Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda o‘zbek-yapon do‘stligi ramzi bo‘lgan maskan ochildi (foto)

Toshkentda o‘zbek-yapon do‘stligi ramzi bo‘lgan maskan ochildi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 30 aprel kuni Toshkent shahrida 1940-yillarda O‘zbekistonda yashagan Yaponiya fuqarolariga bag‘ishlangan xotira muzeyi ochildi. Ma’rifat maskanining ochilishi marosimida O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Yaponiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori, mazkur muzey asoschisi Jalil Sultonov hamda jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Sovet Ittifoqi qurolli kuchlari tomonidan 25 mingga yaqin yapon fuqarosi zamonaviy O‘zbekiston hududiga surgun qilingan. Ular maxsus lagerlarga joylashtirilgan va majburiy mehnat ishlariga jalb qilingan. Mashaqqatli mehnat tufayli ularning 812 nafari vafot etgan va O‘zbekiston bo‘ylab qabristonlarga dafn qilingan.

Tarix fani shaydosi bo‘lgan Jalil Sultonov mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin taqdir shamoli O‘zbekistonga keltirib tashlagan yaponlarga oid hujjat va manbalarni yig‘a boshlagan. Shu tariqa u 1998 yili o‘z mablag‘i hisobidan hovlisida Yaponiyalik intern qilingan shaxslar muzeyini tashkil qilgan.

1940-yillarda O‘zbekistonda yashagan Yaponiya fuqarolariga bag‘ishlangan xotira muzeyi endilikda yangi bino va yangi nomda faoliyat boshlamoqda.

Ochilish marosimida nutq so‘zlagan Kunchiqar o‘lka elchisi Takashi Hatori ikki xalq do‘stligini yanada mustahkamlashda ushbu muzeyning o‘rni katta ekanini ta’kidladi.

«Muzey rahbari Jalil Sultonovning jonbozligi tufayli ko‘p sonli o‘zbekistonliklar, boshqa mamlakat vakillari, jumladan, Yaponiyadan kelgan mehmonlar muzeyga tashrif buyurib, eksponatlar bilan tanishib, mamlakatlarimiz tarixi bo‘yicha bilimini boyitib kelmoqda. Yapon xalqi nomidan O‘zbekiston hududiga intern qilingan yapon askarlariga oid xotira va materiallarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylagani uchun janob J.Sultonovga samimiy minnatdorlik izhor etaman. Bu insonning ko‘p yillik sa’y-harakatlari tufayli yapon xalqining tarixi va xotirasi saqlab qolindi. Ranglari va shaklu shamoyiliga ko‘ra Yaponiyani yodga soluvchi yangi bino mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning yanada yorqin ramziga aylanmoqda», – dedi elchi Takashi Hatori.

Marosimda elchixona tomonidan muzeyga Andijon viloyati hududidan topilgan «Muqaddas xazina» ordeni topshirildi. Andijonda ham surgun qilingan yapon askarlarining lageri joylashgan. Shunga ko‘ra orden askarlardan biriga tegishli bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Ikkinchi jahon urushidan keyin O‘zbekistonga keltirilgan yapon askarlari Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri, Muqimiy nomli drama teatri, markaziy telegraf va boshqa inshootlar, bino va yo‘llar qurilishida ishtirok etgan. Urush yakunlanganidan keyin yaponlarni o‘z vataniga qaytarish jarayoni boshlangan va u 1956 yilda yakunlangan.

Xotira muzeyida O‘zbekistonda yashagan yaponlar hayotiga oid manbalar, suratlar, buyumlar hamda boshqa qimmatli eksponatlar jamlangan.

Yaponiyalik askarlar xotirasini saqlashdagi xizmatlari uchun muzey rahbari J.Sultonov 2016 yilda Kunchiqar o‘lkaning «Chiqayotgan quyosh, oltin va kumush nurlar» ordeni bilan taqdirlangan. Yaponiyaga safar qilgan J.Sultonovni mamlakatning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Sindzo Abe qabul qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, J.Sultonov 2020 yilda O‘zbekiston prezidenti farmoniga asosan «Mehnat shuhrati» ordeni bilan ham mukofotlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring