalgan joyida mehmonxona sohasida o‘z faoliyatini davom ettirishga katta imkoniyat yaratdi.

Ilk xalqaro tajriba

Diyorbek professional faoliyatini 2015 yil Qatar davlatining Doha shahrida joylashgan «WyndhamGrandRegency» nomli besh yulduzli mehmonxonada restoran ofitsianti sifatida boshladi. Bu uning ilk xalqaro darajadagi tajribasiga aylandi. Besh yulduzli mehmonxona ofitsianti bo‘lish juda katta ma’suliyat va shijoat talab qilishini hisobga olgan holda shuni aytish kerakki, Diyorbek u yerda o‘zidan juda yaxshi taassurot qoldirdi. «WyndhamGrandRegency» mehmonxonasida sohaga oid treninglar va yig‘ilishlarda faol qatnashgan Diyorbek o‘zi uchun rahbar hisoblangan insonlar tomonidan berilgan tashakkurnomalar va turli xil faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Doha shahridagi yillari Diyorbek kadrlar bo‘limida administrator (ma’mur) sifatida ishlash uchun trening (ta’lim) oladi. Bunday treninglar va sertifikatlar oddiy restoran ofitsiantining tajribali mehmonaxona ishchisiga aylanishiga mustahkam poydevor bo‘ldi.

2016-yilning kuzida Diyorbek Turg‘unboyev Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida joylashgan «Jumeirah» mehmonxonalar tarmog‘ida ishlash sharafiga muyassar bo‘ldi. «Jumeirah» nomi yelkan shaklidagi hashamatli Burj Al Arab mehmonxonasi orqali hammaga ma’lum. «Jumeirah» nafaqat Birlashgan Arab Amirliklarida, balki butun Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyo bo‘ylab 26 hashamatli mehmonxonalardan iborat jahon darajasidagi mehmonxona tarmog‘i ekanligini hisobga olsak, aynan Diyorbekning uyerda yuzdan ortiq nomzodlar orasidan tanlangani e’tiborli jihatlardan biri hisoblanadi. «Madinat Jumeirah» va Burj Al Arab mehmonxonalaridagi restoranlarda faoliyati uning ortib borayotgan tajribalari orasidagi bebahosi edi. 2017-yili Diyorbek yanvar oyining «eng yaxshilari»dan biri bo‘lib e’tirof etildi. Bu unga bosh ofitsiant bo‘lish uchun ta’lim olishga imkon yaratdi. Trening davomida u nafaqat mijozlar bilan ishlash, balki hamkasblar bilan qanday muomilada bo‘lish bo‘yicha ham bilimlarga ega bo‘ldi. Diyorbek o‘z ustida juda ko‘p ishlash orqali hamkasblariga katta o‘rnak bo‘la oldi va buni uning restoran menejerlari Florian Lay va Husayn Oymaklarning Diyorbek haqidagi fikrlaridan bilib olish mumkin:


TripAdvisor — mehmonxonalar, restoranlar, diqqatga sazovor joylar va sayohatga oid boshqa bizneslar haqida ma’lumot, sharhlar va fikrlarni taqdim etadigan mashhur onlayn sayohat platformasi. U butun dunyo bo‘ylab sayohatchilar tomonidan sayohatlarini rejalashtirish va ko‘rib chiqish uchun keng qo‘llaniladi. Aynan ushbu sayohat platformasida mehmonlarning Diyorbek haqidagi fikrlari juda ham ko‘pligi uning Dubay shahrida ajoyib faoliyat yuritganiga dalil bo‘la oladi:

Garchi Yaqin Sharqdagi o‘ziga xos tajribaga erishishda davom etayotgan bo‘lsa ham, Diyorbekning dunyo kezishga bo‘lgan istagi so‘nmadi va bu uni suzuvchi hashamatli mehmonxona hisoblangan «Silversea Cruises» kompaniyasiga o‘tishga sabab bo‘ldi. «Silversea Cruises» - bu o‘zining samimiy va nafis kemalari bilan mashhur bo‘lgan hashamatli kruiz liniyasi bo‘lib, u o‘zida turli xil yo‘nalishlarda yuqori darajadagi va ekspeditsiya uslubidagi sayohatlarni taklif qiladi. 2018 yilning iyul oyida o‘zining ilk dunyo bo‘ylab sayohatlarini kema bortida turib boshlagan Diyorbek oddiy ofitsiantlik faoliyati uni dunyoning 170 dan ortiq shaharlariga olib borishiga ishonmas edi. Kema hayoti o‘ziga xos qiyinchiliklardan iborat ekanligini inobatga olgan holda shuni aytish kerakki, undagi almashib bo‘lmas tajriba quruqlikdagi tajribalardan o‘n barobar yuqori turadi. Buni eng asosiy sabablaridan biri, undagi ish vaqtlari va faoliyatning xilma-xil ekanligidir. 1994 yilda o‘zining ilk kemasini taqdim etgan «Silversea Cruises» kompaniyasi o‘z bortida haligacha o‘zbekistonlik ishchini qarshilamagandi. Diyorbek kemadagi unutilmas ikki yil davomida 40 dan ortiq turli xil millat vakillari bilan birga mehmonlarga xizmat ko‘rsatdi va bu undagi tajribani yana bir pog‘onaga ko‘tarilganini ko‘rsatib berardi.

2020-yil boshida boshlangan Covid-19 pandemiyasi hamma sohalar qatori mehmonxona sohasini ham chetlab o‘tmadi. «Silversea Cruises» hamma kemalarini Fransiyaning Marsel shahriga jamladi va barcha kema bortida bo‘lgan mehmonlar, xizmatchilarni o‘z uylariga qaytarishga majbur bo‘ldi, shu vaqtda Diyorbek Turg‘unboyev kema bortida qolishi xohlangan 180 ishchidan biri bo‘ldi. Kompaniya tasarrufida jami 9 ta kema, har birida 400 nafardan ortiq ishchilar ishlashgan va qariyb 3600 nafardan ortiq ishchilar orasidan tanlab olingan 180 kishining biri bo‘lish Diyorbek Turg‘unboyev uchun yana bir katta yutuq bo‘ldi. Butun jahon Kovid-19 pandemiyasidan jabr ko‘rayotgan bir davrda Diyorbek o‘zining liderlik salohiyatini ko‘rsatib, o‘zi uchun biriktirilgan 16 nafar hamkasbi bilan birgalikda barcha 9 ta kemani xizmat uchun shay holatda saqlab turdi.

2020-yilgacha to‘plangan tajriba uni Amerika Qo‘shma Shtatlari sari chorladi. Xalqaro tajribaga ega bo‘lgan Diyorbek Turg‘unboyev Qo‘shma Shtatlarda ish topishi qiyin emasligini yaxshi bilardi, lekin uning asosiy maqsadi barcha o‘rganganlarini o‘zida mujassamlashtirgan onlayn akademiya yaratish edi va bu uchun o‘zida turli millatlarni jamlagan Qo‘shma Shtatlar keng maydon yaratib berdi.

Onlayn ofitsiantlar akademiyasini yaratish

«TU Brothers Academy»ning paydo bo‘lishi, restoran sohasidagi yillar davomida ofitsiant tushunchasini faqatgina «ovqat va ichimlik tashuvchi» deb emas, balki unutilmas xotiralar yaratuvchisi darajasiga olib chiqish edi. Puxta rejalashtirilgan onlayn darslar orqali Diyorbekning maqsadi geografik chegara bilmas platforma yaratish va butun dunyo bo‘ylab intiluvchan shaxslarga keng qamrovli ta’lim berish edi. Platformaning arxitekturasi, nazariy tamoyillari va amalda qo‘llashning uyg‘unligini aks ettiruvchi video lavhalar va savol-javoblar darslarni yaxlit butun o‘rganish imkoniyatini yaratib berdi.

O‘zining onlayn darslarini Qo‘shma Shtatlarda slayd ko‘rinishida taqdim qilishda davom etayotgan Diyorbek Turg‘unboyev ushbu onlayn akademiya nafaqat bir xalq yoki millat, balki butun dunyo bo‘ylab tarqalib, mehmonxona sohasining rivojlanishida o‘z hissasini qo‘shadi, degan umidda.

Nizomjon Islomov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring